
2025-yilda eng ko‘p daromad topgan sportchi kimligi aniqlandi
Futbol, reklama va homiylik shartnomalaridan tushgan katta mablag‘lar mazkur sport yulduzini dunyo reytingida mutlaq yetakchiga aylantirdi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, dunyoda eng ko‘p daromad topgan sportchi sifatida Krishtianu Ronaldu birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda sport biznesi va iqtisodiyotiga ixtisoslashgan Sportico nashri e’lon qilgan reytingda ma’lum qilindi. Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, 40 yoshli futbolchining bir yillik umumiy daromadi 260 million AQSH dollarini tashkil etgan.
Manbada qayd etilishicha, ushbu mablag‘ning asosiy qismi — 200 million dollari Saudiya Arabistonidagi Al-Nasr klubidagi maosh hisobiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 60 million dollar esa reklama shartnomalari, homiylik kelishuvlari, brendlar bilan hamkorlik va maydondan tashqari tijorat loyihalaridan olingan.
Bu ko‘rsatkich Ronalduning nafaqat sportchi, balki global tijorat brendi sifatidagi nufuzini ham yaqqol namoyon etadi.
Reytingda ikkinchi o‘rinni meksikalik bokschi Saul Alvares egalladi. Uning yillik daromadi 137 million dollarga baholangan. Shundan 125 million dollari professional janglardan, 12 million dollari esa homiylik bitimlaridan kelib tushgan. Alvares boks sohasida eng yuqori haq to‘lanadigan sportchilardan biri bo‘lib qolmoqda.
Uchinchi pog‘onadan Argentina terma jamoasi va Inter Mayami futbolchisi Lionel Messi joy oldi. U 2025 yilda jami 130 million dollar daromad qilgan. Bu mablag‘ning 60 million dollari klubdagi maosh, 70 million dollari esa reklama va tijorat loyihalari hisobiga to‘g‘ri keladi.
Top-10 reytingidan beysbolchi Xuan Soto, basketbol yulduzlari Lebron Jeyms, Stiven Karri va Kevin Dyurant, shuningdek, futbolchi Karim Benzema ham o‘rin olgan. Reyting natijalari sport industriyasida maoshlar va homiylik daromadlari yil sain ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.





