
2025 yilda metropoliten orqali 286 milliondan ziyod yo‘lovchi tashilgan
So‘nggi besh yil davomida metropolitendan foydalanuvchilar soni jadal oshib, ko‘rsatkich yetti barobardan ortiq o‘sishni qayd etgan.
© Javhar Chorshanbiyeva2025 yilda metropoliten orqali jami 286,8 million nafar yo‘lovchi tashilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi axborot berdi.
Ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yildagi natija 2024 yilga nisbatan 6,1 foizga yuqori. Yo‘lovchilar oqimining o‘sishi aholi soni ko‘payishi, yangi yo‘nalishlar va bekatlarning ishga tushirilishi hamda shaharda harakatlanishda metroning qulay vosita sifatida tanlanishi bilan bog‘liq.
2025 yilda kunlik o‘rtacha hisobda metropoliten xizmatlaridan 785,6 ming nafar yo‘lovchi foydalangan. Bu esa metro tizimiga tushayotgan yuklama yuqori darajada ekanini, shu bilan birga xizmat sifatini saqlash va infratuzilmani modernizatsiya qilishga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshirayotganini anglatadi.
Ma’lumot uchun: 2020 yilda metropolitendan 38,8 million nafar yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 101,8 million nafarga yetgan. 2022 yilda 136,7 million, 2023 yilda esa 172 million nafar yo‘lovchi tashilgan.
2024 yilda keskin sakrash kuzatilib, metropoliten xizmatlaridan 270,3 million nafar yo‘lovchi foydalangan. 2025 yilda esa o‘sish sur’ati saqlanib, yo‘lovchilar soni 286,8 million nafarga yetgan.





