
2025-yilda O‘zbekistonga 12 millionga yaqin turist tashrif buyurgan
Eng ko‘p sayyohlar soni qo‘shni davlatlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

2025 yilda O‘zbekistonga jami 11,7 million nafar chet el fuqarosi turistik maqsadlarda tashrif buyurgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sayyohlar soni o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 3,7 million nafarga yoki 46,8 foizga oshgan.
2025-yilda O‘zbekistonga eng ko‘p sayyohlar qo‘shni davlatlardan tashrif buyurgan.
Xususan, Qirg‘iz Respublikasidan 3,3 million nafar fuqaro O‘zbekistonga kelgan. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda Tojikiston va Qozog‘iston egallab, har ikki davlatdan 2,7 million nafardan turist tashrif buyurgan.
To‘rtinchi o‘rindagi Rossiyadan kelgan turistlar soni 984,4 ming nafarni tashkil etgan. Shuningdek, Afg‘onistondan 476,7 ming, Turkmanistondan 370 ming nafar sayyoh qayd etilgan.
Osiyo mamlakatlari hissasi ham sezilarli darajada oshgan. Xitoydan 278,9 ming, Turkiyadan 174,9 ming, Hindistondan 80,8 ming va Koreya Respublikasidan 46,3 ming nafar turist O‘zbekistonga sayohat qilgan.





