add

2030 yilgacha o‘zbekistonliklar 50 ta davlatga vizasiz sayohat qilishi mumkin

05.01.2026 | 15:152 daqiqa

O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz sayohat qilishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni bosqichma-bosqich kengayishi rejalashtirilmoqda.

2030 yilgacha o‘zbekistonliklar 50 ta davlatga vizasiz sayohat qilishi mumkin

O‘zbekiston 2030 yilga kelib o‘z fuqarolarining 50 ta davlatga vizasiz sayohat qilishini ta’minlashni maqsad qilmoqda. Bu yo‘nalishdagi rejalar jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgan yangilangan «O‘zbekiston–2030» strategiyasida belgilangan bo‘lib, xalqaro harakatlanishni yengillashtirish va chegaradan o‘tish tartib-qoidalarini soddalashtirishga qaratilgan.

Hujjatga muvofiq, vizasiz davlatlar soni yilma-yil oshirib boriladi. Xususan, 2026 yilda ushbu ko‘rsatkich 37 ta davlatni tashkil etishi kutilmoqda. 2027 yilda vizasiz borish mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni 42 taga, 2028 yilda 45 taga, 2029 yilda esa 48 taga yetadi. 2030 yilga kelib esa maqsadli ko‘rsatkich sifatida 50 ta davlat belgilangan.

Strategiyada faqat vizasiz rejim emas, balki kirish tartibi soddalashtirilgan davlatlar sonini ham oshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur ro‘yxat 2026 yilda 45 ta davlatni qamrab olsa, 2030 yilga kelib 60 ta davlatgacha kengayishi rejalashtirilgan. Oraliq yillarda esa soddalashtirilgan kirish tartibi 2027 yilda 48 ta, 2028 yilda 52 ta, 2029 yilda 56 ta davlatda joriy etiladi.

Mintaqaviy hamkorlik masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Strategik tashqi siyosiy yo‘nalishlar doirasida O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari bilan fuqarolarning ID-kartalar asosida erkin chegaradan o‘tishiga oid kamida uchta kelishuv tuzishni rejalashtirmoqda.

Qayd etilishicha, 2026 yilda shunday ikki kelishuvga erishilgan. Bu tajriba kelgusida hamkorlikni chuqurlashtirish va chegara orqali harakatni yanada qulay qilish uchun asos bo‘ladi. Ushbu choralar O‘zbekiston fuqarolari uchun sayohat, biznes va madaniy almashinuv imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid