Logo

«Afsuski, ilgari avtoturargoh uchun ajratilgan yerlarda biznes markazlar qurilib ketilgan» — poytaxt hokimi

Bugun 12:152 daqiqa

Toshkent shahar hokimi avtoturargoh uchun ajratilgan yerlarda biznes markazlari qurilganini ochiqladi. Endi bunday holatlar takrorlanmasligi uchun masala qat’iy nazoratga olinada.

«Afsuski, ilgari avtoturargoh uchun ajratilgan yerlarda biznes markazlar qurilib ketilgan» — poytaxt hokimi

Toshkentda ilgari avtoturargoh qurish uchun ajratilgan ko‘plab yer maydonlarida biznes markazlar barpo etilgan. Endi bunday holatlar takrorlanmasligi uchun masala qat’iy nazoratga olinmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov «O‘zA»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

200 mingta avtomobil uchun joy

Uning aytishicha, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi bilan hamkorlikda 200 mingta avtomobilga mo‘ljallangan ko‘p qavatli va yer osti avtoturargohlari uchun joylar belgilangan.

Mazkur yer maydonlari bosqichma-bosqich auksionga chiqarilmoqda.

«Afsuski, ilgari avtoturargoh uchun ajratilgan ko‘plab yerlarda biznes markazlar qurilib ketilgan. Bunaqa xatolar takrorlanmasligi uchun bugungi kunda tegishli organlar bilan bu masalani qattiq nazorat ostiga olganmiz», — dedi Shavkat Umurzoqov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchala yo‘nalishni birlashtirgan tamoyil bitta – davlat sharoit yaratadi, investor quradi.

Bunda aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish va jamoat manfaatlarini qat’iy talablar orqali ta’minlash ko‘zda tutilgan.

«15 daqiqalik shahar»da avtoturargohlar ham hisobga olinadi

Shuningdek, hokim «15 daqiqalik shahar» konsepsiyasini amalga oshirishda avtoturargohlar infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyoj ham hisobga olinishini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir turar joy yoki boshqa kompleks bo‘yicha master-rejalar ishlab chiqilayotganda aholi sonidan kelib chiqib, maktablar, bog‘chalar, poliklinikalar, yashil hududlar va avtoturargohlarga bo‘lgan ehtiyoj oldindan hisoblab chiqiladi.

Shundan keyingina qurilishga ruxsatnoma berish masalasi ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Toshkent yo‘llarida har kuni 1 milliondan ziyod avtotransport yuradi

Hokim ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent aholisi 3,1 million kishidan oshgan. Shahar yo‘llarida esa har kuni 1 milliondan ortiq avtomobil harakatlanadi.

Shu sharoitda «15 daqiqalik shahar» konsepsiyasi doirasida aholi uchun asosiy xizmatlarni yashash joylariga yaqin, piyoda yoki velosipedda yetib borish mumkin bo‘lgan masofada joylashtirish maqsad qilingan.

Hukumat bu orqali shahar yo‘llaridagi transport yuklamasini kamaytirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, yangi turar joy va boshqa majmualar qurilishidan oldin ularda qancha avtoturargoh o‘rni zarurligi ham aholi soni va loyihaning hajmidan kelib chiqib hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda pulli parkovka uchun to‘lovni amalga oshirmagan haydovchilarni 824 ming so‘mgacha jarimaga tortish taklif qilingan edi. Biroq bu tashabbus oddiy jarima masalasidan chiqib, davlat vakolatlari, fuqarolik-huquqiy munosabat va jazoning mutanosibligi haqidagi bahsga aylandi.

Teglar

Mavzuga oid