Aholidan 73,9 mlrd so‘mlik «yashil» energiya sotib olindi

Bugun 14:392 daqiqa

2026 yilning birinchi choragida aholiga «yashil» energiya uchun davlat tomonidan 73,9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lab berildi.

Aholidan 73,9 mlrd so‘mlik «yashil» energiya sotib olindi © BMT taraqqiyot dasturi

Joriy yilning dastlabki uch oyida 45,2 ming nafar fuqaro o‘z xonadonlariga o‘rnatilgan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat tarmoqlariga uzatgan. Shu asosda ularga davlat budjeti hisobidan jami 73 mlrd 982 mln so‘m miqdorida subsidiya ajratilgan.

Eng ko‘p to‘lov qilingan hudud

Hududlar kesimida qaralganda, eng katta to‘lovlar Buxoro viloyati hissasiga to‘g‘ri kelib, u yerda aholiga 16,5 mlrd so‘m subsidiya berilgan. Keyingi o‘rinlarda Xorazm viloyati (13,3 mlrd so‘m) va Qashqadaryo viloyati (9,1 mlrd so‘m) qayd etilgan. Bu hududlarda quyosh energetikasidan foydalanish darajasi yuqori ekani kuzatilmoqda.

Subsidiya ajratish

Subsidiya mablag‘larini olish jarayoni ham raqamlashtirilgan. Fuqarolar ushbu to‘lovlarni «Soliq» mobil ilovasi orqali, xususan «Keshbek va imtiyozlar» bo‘limidagi «Quyoshli xonadon» xizmati orqali bank kartasiga o‘tkazib olishi mumkin.

photo_2026-05-01_14-36-03

Manba: Soliq qo'mitasi

Ma’lumot uchun, 2023 yil 1-apreldan boshlab «Quyoshli xonadon» dasturi joriy etilgan bo‘lib, unga ko‘ra fuqarolar tomonidan ishlab chiqarilib, yagona elektr tarmog‘iga uzatilgan har bir kW/h elektr energiyasi uchun 1000 so‘mdan subsidiya to‘lanadi. Bu mexanizm orqali aholi ortiqcha elektr energiyasini davlatga sotish imkoniga ega bo‘lgan.

So‘nggi yillarda ushbu dastur doirasida to‘lovlar hajmi keskin oshgan. Xususan, 2024 yilda fuqarolarga 12 mlrd so‘mdan ortiq, 2025 yilda esa 209 mlrd so‘mdan ziyod subsidiya ajratilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan jami 2 mlrd 368,2 mln kW/h elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 678,1 mln kW/h ga ko‘p bo‘lib, 40 foizlik o‘sishni anglatadi.

Teglar

Mavzuga oid

Aholidan 73,9 mlrd so‘mlik «yashil» energiya sotib olindi | Vaqt.uz