
AQSH Davlat departamenti 2025 yilda 100 ming vizani bekor qildi
Ko‘rsatkich 2024 yilda Jo Bayden prezidentlik qilgan ma’muriyat davrida bekor qilingan vizalar sonidan ikki barobar ko‘pdir.

AQSH Davlat departamenti 2025 yil davomida 100 mingdan ortiq xorijliklarga berilgan vizalarni bekor qildi. Bu ko‘rsatkich AQSHda migratsiya siyosati sezilarli darajada qat’iylashganini anglatadi va oxirgi yillardagi eng yirik qarorlardan biri sifatida baholanmoqda.
Bekor qilingan vizalar orasida taxminan 8 mingta talaba vizasi hamda jinoiy faoliyatda gumon qilinib, AQSH huquq-tartibot organlari tomonidan so‘roq qilingan shaxslarga berilgan 2,5 mingga yaqin maxsus vizalar bor. Davlat departamenti matbuot xizmati bildirishicha, bu choralar mamlakat xavfsizligini ta’minlash va qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan.
Newsweek nashri ma’lum qilishicha, mazkur raqam 2024 yilda Jo Bayden ma’muriyati davrida bekor qilingan vizalar sonidan ikki barobar ko‘pdir. Bu esa amaldagi ma’muriyat yondashuvi avvalgi siyosatdan keskin farq qilayotganini ko‘rsatadi.
Vizalarni bekor qilish va deportatsiya choralari Donald Trampning migratsiya siyosati doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu siyosatga ko‘ra, 12 davlat fuqarolarining AQSHga kirishi cheklangan, yana yetti davlat, jumladan Afg‘oniston, Gaiti, Eron va Yaman uchun qo‘shimcha talablar joriy etilgan.
Shuningdek, Davlat departamenti 25 ta davlat fuqarolari uchun viza olishda 5 ming dollardan 15 ming dollargacha pul garovi talabini kiritdi. Garov mablag‘lari faqat AQSH Moliya vazirligining Pay.gov tizimi orqali qabul qilinadi va viza berilishini kafolatlamaydi. Chora asosan turizm va ishbilarmonlik vizalari bo‘yicha qolish muddatlari tez-tez buzilgan davlatlarga nisbatan qo‘llanilmoqda.
Garov puli talab qilingin davlatlar ichida Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston ham bor. Bunga javoban Qirg‘izistonda AQSH fuqarolari uchun viza rejimini joriy qilish taklif qilindi.





