add

AQSH Rossiyani xalqaro davraga qaytaruvchi «Core 5» guruhini muhokama qilmoqda

Kecha 08:583772 daqiqa

Politico nashrining yozishicha, Vashingtonda AQSH, Xitoy, Hindiston, Yaponiya va Rossiyadan iborat «Core 5» guruhini tuzish taklifi muhokama qilinyapti, bu «G7»ga yashirin muqobil bo‘ladi.

AQSH Rossiyani xalqaro davraga qaytaruvchi «Core 5» guruhini muhokama qilmoqda

Politico yozishicha, AQSHda g‘oyat g‘ayriodatiy taklif — «Core 5» nomli yangi geosiyosiy blokni tuzish g‘oyasi muhokama qilinmoqda. Bu guruhga AQSH, Xitoy, Hindiston, Yaponiya va Rossiya kirishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning mazmuni shuki, «G7»dan farqli ravishda bu formatda Yevropaning o‘rni bo‘lmaydi va u asosan «yirik bozor, yirik demografiya va yirik ta’sir hududi» tamoyiliga asoslanadi.

Maqolaga ko‘ra, g‘oya Donald Trampning dunyoqarashiga juda mos: u xalqaro munosabatlarni ideologiyasiz, balki «ko‘p qutbli dunyoda yirik davlatlar o‘zaro ta’sir hududlarini saqlab qolishi» tamoyili asosida ko‘radi. Bayden ma’muriyatida ishlagan ekspert Torri Taussigning ta’kidlashicha, Yevropa bu formatga kiritilmagani yoqimsiz signal bo‘lishi, hatto «Vashington Rossiyani Yevropada alohida ta’sir markazi sifatida ko‘rishga tayyor», degan xulosa paydo bo‘lishi mumkin.

Defense One xabar qilishicha, mazkur g‘oya AQSHning kengaytirilgan Milliy xavfsizlik strategiyasi loyihasida ham tilga olingan. S5 (Core 5) mamlakatlari — aholisi 100 mln dan yuqori yirik davlatlar — «G7»ga muqobil, dunyo iqtisodiyotidagi yangi qutb sifatida ko‘rilgan. Birinchi kun tartibi sifatida Isroil va Saudiya Arabistoni munosabatlarini normallashtirish ham taklif qilingan.

Shu bilan birga, Oq uy hujjatning muqobil versiyasi mavjudligini rad etdi va Milliy xavfsizlik strategiyasining boshqa, maxfiy nusxasi yo‘qligini ma’lum qildi.

Tramp esa bungacha bir necha bor Rossiyani «G8»dan chiqarishni «katta xato» deb atagan va qaytaga Xitoyni kiritgan holda «G9» formatiga aylantirish haqida gapirgan edi.

RF prezidenti Vladimir Putin yaqinda bergan intervyusida «G7» iqtisodiyoti kuchli bo‘lsa-da, uning global ulushi «yil sayin qisqarib borayotganini» aytdi va Rossiya «G8»ga qaytishi ehtimolini rad etdi. «Core 5» g‘oyasi esa hozircha norasmiy va siyosiy muhokama bosqichida qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid