AQSH va Eron tarangligi: Fors ko‘rfaziga qo‘shimcha aviatashuvchi kemalar yuborilgani aytildi
Xabarlarga ko‘ra, AQSH «USS Gerald R. Ford» kemasini Karib dengizidan Fors ko‘rfaziga o‘tkazishga qaror qilgan.

AQSH Eron bilan munosabatlardagi taranglik fonida «USS Gerald R. Ford» aviatashuvchi kemasi va unga hamrohlik qiluvchi kemalarni Karib dengizidan Fors ko‘rfaziga o‘tkazishga qaror qildi. Bu haqda «The New York Times» nashriga amerikalik to‘rt nafar mulozim ma’lum qildi.
12-fevralda olingan buyruqqa binoan, «USS Gerald R. Ford» avvalroq Yaqin Sharqqa yuborilgan «USS Abraham Lincoln» boshchiligidagi aviasharba guruhiga qo‘shiladi. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, kemalar aprel oyi oxiridan oldin o‘z doimiy portlariga qaytmaydi.
Kemaning jangovar o‘tmishi va Yaqin Sharqdagi yangi kuchlar
«USS Gerald R. Ford» aviatsiya guruhi 3-yanvar kuni Karakasda Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish operatsiyasida ishtirok etgan edi. O‘shanda kema bortida 4 mingga yaqin amerikalik harbiylar va o‘nlab taktik aviatsiya birliklari bo‘lgan.
Avvalroq, «The Wall Street Journal» manbalari yana bir aviatsiya tashuvchi kema — «USS George H. W. Bush» Yaqin Sharqqa joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish haqida buyruq olganini xabar qilgan edi. Hozirda u Virjiniya qirg‘oqlarida bo‘lib turibdi.
Trampning ultimatumi
Kuni kecha AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan bir oy ichida kelishuvga erishishdan umidvorligini bildirdi.
«Biz kelishuv tuzishimiz kerak, aks holda vaziyat juda og‘riqli tus oladi», — deya ogohlantirdi u.
Vashington va Tehron o‘rtasidagi yadroviy kelishuv bo‘yicha so‘nggi muzokaralar 7-fevral kuni Ummon sultonligida bo‘lib o‘tdi. Yakunlarga ko‘ra, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi respublika uranni tinch maqsadlarda boyitishdan voz kechmasligini va raketa dasturini to‘xtatmasligini aytib, oxirgisi «mudofaa masalasi» ekanini ta’kidladi. Tomonlar maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
«Yarim tun bolg‘asi» operatsiyasi
Tramp bir necha bor AQSHni faqat Eronni yadro qurolidan va uni yetkazib beruvchi raketalardan mahrum qiladigan kelishuvgina qoniqtirishini ta’kidlagan. U aks holda respublikani 2025 yil yozidagi «Yarim tun bolg‘asi» (Midnight Hammer) operatsiyasidan ham «ancha kuchliroq» hujum kutayotganidan ogohlantirdi.
Bundan oldin, Erondagi namoyishlarning shafqatsizlarcha bostirilishi fonida, Tramp kuch ishlatish ehtimolini tan olgan edi. U bir necha bor respublika qirg‘oqlariga «Tomahawk» qanotli raketalari bilan qurollangan kemalar «armadasi» yo‘l olayotganini aytgan edi.





