Logo

Avgustda oltin sotilmagani ortidan eksport daromadlari 3,5 barobar kamaydi

Bugun 21:551 daqiqa

O‘tgan yili 9,9 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan oltin eksporti bu yil keskin qisqardi. Ahamiyatlisi, mamlakat yil davomida qimmatbaho metallni faqatgina ikki oyda sotgan.

Avgustda oltin sotilmagani ortidan eksport daromadlari 3,5 barobar kamaydi © Bloomberg

O‘zbekistonda avgust oyida to‘xtatilgan oltin eksporti sentabrda ham davom etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining 2026-yil yanvar–sentabr oylaridagi tashqi savdo bo‘yicha dastlabki hisobotida ma’lum qilindi.

To‘qqiz oyda mamlakat eksporti 25,8 milliard dollarni tashkil etgan. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 5,5 foizga kam.

Eksport hajmining pasayishiga, asosan, qimmatbaho metall yetkazib berishning qisqargani ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga, oltindan tashqari boshqa tovarlar eksportidan tushgan daromad 31,6 foizga oshib, 13,3 milliard dollarga yetgan. Xizmatlar eksporti esa 31,1 foizlik o‘sish bilan 9,71 milliard dollarni tashkil qilgan.

Yanvar–sentabr oylarida oltin eksportidan tushgan jami tushum 2,8 milliard dollar bo‘lgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 9,8 milliard dollarni tashkil etgan edi. Natijada oltin eksporti qiymati bir yil ichida qariyb 3,5 barobar kamaygan.

2026-yilda O‘zbekiston oltinni faqat ikki oy — aprel va iyulda eksport qilgan. Aprel oyida qimmatbaho metall eksporti 1,5 milliard dollar, iyulda esa 1,3 milliard dollarni tashkil etgan. Shundan keyin eksport qayta tiklanmagan.

Taqqoslash uchun, 2025-yil yakunida O‘zbekiston oltin eksporti bo‘yicha rekord natijaga erishgan. Yil davomida qimmatbaho metall yetkazib berish qiymati 9,9 milliard dollardan oshgan.

Teglar

Mavzuga oid