Barro: Fransiya Fors ko‘rfazi davlatlarini himoya qilishga tayyor

02.03.2026 | 18:202 daqiqa

Isroil va AQSHning Eronga zarba berishi bilan boshlangan mojaro tez orada Yaqin Sharqdagi qo‘shni davlatlarga ham tarqaldi. Fransiya esa mintaqadagi arab davlatlarni himoya qilishini e’lon qildi.

Barro: Fransiya Fors ko‘rfazi davlatlarini himoya qilishga tayyor

Fransiya zarurat bo‘lsa, Fors ko‘rfazi davlatlari va Iordaniyani Erondan himoya qilishga «tayyor». Bu haqda bugun, 2-mart kuni Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro ma’lum qildi.

Eron 28-fevral kunidan boshlab AQSH–Isroil tomonidan amalga oshirilgan raketali zarbalar natijasida oliy rahbar oyatulloh Ali Homanaiy halok bo‘lganidan so‘ng, AQSH bazalarini nishonga olayotganini aytib, bir qator Fors ko‘rfazi davlatlariga raketalar va dronlar bilan hujumlar uyushtirdi.

2-mart kuni Fors ko‘rfazi bo‘ylab yangi zarbalar ovozi eshitildi, jumladan Dubay, Doha va Manama shaharlarida. Eron armiyasi Kuvaytdagi AQSH harbiy havo bazasiga hamda Hind okeanidagi kemalarga qarshi hujumlarda 15 ta qanotli raketa qo‘llaganini ma’lum qildi.

«Eron Inqilobiy gvardiyasi raketalari va dronlari tomonidan ataylab nishonga olingan va o‘zlari tanlamagan urushga tortib kiritilgan ittifoqchi mamlakatlarga – Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Iroq, Bahrayn, Kuvayt, Ummon va Iordaniyaga – Fransiya to‘liq qo‘llab-quvvatlash va mutlaq hamjihatlik izhor etadi. Fransiya ularni himoya qilishda ishtirok etishga tayyor», – dedi u.

«Eron raketalarini yo‘q qilamiz»

Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya 1-mart kuni zarurat tug‘ilsa, Fors ko‘rfazidagi o‘z manfaatlari va ittifoqchilari manfaatlarini himoya qilishga tayyor ekanini bildirgandi.

«Eronning ehtiyotsiz hujumlari yaqin ittifoqchilarimizni nishonga oldi va mintaqadagi harbiy xizmatchilarimiz hamda fuqarolarimizga tahdid solmoqda. Biz mintaqadagi o‘z manfaatlarimiz va ittifoqchilarimiz manfaatlarini himoya qilish uchun choralar ko‘ramiz, zarur va mutanosib mudofaa harakatlarini amalga oshirish orqali Eronning raketalar va dronlarini manbaida yo‘q qilish imkoniyatini ishga solishimiz mumkin», – deyiladi ularning qo‘shma bayonotida.

Barroning qo‘shimcha qilishicha, Isroil va AQSHning Erondagi «bir tomonlama» hujumlari xalqaro huquqni qo‘llab-quvvatlovchi organlarda, masalan, Birlashgan Millatlar Tashkilotida muhokama qilinishi kerak edi.

«Har kim o‘z mas’uliyatini o‘z zimmasiga olishi mumkin edi, chunki kuch ishlatish faqat (BMT) Xavfsizlik Kengashi oldiga chiqilgan taqdirdagina zarur legitimlikka ega bo‘ladi», – dedi Barro Parijdagi vazirlikda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga.

Barroning aytishicha, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Iroq prezidenti Abdul Latif Rashid bilan suhbatlashgan va Eronning mojarodan qochishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Barro hozircha fransuz fuqarolari orasida qurbonlar haqida xabar yo‘qligini, mojarodan jabrlangan hududlardan fransuz fuqarolarini qaytarish ishlari imkoniyat tug‘ilishi bilan boshlanishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taxminan 400 000 nafar fransuz fuqarosi Fors ko‘rfazi va uning atrofidagi mamlakatlarda yashamoqda yoki hozirda tashrif buyurmoqda.

Teglar

Mavzuga oid