Besh davlat Rossiyani Navalniyni zaharlashda aybladi
Buyuk Britaniya va yana to‘rt Yevroittifoq davlati Aleksey Navalniy qamoqda epibatidin bilan zaharlanganini bildirib, Moskvani xalqaro konvensiyalarni buzishda aybladi.

Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiya tashqi ishlar vazirliklari 14-fevral kuni qo‘shma bayonot e’lon qilib, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy qamoqxonada zaharlanganini ma’lum qildi. Bayonotda qayd etilishicha, tahlil qilingan namuna natijalariga ko‘ra, u Ekvador zaharli daraxt qurbaqasidan olinadigan o‘ta toksik epibatidin moddasi bilan zaharlangan.
«Epibatidinning toksik xususiyatlari va qayd etilgan simptomlarni hisobga olgan holda, o‘limning ehtimoliy sababi zaharlanish bo‘lgan», deyiladi bayonotda.
Mualliflar Navalniy qamoqda bo‘lgani sababli Rossiyada «vosita, motiv va imkoniyat» mavjud bo‘lganini ta’kidladi.
Shuningdek, bayonotda Moskva Kimyoviy qurolni taqiqlash konvensiyasi va Biologik hamda toksin qurollarini taqiqlash to‘g‘risidagi konvensiyani bir necha bor buzgani qayd etildi.
Kimyoviy qurol ayblovi
Hujjat mualliflari 2020 yil avgustda Navalniyning «Novichok» nerv-paralitik moddasi bilan avvalgi zaharlanishi va 2018 yil Solsberida Sergey va Yuliya Skripallarga qarshi shu modda qo‘llanganini esga oldi.
«Agentstvo» nashri e’tibor qaratgan ma’lumotlarga ko‘ra, «Davlat ilmiy-tadqiqot organik kimyo va texnologiya instituti» saytida epibatidin haqida ilmiy maqolalar mavjud. Ular orasida moddani qonda aniqlash usullari va uning hosilalarini sintez qilishga doir ma’lumotlar borligi aytilmoqda.
Bayonotni imzolagan davlatlarning Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti huzuridagi doimiy vakillari tashkilot rahbariga maktub yo‘llab, Rossiya tomonidan konvensiya buzilgani haqida rasman ma’lum qildi.
Tergov va pozitsiyalar
Navalniy 2024 yil fevralda Xarp posyolkasidagi 3-sonli «Qutb bo‘risi» koloniyasida vafot etgan. Rossiya tomoni uning o‘limi «kombinatsiyalashgan kasallik» oqibatida yuzaga kelgan to‘satdan aritmiya bilan izohlagan edi.
Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya «X» ijtimoiy tarmog‘ida Yevropa olimlari ikki yil davomida namuna tahlili o‘tkazganini yozdi. «Endi dalillar bor: Putin Alekseyni kimyoviy qurol bilan o‘ldirdi», deb yozdi u. «FBK» rahbari Mariya Pevchix ham zahar tasodifan qamoq kamerasiga tushishi mumkin emasligini ta’kidladi.





