Logo

Bog‘cha, kontrakt va oziq-ovqat: sentabrda narx-navoda qanday o‘zgarish bo‘ldi?

Bugun 16:052 daqiqa

2026-yil sentabr oyida tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,7 foizga ko‘tarildi. Yillik inflatsiya 6,4 foizni tashkil etdi. Oy davomida pomidor, bodring, sabzi, tuxum, benzin, propan va ayrim ta’lim xizmatlari sezilarli qimmatladi.

Bog‘cha, kontrakt va oziq-ovqat: sentabrda narx-navoda qanday o‘zgarish bo‘ldi? © sb-cyprus.com

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yillik inflatsiya 2025-yil sentabrdagi 8 foizga nisbatan 1,6 foiz pasayib, 6,4 foizni tashkil etdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari orasida tuxum narxi bir oyda 5,3 foizga oshdi. Suyakli mol go‘shti 1,7 foizga, qo‘y go‘shti 1,3 foizga, suyaksiz mol go‘shti 1,1 foizga qimmatladi. 

Guruch va guruch oqshog‘i narxi 1 foizga, grechka 1,1 foizga ko‘paydi. Xom va qaymog‘i olinmagan sut hamda sariyog‘ narxi 0,8 foizga qimmatladi. Shakar esa 0,9 foizga arzonladi.

Meva-sabzavot narxida o‘zgarish kuzatildi

Pomidor bir oyda 14,2 foizga, bodring 13,5 foizga, sabzi 12,4 foizga oshdi. Bulg‘or qalampiri 4,9 foiz, baqlajon 4,7 foiz va piyoz 2,6 foizga qimmatladi. Sitrus mevalar narxi 12 foizga, uzum 5,7 foizga, olma 2,4 foizga va banan 1,7 foizga pasaydi.

Benzin va propan qimmatladi

Benzinning o‘rtacha narxi bir oyda 1,2 foizga qimmatladi. AI-92 0,7 foizga (bir litri 10,5–17 ming so‘m), AI-95 benzin narxi 4,2 foizga (bir litri 13,5–21,5 ming so‘m), AI-98 va AI-100 0,4 foizga oshdi (bir litri 16,5–28 ming so‘m). Propan esa sentabrda 4,2 foizga qimmatlashgan. Narx chegarasi esa litriga 10 ming so‘mni tashkil etgan.

Yo‘lovchi tashish xizmatlarida ayrim yo‘nalishlarda narxlar pasaydi. Uzoq masofaga qatnaydigan poyezd chiptalari sentabrda 1,6 foizga arzonladi. Kuzatuvdagi aviaqatnovlar bo‘yicha o‘rtacha narxlar 0,9 foizga pasaygan. Kurerlik va posilkalarni yetkazib berish xizmatlari esa sentabrda 3 foizga qimmatlagan.

Ta’lim xizmatlarida narxlar oshdi

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari xizmati uchun to‘lov miqdori o‘rtacha 6,8 foizga ko‘tarilgan. Xususiy maktablar xizmatlari narxi 6 foizga, oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish narxi 6,3 foizga oshdi.

Shuningdek, repetitorlik xizmatlari 1,9 foizga, chet tillarini o‘rganish kurslari 1,8 foizga qimmatladi. Xususiy bog‘chalar xizmatlari narxi ham 1,7 foizga ortdi.

Kommunal xizmatlar ham qimmatladi

Sovuq suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari 2,1 foizga qimmatlagan. Ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish to‘lovlari esa 0,6 foizga oshgan. Ko‘mir 0,3 foizga, o‘tin narxi 0,8 foizga qimmatlagan.

Hududlar kesimida

2026-yil sentabr oyida hududlar kesimida iste’mol narxlari indeksi bo‘yicha sezilarli farq kuzatilmadi. Avgust oyiga nisbatan narxlar eng ko‘p Surxondaryoda 0,99 foizga va Toshkent shahrida 0,82 foizga oshgan. Eng past o‘sish Xorazmda 0,64 foiz va Jizzaxda 0,66 foiz qayd etilgan. 

Andijonda 0,74 foizga, Buxoroda, Samarqand va Toshkent viloyatida 0,70 foizga oshgan. Qashqadaryo hamda Sirdaryoda 0,71 foizga, Navoiyda 0,73 foizga, Namanganda 0,72 foizga, Qoraqalpog‘istonda 0,67 foizga, Farg‘onada esa 0,69 foizga ko‘paygan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–avgust oylarida tabiiy gaz, neft, gaz kondensati va ko‘mir qazib olish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan.

Kamron Hasanov

Teglar

Mavzuga oid