
Bo‘lajak turmush o‘rtog‘ining uyini sotib yuborgan kuyov 9 yilga qamaldi
U faqat nikoh bahonasida qizning oila-a’zolarini emas, boshqalarni ham aldagan.

Bugun, 21-noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek tuman sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida Toshkent shahrida aldov yo‘li bilan qizning hovlisini sotib yuborgan bo‘lajak kuyov 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.
Qayd etilishicha, sud Sh.R. ni (1997 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandida nazarda tutilgan firibgarlik jinoyatida aybdor deb topgan.
Sh.R. 2025 yil 14-maydan qamoqda saqlanib kelgan va ayblov xulosasi nusxasi unga 2025 yil 16-sentabrda topshirilgan. Sud hukmiga ko‘ra, jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘taladi va muddat ayblanuvchi ushlangan sanadan hisoblanadi.
Shu bilan birga, sudlanuvchi Sh.R.dan jabrlanuvchilar J.Yu. foydasiga 3 448 701 208 so‘m, S.S. foydasiga 925 769 852 so‘m va J.A. foydasiga 464.672.126 so‘m miqdorida zarar undirilishi belgilangan. Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, “Katta Oqtepa” MFY, Oqtepa ko‘chasi, 5A/3,4-uy yuzasidan tuzilgan oldi-sotdi shartnomalarini bekor qilish bo‘yicha fuqarolik ish yuritish tartibida murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining ushbu hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqlidir.
Ma’lumot uchun, 2023–2024 yillarda Sh.R.ga nisbatan bir nechta fuqarolarni yirik miqdorda aldash va ishonchni suiiste’mol qilish aybi qo‘yilgan: u J.Yu.dan avto biznes bahonasida 179,3 ming dollar, S.S.dan Mercedes-Benz sotishni va’da qilib 77,7 ming dollar, Z.N. va boshqalardan bir nechta avtoulovlarni sotish bahonasida 110,1 ming dollar olgan va pullarni olganidan so‘ng avtomobillarni topshirmagan.
Shuningdek, A.A.dan 30 dona iPhone 15 Pro Max uchun 39 ming dollar olgan.
Bundan tashqari, 2024 yil avgust oyida Sh.R. nikoh va to‘y bahonasida 1999 yilda tug‘ilgan Sh.A.ning ishonchiga kirib, muammolari borligini aytib uyni vaqtincha garovga qo‘yishni taklif qilgan, keyin esa ushbu uyni bloger va tadbirkor S.K.ga 240 ming dollarga sotgan. Hodisa muhokamaga aylanganidan keyin S.K. uyni bolalar uyiga ehson qilishini bildirgan, ammo Ijtimoiy himoya agentligi uyni topshirishga oid notarial hujjatlar taqdim etilmaganini ma’lum qilgan.





