Cobalt ishlab chiqarilganidan ikki barobar kamroq sotilmoqda
2026 yilning besh oyida O‘zbekistonda 193 mingga yaqin avtomobil ishlab chiqarilgan. Eng ko‘p ishlab chiqarilgan avtomobil esa an’anaviy tarzda hali ham Cobalt bo‘lib qolmoqda.
© vaqt.uz2026- yil yanvar–may oylarida O‘zbekistonda jami 192 893 dona avtomobil ishlab chiqarildi. Shundan 190 480 donasi yengil avtomobillar, 2 413 tasi esa yuk avtomobillari soniga to‘g‘ri keldi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlarda ko‘rish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli 11 foizdan ko‘proqqa o‘sgan. 2025-yilning yanvar-aprel oylarida 173 084 dona avtomobil ishlab chiqarilgandi.
Alohida modellar kesimida qaralganda, eng katta o‘sish BYD'da kuzatildi. Uning ishlab chiqarish hajmi 5 495 donadan 10 120 donagacha ko‘tarildi.
Shuningdek, Haval modeli ham 2 930 donadan 4 038 donagacha ko‘payib, sezilarli o‘sish qayd etgan.
Biroq Cobalt hamon mamlakatda eng ko‘p ishlab chiqarilayotgan avtomobil sifatida yetakchilikni saqlab qolmoqda. Modelning sotuvlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga oshgan, ishlab chiqarish hajmi esa besh oyda 69 302 donani tashkil etdi.
Boshqa modellardan Tracker 18 079 donadan 18 519 donaga, KIA 10 076 donadan 11 128 donaga o‘sgan.
Kamroq ishlab chiqarilgan avtomobillar
Besh oy ichida ayrim modellarda ishlab chiqarish hajmi kamaygani kuzatildi. Jumladan, «Damas» ishlab chiqarish hajmi 38 753 donadan 35 269 donaga tushdi. Onix 16 215 donadan 15 157 donaga, Chery esa 3 362 donadan 3 156 donaga kamaydi. Ushbu avtomobil modellarida so‘nggi besh oydan buyon pasayish kuzatilmoqda.

Manba: Statistika qo‘mitasi
Bozordagi holat
O‘zbekistonda 2026 yilning yanvar–may oylarida 146 361 dona avtomobil sotuvi amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning mos davriga nisbatan 7,7 foizga ko‘proq.
2025 yil yanvar–may oylarida UzAuto Motors'ning bozorda sotilgan avtomobillardagi ulushi 55,9 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 47,1 foizgacha pasaydi.
Ya’ni bozorda UzAuto Motors hukmronligi sekin-asta yo‘qolib bormoqda. Biroq, yaqqol yetakchilik hali ham saqlanib turibdi.
2026 yildan boshlab UzAuto Motors foydasi pasayishni ham boshlagan. Kompaniya sof foydasi uch oy ichida 648,3 mlrd so‘mni tashkil qildi. Bu 2025 yilning mos davridagi foyda — 771,9 mlrd so‘mdan 16 foizga kamroq.
Bundan tashqari, Chevrolet brendi ostida sotilgan avtomobillari ulushi so‘nggi bir yilda 82,3 foizdan 78,4 foizgacha kamaydi. Chevrolet brendining sotuvi 80 foizdan pasayishi O‘zbekistonda birinchi marta sodir bo‘ldi.
Cobalt hamon eng ko‘p sotilgan avtomobil modeli sifatida o‘z o‘rnini saqlab turibdi. Shunga qaramay, sotuvlar o‘tgan yilga nisbatan 35,4 foizga kamayib, 35 245 donani tashkil qildi.
Ma’lumot uchun, UzAuto Motors Cobalt uchun «Ipotekabank» orqali yillik 21 foiz stavkada, 30 foiz boshlang‘ich to‘lov bilan avtomobilni sotib olishni taklif qilmoqda.
Damas sotuvi 32,3 foizga o‘sib, qariyb 30 mingtaga yetgan bo‘lsa, Onix sotuvi 132 foizga keskin ko‘paydi va 16,5 mingtaga yetdi.
Onix va Damas modellari sotuvi sezilarli oshishiga avtokonsern va banklar o‘rtasidagi shartnomaga asosan foizsiz avtokreditlar taqdim qilinayotgani turtki bo‘lmoqda.





