Logo

Davlat shifoxonalaridagi xizmatlar xususiy sektorga 10 yilgacha autsorsingga beriladi

Bugun 21:122 daqiqa

1-yanvardan boshlab O‘zbekistondagi davlat tibbiyot muassasalarida tibbiy va yordamchi xizmatlarni xususiy sektordan autsorsing asosida xarid qilishning yangi tartibi joriy etiladi.

Davlat shifoxonalaridagi xizmatlar xususiy sektorga 10 yilgacha autsorsingga beriladi © Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida sohada xususiy sektor ishtiroki yanada kengaytiriladi. Bu haqda 2026 yil 4-noyabrda qabul qilingan «Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishda xususiy sektor ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, 2027 yil 1-yanvardan sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha uzoq va qisqa muddatli master reja (Master reja) asosida davlat va xususiy sektor ishtirokidagi quyidagi mexanizmlar joriy etiladi:
 
• tibbiyot sohasiga xususiy sektorni tegishli hududda tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj hamda davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining mavjud quvvatlarini inobatga olgan holda jalb qilish;
 
• davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordamni ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan tibbiyot muassasalarini davlat tasarrufida saqlash hamda ularning quvvatlarini aholining tibbiy xizmatlarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojiga mutanosib ravishda rivojlantirish;
 
• faoliyatining samaradorligini oshirish, ilg‘or boshqaruv tajribasi va zamonaviy klinik texnologiyalarni joriy etish zarur bo‘lgan alohida tibbiyot muassasalariga professional boshqaruvchilarni jalb qilish va boshqalar.
 
2027 yil 1-yanvardan davlat tibbiyot muassasalarida (tibbiyot muassasalari) tibbiy va yordamchi xizmatlarni xususiy sektordan autsorsing asosida xarid qilishning yangi tartibi joriy etiladi. Bunda:
 
• autsorsing shartnomalari xizmatning xususiyati va autsorser tomonidan kiritiladigan investitsiyalar hajmidan kelib chiqib, 5 yilgacha muddatga tuziladi;
 
• alohida hollarda investitsiyani qoplash muddatidan kelib chiqib, istisno tariqasida, Sog‘liqni saqlash vazirligi xulosasi asosida autsorsing xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar 10 yilgacha muddatga tuzilishi mumkin.
 
Qayd etilishicha, yangi tartib joriy etilgunga qadar muddati tugaydigan joriy autsorsing loyihalarini 2027 yil yakuniga qadar davom ettirishga ruxsat beriladi.

Teglar

Mavzuga oid