Dollarning qaytishi: Rossiya va AQSH iqtisodiy aloqalarni tiklamoqchi

18.02.2026 | 22:004 daqiqa

Kreml Oq uyga iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni taklif qilmoqda. Xususan, Rossiya AQSH bilan hisob-kitoblarda dollarga qaytishga tayyor. Ushbu qadam dunyo moliya tizimiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Dollarning qaytishi: Rossiya va AQSH iqtisodiy aloqalarni tiklamoqchi

Hamkorlikdan umidvorlik

«Bloomberg» agentligining ma’lum qilishicha, Kreml Donald Tramp ma’muriyati bilan iqtisodiy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha memorandum tayyorlagan. Agentlik Rossiyaning yuqori lavozimli mulozimlari orasida tarqatilgan hujjatga tayangan holda bu xabarni bermoqda.

Unda Moskva va Vashingtonning iqtisodiy manfaatlari mos keluvchi yettita yo‘nalish bayon etilgan. Ulardan biri — uzoq muddatli aviatsiya shartnomalaridir. Ushbu kelishuvlar doirasida Rossiya aviaparkini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlarning samolyotsozlik sohasidagi ehtimoliy ishtiroki ham ko‘rib chiqilyapti.

Memorandumning ikkinchi bandi neft va suyultirilgan tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tuzishga oid. Shu bilan birga, AQSHning avvalgi investitsiyalari va ularning o‘tmishdagi zararlarini qoplash imkoniyati ham inobatga olinadi.

Uchinchi band — Rossiya bozoriga qaytishni istagan Amerika kompaniyalari uchun imtiyozli shartlar yaratib berish. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir yo‘nalishi yadro energetikasidir. Xususan, sun’iy intellekt bilan bog‘liq loyihalar ham shular jumlasidan. Bundan tashqari, hujjatda xomashyo, jumladan, litiy, mis, nikel va platina kabi nodir metallar bo‘yicha hamkorlik qilish taklif etilgan.

1

Memorandumda alohida band sifatida qazib olinadigan yoqilg‘ini «iqlim ideologiyasi»ga muqobil sifatida birgalikda ilgari surish masalasi qayd etilgan.

Hujjatning moliyaviy jihati — AQSH va Rossiya o‘rtasidagi hisob-kitoblarda, jumladan, energiya resurslari savdosida dollar tizimiga qaytishdir.

«Bloomberg»ga ko‘ra, bunday qadam avvalgi siyosiy yo‘nalishning keskin o‘zgarishiga olib keladi. Agentlikning ta’kidlashicha, bu jahon moliya tizimiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Bu sir emas

Rossiya AQSHga iqtisodiy hamkorlikni taklif qilmoqda va bu hech qanday sir emas, deb bayonot berdi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

«Bloomberg xabarida bayon etilgan ushbu ma’lumotlar ancha aniq va tushunarli holatdir. Albatta, biz hamkorlik taklif qilyapmiz. Tabiiyki, ikki mamlakat kompaniyalari bundan manfaatdor bo‘lishi mumkin — mana sizga qo‘shma korxonalar uchun asos», — deya qayd etdi Kreml vakili.

Peskov, shuningdek, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi hisob-kitoblarda «yashil valuta»ga qaytish ehtimolini ham istisno qilmadi.

«Agar dollar jozibador bo‘lsa, albatta, hamma undan foydalanishga qaytadi», — dedi Vladimir Putinning matbuot kotibi.

Shu bilan birga, u Moskva Amerika valutasidan o‘z ixtiyori bilan voz kechmaganini alohida ta’kidladi. Cheklovlar tashabbuskori Vashington bo‘lgan va bunday sharoitda muqobil to‘lov shakllariga o‘tishga majbur bo‘lingan.

Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, dollardagi tranzaksiyalarni tiklash texnik jihatdan mumkin. Biroq Amerika valutasi endi yangi bozor sharoitlariga duch keladi.

Dollar dunyoda tobora keng qo‘llanilayotgan muqobil pul birliklari va milliy valutalar bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi, dedi Peskov.

Ayni paytda Rossiya Banki eksport hisob-kitoblarida dollarga qaytish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etmayotganini ma’lum qildi.

«AQSH bilan munosabatlarning ehtimoliy rivojiga kelsak, biz Markaziy bank sifatida, har holda hozircha, bu jarayonda qatnashmayapmiz», — dedi Rossiya regulyatori raisi Elvira Nabiullina Markaziy bank direktorlar kengashi yig‘ilishi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

2

Dollarsiz imkon yo‘q

Vladimir Putinning ta’kidlashicha, Rossiya «de-dollarizatsiya siyosati»ni yuritayotgani yo‘q.

«Biz dollardagi hisob-kitoblardan voz kechganimiz yo‘q, bizga hisob-kitob qilishni taqiqlab qo‘yishdi va biz shunchaki boshqa imkoniyatlarni qidirishga majbur bo‘ldik», — dedi Rossiya prezidenti 2024 yilgi Sharqiy iqtisodiy forumning yalpi majlisida.

Shu tariqa, 2023 yilda Putin hukumatga «do‘st» mamlakatlar bilan milliy valutalarda savdo qilish hajmini oshirishni topshirgan edi. Masalan, so‘nggi uch yil ichida Xitoy bilan savdo aloqalarida milliy valutalarning ulushi 99,1 foizga yetdi. Rossiya eksportida yuan 34,5 foizni egallagan bo‘lsa, rubl ulushi 40 foizdan oshdi.

«Bu raqamlar — majburiy moslashish natijasidir, biroq ular ayni paytda real imkoniyatlarni ham ko‘rsatib turibdi. Hozirda dollar tizimiga qaytish uchun imkoniyat tug‘ilmoqda. Global moliyaviy arxitekturadan uzilib qolish uzoq muddatli istiqbolda manfaatli emas», — dedi «Goldman Agency» aloqa agentligi hamkori Ahmed Yusupov TRT nashriga bergan intervyusida.

Gap shundaki, dollar hali-hamon global moliya tizimida hal qiluvchi rolni saqlab qolmoqda. Uning jahon zaxiralaridagi ulushi 57,4 foizni tashkil etadi. Yuan esa bor-yo‘g‘i 2 foizlik ulushga ega.

«Amerika valutasi xalqaro hisob-kitoblarning asosiy vositasi bo‘lib qolmoqda. Muqobil valutalarga o‘tish sanksiyalar sharoitida omon qolish masalasini hal qildi, biroq kurslarning beqarorligidan tortib, logistika xarajatlarigacha bo‘lgan yangi qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Agar bir vaqtning o‘zida dollar, yuan va rublda ishlash imkoniyati paydo bo‘lsa, bu biznes uchun harakat erkinligini kengaytiradi va tranzaksiya xarajatlarini kamaytiradi», — deya qo‘shimcha qildi Ahmed Yusupov.

3

Asosiy masala — shartlarda

AQSH bilan savdo-sotiqda dollardan foydalanish milliy valutalarga o‘tish tamoyiliga zid kelmaydi, deb bayonot berdi Dmitriy Peskov.

«Bunday qadam, aksincha, Rossiya teng huquqlilik sharti asosida barcha bilan ishlashga tayyor ekanini ko‘rsatadi. BRIKS o‘z to‘lov tizimlarini rivojlantirishda davom etadi, biroq blokning yagona valutasi — uzoq kelajak masalasi. Aniq vazifalardan kelib chiqib, turli valutalarda hisob-kitob qilish esa — bugungi kun voqeligidir», — deydi Ahmed Yusupov.

Ekspertning ta’kidlashicha, Xitoy bilan munosabatlarni saqlab qolgan holda dollar bozorlariga chiqish xavflarni to‘g‘ri diversifikatsiya qilish imkonini beradi.

Biroq asosiy masala — qaysi shartlar asosida? Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ta’kidlashicha, AQSH dollarni «nomaqbul» tomonlarga qarshi qurolga aylantirib olgan.

Shu sababli, Amerika valutasiga qaytish faqat hisob raqamlarni bloklash xavfi bartaraf etilganda va xalqaro hisob-kitob tizimlariga kirish imkoniyati ta’minlangandagina mumkin bo‘ladi.

 

Teglar

Mavzuga oid