Logo

Dunyo yangi rekordni kutmoqda: bitkoin yana keskin qimmatlashi uchun nima bo‘lishi kerak?

Bugun 16:056 daqiqa

Bitkoin narxi 3 mln dollarga yetishi fantastika emas. Hech bo‘lmaganda, bozordagi yirik kompaniyalardan biri shunday hisoblamoqda. 2050-yilga borib eng mashhur kriptovalyuta narxi shu darajaga ko‘tarilishi mumkin. Bitkoin narxining kelgusi harakati bo‘yicha yana bir muhim prognoz bank tomonidan berildi.

Dunyo yangi rekordni kutmoqda: bitkoin yana keskin qimmatlashi uchun nima bo‘lishi kerak? © Sun'iy intelekt

Ammo buning uchun bitkoin oddiy kriptovalyuta bozoridan tashqariga chiqib, xalqaro savdo-sotiqda va neft-gaz sohasidagi energiya hisob-kitoblarida ham qo‘llanilishi kerak. Biroq bunday maqsadga erishish uchun hali ancha vaqt bor. Hozir esa yaqin haftalarda bitkoin 80 ming dollarlik narxni saqlab qola oladimi va yana 100 ming dollarga ko‘tariladimi, degan savol muhimroq. Agar buning uddasidan chiqolmasa, kuzdagi narx pasayishi yanada kuchayishi mumkin. Agar 80 ming dollardan yuqorida tura olsa, keyingi muhim marra Citi banki prognozi bo‘yicha 113 ming dollar bo‘ladi.

«VanEck» prognozi bitkoinga bo‘lgan qarashni o‘zgartirmoqda

VanEck prognozi uzoq muddatli, ya’ni o‘n yillik iqtisodiy istiqbolga asoslangan. Kompaniya bitkoinni dollar qadrsizlanishidan himoyalanish vositalaridan biri sifatida ko‘rishda davom etmoqda. Sigel bitkoin narxining uzoq muddatda oshishiga yordam berishi mumkin bo‘lgan bir nechta omilni sanab o‘tdi. Bular — bitkoindan xalqaro savdoda foydalanishning kengayishi, uni energetika bozorlarida qo‘llash, yosh investorlarning qiziqishi va ayrim davlatlarning, asosan avtoritar boshqaruvdagi mamlakatlarning unga e’tibor qaratishi.

Biroq tahlilchi uzoq muddatli katta maqsad bilan yaqin kelajakda erishish mumkin bo‘lgan natijani bir-biridan ajratmoqda. Uning fikricha, bitkoin uchun 500 ming dollar ancha realistik maqsad hisoblanadi. Buning uchun bitkoinning umumiy bozor qiymati oltinning umumiy bozor qiymatining taxminan yarmiga yetishi kerak. Sigel bu holat joriy yoki keyingi bozor siklidayoq yuz berishi mumkinligini aytmoqda.

Nega investorlar bunday katta raqamlarni ham jiddiy muhokama qilmoqda? Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, bitkoinning jismoniy oltinda mavjud bo‘lmagan bir ustunligi bor: uni bir mamlakatdan boshqasiga o‘tkazish osonroq. Katta miqdordagi raqamli aktivni boshqa davlatga o‘tkazish uchun uni tashish, maxsus omborlarda saqlash yoki quymalarni jismonan yetkazib berish shart emas.

Biroq uning asosiy kamchiligi — narxining tez-tez va keskin o‘zgarishi. Bitkoin narxi oltinnikiga qaraganda taxminan uch baravar ko‘proq tebranadi. Masalan, bir hafta ichida uning qiymati sezilarli darajada tushib ketishi mumkin. Shu sababli yirik institutsional investorlar o‘z mablag‘larining kichikroq qismini bitkoinga yo‘naltiradi.

Narxning yanada oshishi uchun boshqa imkoniyat ham bor. VanEck mutaxassislari elektr energiyasini uzoq muddatli shartnomalar asosida oladigan yirik maynerlar — bitkoin ishlab chiqaruvchilar — kriptovalyuta narxi sezilarli oshsa, sun’iy intellekt loyihalariga yo‘naltirilgan quvvatlarni yana bitkoin mayningiga qaytarishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Sigel hatto kvant komputerlari tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfni ham bitkoinni ommaviy sotish uchun asos deb hisoblamaydi. Uning aytishicha, bu muammo faqat bitkoinga emas, balki zamonaviy dasturiy ta’minotning katta qismiga ham tegishli. Dasturchilar esa bu muammo ustida allaqachon ishlamoqda.

80 ming dollar bitkoin uchun asosiy sinovga aylanmoqda

Bitkoinning 3 million dollargacha ko‘tarilishi haqidagi uzoq muddatli prognoz yirik investorlar uchun qiziq bo‘lishi mumkin. Ammo kriptovalyuta bozorida narxlar ancha qisqa davrlar ichida ham o‘zgarib turadi. Bitkoin oktabr oyiga o‘tgan yilgi asosiy ustunliksiz kirdi: u hali o‘zining tarixiy rekordini yangilagani yo‘q.

8-oktabr kuni bitkoin narxi 83,5 ming dollardan 80,5 ming dollarga tushdi. Bu 2025-yilning oktabrida qayd etilgan 126,2 ming dollarlik tarixiy rekorddan 45,7 ming dollarga kam. Shuning uchun 80 ming dollarlik chegara muhim ahamiyat kasb etmoqda. Agar bitkoin bu narxni saqlab qolsa, xaridorlar bozordagi ustunligini yo‘qotmaydi. Narxning 85 ming dollardan yuqorida mustahkamlanishi va keyinchalik 90–100 ming dollarga ko‘tarilishi investorlarning ishonchini tiklashi mumkin.

«TradingView.com» mutaxassislarining ogohlantirishicha, bitkoin narxining 80 ming dollardan ham pastga tushishi bozor uchun mutlaqo boshqacha signal bo‘ladi. Bunday holatda sotuvchilar narxni yanada tushirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Investorlar esa xaridorlar qaysi narx darajasida yana faollashishini kuzata boshlaydi.

Shu bilan birga, bitkoin bozoridagi umumiy vaziyat hozircha butunlay salbiy emas. «Santiment» ma’lumotlariga ko‘ra, 6-oktabr kuni bir sutka ichida kriptovalyuta birjalaridan 24 ming 73 ta bitkoin olib chiqilgan. Bu so‘nggi yetti oydagi eng yirik sof kunlik chiqim hisoblanadi.

Hozir birjalarda saqlanayotgan bitkoinlar ulushi umumiy taklifning taxminan 6,5 foizigacha kamaygan. Bu bozor uchun ijobiy signal bo‘lishi mumkin. Chunki savdo maydonchalarida qancha kam bitkoin bo‘lsa, tezda sotuvga chiqarilishi mumkin bo‘lgan monetalar ham shuncha kam bo‘ladi. Buning mantig‘i oddiy: agar xaridorlar talabi o‘zgarmasa-yu, sotishga tayyor bitkoinlar soni kamaysa, xaridorlar cheklangan miqdordagi monetalar uchun raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi. Bunday sharoitda narxning yanada ko‘tarilishi uchun qo‘shimcha imkoniyat paydo bo‘lishi mumkin.

Biroq muhim jihat bor: bitkoinlarning birjalardan olib chiqilishi narx albatta oshishini anglatmaydi. Investorlar monetalarini o‘zlarining boshqa hamyonlariga o‘tkazishi yoki uzoq muddat saqlash uchun olib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun bitta kunlik o‘zgarishdan ko‘ra, bu tendensiya qanchalik davom etishi muhimroq.

Shu bilan birga, bozorda xaridorlar faolligi ham saqlanib qolmoqda. Bitkoin savdosining bir sutkalik hajmi 21 foizga oshib, 31,7 milliard dollarga yetdi. Bitkoinning umumiy bozor qiymati esa taxminan 1,6 trillion dollarni tashkil etmoqda.

Bitkoin 100 ming dollardan oshadimi? Citi prognozini ko‘tardi

Bitkoin narxining kelgusi harakati bo‘yicha yana bir muhim prognoz Citi bankidan keldi. «Reuters»ning yozishicha, bank bitkoinning kelgusi 12 oy uchun narx maqsadini avvalgi 82 ming dollardan 113 ming dollarga oshirdi. Bu prognoz kriptovalyutaga ixtisoslashgan birja fondlariga (ETF) mablag‘lar oqimi qayta ko‘payishi va yirik investorlarning talabi saqlanib qolishi mumkinligiga asoslangan.

Bu juda muhim o‘zgarish. Chunki hozir bitkoin narxiga avvalgidek faqat oddiy treyderlar emas, balki yirik moliyaviy tashkilotlar va investorlar yo‘naltirayotgan mablag‘lar ham kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Agar ETF'lar orqali bozorga pul kirib kelishi davom etsa, xaridorlar faolligi bitkoin narxini asta-sekin 100 ming dollardan yuqoriga ko‘tarishi mumkin.

Biroq ijobiy prognozning salbiy tomonlari ham bor. Asosiy ssenariyga ko‘ra, bitkoin 80–90 ming dollar atrofida saqlanib turishi, bozordagi kayfiyat yaxshilansa esa yana o‘sishni boshlashi mumkin.

Shu bilan birga, xavflar ham yo‘qolgani yo‘q. AQSH davlat obligatsiyalarining yuqori daromadliligi investorlar uchun kriptovalyutadan ko‘ra an’anaviy moliyaviy vositalarni jozibadorroq qilishi mumkin. Neft narxining qimmatligi inflatsiya xavfini oshiradi. AQSH Federal zaxira tizimining (FRS) qat’iy pul-kredit siyosati esa odatda investorlar yuqori xavfli deb hisoblaydigan aktivlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Salbiy ssenariyda bitkoin narxi 80 ming dollardan pastga tushib, sotuvlar yanada tezlashishi mumkin. Shu sababli yaqin ikki oy bozor uchun tinch davrdan ko‘ra, ko‘proq xavotirli davr bo‘lishi kutilmoqda. Demak, kuzda bitkoin bozorida ikki kuch o‘rtasidagi kurash davom etadi. Bir tomonda — yirik investorlar talabi, birjalardagi bitkoin zaxiralarining kamayishi va moliyaviy sharoitlar yumshashiga bo‘lgan umid.

Ikkinchi tomonda esa — yuqori foiz stavkalari, inflatsiya va xavfli aktivlarga bosim kuchayishi ehtimoli.
Bitkoinning 3 million dollargacha qimmatlashi haqidagi prognoz hozircha juda katta o‘zgarishlarga asoslangan. Buning uchun bitkoin jahon moliya tizimi va energetika sohasining to‘laqonli qismiga aylanishi kerak bo‘ladi. Ammo 2026-yilning kuzida uning oldida ancha yaqin va oddiyroq vazifa turibdi: 80 ming dollardan yuqorida qolish, yangi xaridorlarni jalb qilish va bozor ishtirokchilarini hozirgi narx pasayishi yangi tushishning boshlanishi emas, balki vaqtinchalik tanaffus ekaniga ishontirish.

Eslatma: ushbu material faqat axborot berish maqsadida tayyorlangan. U muayyan shaxsga mo‘ljallangan investitsiyaviy tavsiya yoki aksiyalarni sotib olish yoki sotishga chaqiriq emas. Investitsiya kiritish haqidagi qarorni o‘quvchi ehtimoliy xavflarni mustaqil baholab, litsenziyaga ega moliyaviy maslahatchi yoki broker bilan maslahatlashganidan so‘ng qabul qilishi kerak.

Teglar

Mavzuga oid