add

Endi Andijonda ham avtobuslarda naqd pul qabul qilinmaydi

Bugun 16:351202 daqiqa

2026 yildan boshlab Andijon shahrida jamoat transportida to‘lov tizimi to‘liq raqamlashtirilib, yo‘l haqi faqat elektron usullarda qabul qilinadi.

Endi Andijonda ham avtobuslarda naqd pul qabul qilinmaydi

2026 yil 1-yanvardan boshlab Andijon shahridagi avtobuslarda yo‘l haqini naqd pulda to‘lash amaliyoti to‘xtatiladi. Bu qaror jamoat transportida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, hisob-kitoblarni shaffoflashtirish hamda yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida qabul qilingan.

Yangi tartibga ko‘ra, elektron to‘lov turlaridan foydalangan yo‘lovchilar avtobusda yo‘l haqini 2100 so‘m miqdorida to‘laydi. Bu usul naqd pulga nisbatan arzon bo‘lib, vaqt va mablag‘ni tejash imkonini beradi. Elektron to‘lovlar orqali hisob-kitob qilish avtobus harakatini ham tezlashtirishi kutilmoqda.

Yo‘lovchilar yo‘l haqini bank kartalari, mobil ilovalar, shuningdek ATTO transport va virtual kartalari orqali amalga oshirishlari mumkin. Mutasaddilar elektron to‘lov vositalaridan foydalanishni keng joriy etish orqali jamoat transportida zamonaviy va samarali to‘lov muhitini shakllantirishni maqsad qilgan.

Naqd pulda to‘lashni istagan yo‘lovchilar uchun esa alohida tartib joriy etiladi. Ular avtobusga chiqishdan oldin, bevosita bekatlar va ularga yaqin hududlarda o‘rnatilgan Paynet, MultiPay yoki Oson infokiosklari orqali bir martalik QR-chipta xarid qilishlari lozim bo‘ladi.

Bunday QR-chiptaning qiymati 3000 so‘m etib belgilangan. Mazkur farq elektron to‘lovlarga o‘tishni rag‘batlantirishga qaratilgan bo‘lib, raqamli to‘lov usullarining afzalliklarini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida 2025 yilning 1-yanvaridan boshlab avtobuslar naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatilgandi. Joriy yilning 11 oyida poytaxt jamoat transportida 19,6 mingdan ortiq yo‘lovchi yo‘l haqini to‘lamay harakatlangani aniqlangan.

Teglar

Mavzuga oid