Erkinjon Turdimov ta’lim va ilm-fan vaziri bo‘ldi
Turdimov Erkinjon Oqbo‘tayevich Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tasdiqlandi.

Bugun, 9-oktabr kuni Erkinjon Turdimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
U bunga qadar Sirdaryo viloyati hokimi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Ma’lumot uchun: Erkinjon Oqbo‘tayevich Turdimov 1969 yil 10-iyulda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. 1991 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
U mehnat faoliyatini 1991 yilda «O‘zsanoatqurilishbank»ning Sirdaryo filialida boshlagan. 1993–1995 yillarda bankning Zarafshon shahar bo‘limida ishlagan, 1995–1996 yillarda Zarafshon shahar hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
1996–2000 yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Navoiy viloyati bo‘limiga rahbarlik qilgan. 2000–2008 yillarda Navoiy viloyatining Xatirchi tumani hokimi bo‘lgan.
2008 yilda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining qishloqda iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan. Shu yilning o‘zida Navoiy viloyati hokimi lavozimiga o‘tgan va 2016 yilgacha ushbu vazifada ishlagan.
2016–2018 yillarda Surxondaryo viloyati hokimi bo‘lib faoliyat yuritgan. 2018 yil 13-iyulda Samarqand viloyati hokimi etib tayinlangan. U 2024 yil noyabr oyida ushbu lavozimdan ozod etilgan. O‘sha vaqtdagi rasmiy xabarda bu qaror boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan qabul qilingani aytilgan.
2025 yil 22-yanvarda Prezident farmoni bilan Erkinjon Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. Shu yilning dekabr oyida esa viloyat hokimi lavozimiga tasdiqlangan.
Turdimov 2016 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni, 2024 yilda esa «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, Ta’lim va ilm-fan vazirligi 2026 yil 3-oktabrda Prezident farmoni bilan tashkil etilgan. Yangi vazirlik Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida tuzilgan.
Vazirlik maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’lim va ilm-fangacha bo‘lgan sohalarda yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Shuningdek, kasbiy ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, oliy ta’limdan keyingi ta’lim ham uning vakolatiga kiradi.





