Logo

Eron orqali dengizga yo‘l: Toshkent va Tehron kelishuvga erishdi

Bugun 08:104 daqiqa

«Tasnim» axborot agentligining xabar berishicha, Eron va O‘zbekiston tranzit to‘siqlarini olib tashlashga kelishib olgan.

Eron orqali dengizga yo‘l: Toshkent va Tehron kelishuvga erishdi

O‘zbekiston xalqaro savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va ochiq dengizga chiqish maqsadida Eron bilan transport-tranzit hamkorligini faol rivojlantirmoqda. Toshkentda O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda Eron yo‘llar va shaharsozlik vaziri Farzona Sodiq o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar chog‘ida ikki davlat o‘rtasida yuk tashish jarayonidagi to‘siqlarni olib tashlash, avtomobil va temiryo‘l transporti sohasidagi aloqalarni kengaytirish hamda mintaqaviy transport koridorlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

Tomonlar eksport-import jarayonidagi muammolarni hal etish, haydovchilar duch kelayotgan qiyinchiliklarni o‘rganish hamda avtomobil va temiryo‘l orqali yuk tashish tartibini yengillashtirishga kelishib olgan.

Erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida ikki davlat transport vazirlari o‘rinbosarlari boshchiligida qo‘shma ishchi guruh tashkil etishga kelishilgan.

Qayd etilishicha, mazkur ishchi guruh xalqaro yuk tashuvlari bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish, mavjud to‘siqlarni bartaraf qilish va kelishilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy choralarni muvofiqlashtirib boradi.

O‘zbekiston Eron orqali qaysi portlarga chiqishi mumkin?

O‘zbekistonning Eron bilan transport hamkorligida ikkita yirik port alohida ahamiyat kasb etadi. Bular — Bandar-Abbos va Chobahor portlaridir.

Bandar-Abbos Fors ko‘rfazi sohilida joylashgan bo‘lib, u orqali yuklarni Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon, Hindiston, Pokiston va boshqa yirik dengiz bozorlariga yo‘naltirish mumkin.

Chobahor esa Eronning janubi-sharqida, Ummon dengizi va Hind okeani sohilida qad rostlagan. Bu portning eng muhim xususiyati — ochiq okeanga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati mavjudligida.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, Chobahor porti «Shahid Kalantariy» va «Shahid Beheshtiy» nomli ikkita yirik majmuadan iborat. U Eronning Bandar-Abbosdan keyingi eng muhim portlaridan biri sanaladi va xalqaro «Shimol–Janub» transport yo‘lagining ajralmas qismi hisoblanadi.

Ikkala portdan samarali foydalanish O‘zbekistonga dengiz savdosida turli yo‘nalishlarni rivojlantirish imkonini beradi. Bandar-Abbos Fors ko‘rfazi orqali, Chobahor esa Ummon dengizi va Hind okeani orqali jahon dengiz yo‘llariga tutashadi.

Bandar-Abbosgacha bo‘lgan yo‘nalish 13 kun vaqt oladi

O‘zbekistonning Eron orqali dengiz portlariga chiqishi yangilik emas. Mamlakatning xalqaro transport yo‘laklari ro‘yxatida Turkmaniston orqali Eronning Bandar-Abbos portiga olib boruvchi temiryo‘l yo‘nalishi allaqachon shakllangan.

Transport vazirligining rasmiy ma’lumotlariga qaraganda, ushbu yo‘nalishning umumiy masofasi 2 827 kilometrni tashkil etadi. Yuklarni Bandar-Abbos portiga yetkazib berishning o‘rtacha muddati 13 kun etib belgilangan.

Yo‘nalish O‘zbekistondan boshlanib, Turkmaniston hududi orqali Eronga, undan keyin esa Bandar-Abbos portigacha davom etadi. Vazirlik ushbu transport yo‘lagini iqtisodiy jihatdan eng samarali va kam xarajatli yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etgan.

Chobahor portidan foydalanish tashabbusi qachon paydo bo‘lgan?

O‘zbekistonning Chobahor portiga bo‘lgan qiziqishi ham bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Xususan, 2022 yilning yanvar oyidayoq «O‘zbekiston temir yo‘llari» va Chobahor porti ma’muriyati o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

2022 yil 25-yanvarda tuzilgan mazkur hujjat mavjud xalqaro multimodal transport yo‘laklaridan samarali foydalanish, tranzit, logistika va yuk tashish masalalarida o‘zaro axborot almashish hamda maslahatlashuvlarni ko‘zda tutadi.

Keyinchalik, 2023 yil 18-iyun kuni O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov va Eron yo‘llar va shaharsozlik vaziri Mehrdod Bazrpash o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham ushbu yo‘nalishni rivojlantirish masalasi diqqat markazida bo‘lgandi.

O‘zbekiston hukumatining rasmiy xabariga ko‘ra, o‘shanda tomonlar «O‘zbekiston–Turkmaniston–Eron» multimodal transport koridorini rivojlantirish, Eronda o‘zbekistonlik tadbirkorlar ishtirokida yirik logistika markazi tashkil etish, shuningdek, Chobahor va Bandar-Abbos portlarida terminal hamda omborlar qurish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu rejalardan ko‘zlangan asosiy maqsad — yuklarni nafaqat Eron bozoriga, balki uning portlari orqali jahonning boshqa mamlakatlariga ham yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo‘lgan.

O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi o‘smoqda

Transport yo‘laklarini kengaytirishga bo‘lgan bunday jiddiy qiziqish, o‘z navbatida, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalarining jadal o‘sishi bilan ham bevosita bog‘liqdir.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2026 yil 14 avgustdagi xabariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 305 million dollarga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37,5 foizga ko‘p.

Shuningdek, hamkorlik doirasida 29 ta qo‘shma loyihani amalga oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Vazirlik ma’lumotlariga qaraganda, 2026 yilning 26–27 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 17-yig‘ilishi hamda yirik biznes-forum o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo, investitsiya va iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid