add

Eronning «milliy interneti»: global tarmoq o‘rniga «oq ro‘yxat» tizimi

Bugun 17:002 daqiqa

Ommaviy noroziliklar fonida global internetni o‘chirgan Eron hokimiyati fuqarolar uchun faqat ruxsat etilgan saytlardan iborat yopiq «milliy internet» tizimini joriy etishga qaror qildi.

Eronning «milliy interneti»: global tarmoq o‘rniga «oq ro‘yxat» tizimi

Eron hokimiyati mamlakatni global internetdan uzib qo‘yganidan so‘ng, tashqi dunyo bilan deyarli bog‘lanmagan «milliy internet» infratuzilmasini shakllantirishga kirishdi. IRIB davlat axborot agentligi 12-yanvar kuni ushbu tizim uchun mo‘ljallangan dastlabki «oq ro‘yxat»ni e’lon qildi. Unda faqat ichki qidiruv tizimlari, xaritalar, navigatsiya servislari, mahalliy messenjerlar va davlat tomonidan tasdiqlangan videokontentni tarqatuvchi striming platformalari joy olgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, taklif etilayotgan model juda cheklangan. «The Guardian» nashri bilan suhbatda eronlik raqamli huquqlar bo‘yicha ekspert Amir Rashidiy bu tizimni «ichki internetning skelet versiyasi» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu format hatto Xitoydagi qat’iy senzuralangan internetdan ham torroq bo‘lib, deyarli butunlay hukumat nazorati ostida qoladi va tashqi axborot oqimlaridan uziladi. Ayrim ekspertlar internet Eronda avvalgi ko‘rinishida umuman qaytmasligi mumkinligini istisno qilmayapti.

Xalqaro tahlilchilar ham bu qadamni uzoq muddatli strategiya deb baholamoqda. «Kentik» kompaniyasining internet trafigini tahlil qilish bo‘yicha direktori Daga Madoriga ko‘ra, Eron hokimiyati vaqtinchalik chora emas, balki doimiy raqamli izolyatsiyaga tayyorgarlik znakini ko‘rsatmoqda.

Internet blokirovkasi 8-yanvar kuni, norozilik namoyishlari butun mamlakatni qamrab olganidan keyin joriy etilgan. Shunga qaramay, ayrim faollar sun’iy yo‘ldosh orqali ishlaydigan «Starlink» tizimidan foydalanishda davom etmoqda. Ilom mask ham hatto eronliklar uchun «Starlink»ka to‘lovni bekor qildi.

Biroq 2025 yilda qabul qilingan qonunga muvofiq, ushbu terminallarga egalik qilish «Isroil foydasiga josuslik» sifatida baholanib, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosini nazarda tutadi. Hukumat «Starlink» qurilmalarini aniqlash uchun dronlar va radioelektron kurash vositalaridan foydalanmoqda.

Hozirgacha global internet o‘rnini bosuvchi to‘liq ichki tarmoq faqat Shimoliy Koreyada mavjud bo‘lib, u yerda «Kvanmyon» deb ataladi. Eronda shakllanayotgan tizim ham axborot makonini to‘liq davlat nazoratiga olish yo‘lidagi navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid