Eskrou ta’siri: O‘zbekistonda avtomobillar savdosi kamaydi
Aprel oyida mamlakat bo‘yicha barcha turdagi avtomobillar savdosi o‘tgan yilga nisbatan 1,9 foizga kamaydi. Bu holat yangi joriy etilgan eskrou tizimining bozor faolligiga ta’siri bilan izohlanadi.
© vaqt.uzO‘zbekistonda aprel oyida barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 88,2 ming donani tashkil qildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,9 foizga kamaygan. Shu bilan birga, yil boshidan buyon umumiy savdo hajmi 348,5 ming donaga yetdi va yillik o‘sish 4,1 foizni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bozordagi eng yuqori o‘sish Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtda avtomobil savdosi 11,8 foizga oshgan. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida o‘sish 11 foiz, Samarqand viloyatida esa 10,9 foizni tashkil qildi.
Yangi yengil avtomobillar savdosi tushdi
Aprel oyida yangi yengil avtomobillar savdosi 24,9 ming donani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 3,6 foizga qisqardi.
Biroq mahalliy ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar segmenti o‘sishni saqlab qoldi. Xususan, mahalliy yengil avtomobillar savdosi 21,3 ming donaga yaqinlashib, yillik hisobda 4 foizga o‘sdi.
Shu bilan birga, yangi xorijiy avtomobillar savdosi keskin pasaydi. Aprel oyida import avtomobillari savdosi 3,6 ming dona atrofida bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 32 foizdan ortiqqa kamaygan.
Elektromobillar yetakchi segmentga aylanmoqda
Elektromobillar bozori aprel oyida eng yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon qildi. Ushbu segmentda savdolar 8,1 ming donani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki barobarga oshdi.
Eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda 5,56 mingdan ziyod elektromobil sotilgan bo‘lib, bu mamlakat bozorining qariyb 70 foizini tashkil qildi.
Hududlar kesimida Toshkent va Farg‘ona viloyatlari yetakchi bo‘ldi. Mazkur hududlarda mos ravishda 573 ta va 464 ta elektromobil sotildi. Shu bilan birga, Samarqand viloyatida elektromobillar bozori faolligi o‘tgan yilga nisbatan 34 foizga qisqardi.
Ikkilamchi avtomobil bozoridagi vaziyat
Aprel oyida foydalanilgan yengil avtomobillar savdosi 43, ming donani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizdan ortiqqa kamaydi.
Bozordagi bu faollikning pasayishiga O‘zbekistonda 1-apreldan joriy etilgan eskrou tizimi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Yangi tartibga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan avtomobillar oldi-sotdi bitimlari bank orqali eskrou hisobvaraqdan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida uylar savdosi ham keskin tushib ketganligi haqida xabar bergan edik.





