
Fabio Kannavaro milliy terma jamoaning yanvar oyidagi yig‘inga jalb etilgan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi
BAAda bo‘lib o‘tishi belgilangan yig‘inda mahalliy chempionatda to‘p suruvchi terma jamoaga nomzod futbolchilarning jismoniy holatini nazorat qilish rejalashtirilgan.

Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi yanvar oyida Birlashgan Arab Amirliklarida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazadi. Mazkur xalqaro tayyorgarlik bosqichi uchun jalb etilgan futbolchilar ro‘yxati rasman e’lon qilindi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yig‘in uchun asosan O‘zbekiston Superligasida to‘p surayotgan futbolchilar tanlab olingan. Jumladan, ro‘yxatga 3 nafar darvozabon, 9 nafar himoyachi, 9 nafar yarim himoyachi va 9 nafar hujumchi kiritilgan.
Murabbiylar shtabi qarori asosida yig‘in aynan Birlashgan Arab Amirliklari hududida o‘tkazilishi belgilangan. Ayni paytda xalqaro futbol taqvimida rasmiy tanaffus mavjud emas, shuningdek, ko‘plab mamlakatlarda milliy chempionatlar davom etayotgani sababli xorijda to‘p surayotgan legioner futbolchilarni jalb qilish imkoni cheklangan.
Shu bois yig‘inda asosan mahalliy chempionatda muntazam ishtirok etib kelayotgan, milliy terma jamoaga nomzod sifatida ko‘rilayotgan futbolchilar qatnashadi. Murabbiylar shtabi ushbu yig‘in orqali futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini baholashni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilning may oyida O‘zbekiston Superligasining yetakchi klublariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Avvalroq O‘zbekiston JCH-2026dan qancha mablag‘ olishi ma’lum qilinganligi haqida xabar bergan edik.


