«Farg‘onada suv ta’minoti» xodimini kaltaklagan fuqaroga jinoiy ish ochildi

10.03.2026 | 20:471 daqiqa

Fuqaro inspektorni yog‘och bo‘lagi bilan bosh qismiga urib, unga tan jarohati yetkazgan.

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan «Farg‘ona suv ta’minoti» MCHJning tuman filiali inspektori kaltaklandi. Holat bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 9-mart kuni «Farg‘ona suv ta’minoti» MCHJning O‘zbekiston tumani filiali inspektori D.S. tumandagi Sochtepa ko‘chasida joylashgan xonadonlardan biriga borgan. Ushbu xonadonda suv ta’minoti holatini o‘rganish davomida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hisoblagich mavjudligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, jarima qo‘llanilishi haqida ma’lum qilingan vaqtda ushbu xonadonda yashovchi fuqaro Fazliddin Pardayev xizmat vazifasini bajarayotgan inspektor D.S.ga qarshilik qilib, janjallashgan. Janjal davomida F.Pardayev o‘sha yerda bo‘lgan yog‘och bo‘lagi bilan inspektor D.S.ning bosh qismiga urib, unga tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchi F.Pardayev protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

«Farg‘onada suv ta’minoti» xodimini kaltaklagan fuqaroga jinoiy ish ochildi | Vaqt.uz