add

Fransuz universiteti uchun «qurbon» qilinayotgan o‘zbek tili litseyi

Kecha 14:5511 daqiqa

Toshkentda O‘zbek–fransuz universiteti tashkil etilishi munosabati bilan o‘zbek tili va adabiyotiga ixtisoslashgan akademik litsey yopilmoqda. Pedagog xodimlar litseyni asrab qolish borasidagi arz-dodlari eshitilmayotganini aytib, Vaqt.uzʼga murojaat qilishdi.

Fransuz universiteti uchun «qurbon» qilinayotgan o‘zbek tili litseyi

Vaqt.uz litseyni yopish to‘g‘risidagi qaror  qay darajada asoslantirilgani, litsey o‘qituvchilari, o‘quvchilar va ota-onalarning xavotirlari hamda vazirlikning rasmiy munosabatini o‘rgandi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi akademik litseyi jamoasidan tahririyatimizga kelib tushgan murojaatda litsey o‘qituvchilari, xodimlari hamda ota-onalar jamoatchilik tomonidan muhokama qilinmayotgan, biroq muhim bo‘lgan qaror oqibatlari yuzasidan o‘z xavotirlarini bildirgan.

Gap O‘zbek–Fransuz universitetini tashkil etish bo‘yicha qabul qilingan Prezident qarori haqida bormoqda. Ushbu loyiha xalqaro hamkorlik, zamonaviy ta’lim va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bilan izohlanmoqda. Ammo mazkur qaror ortida yana bir muhim vaziyat yuzaga kelmoqda: aynan shu loyiha doirasida o‘zbek tili va adabiyotiga ixtisoslashgan yagona akademik litseyni yopish rejalashtirilgan.

Eng tashvishlisi — bu jarayon keng jamoatchilik muhokamasisiz amalga oshirilmoqda. Qaysi litsey yopilayotgani, u nima sababdan tanlangani va bu qaror minglab o‘quvchilar hamda o‘nlab yillik tajribaga ega pedagoglar taqdiriga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida rasmiy izoh berilmagan. Litsey jamoasi fikricha, qaror qabul qilish jarayonida mazkur muassasaning ta’lim tizimidagi o‘rni, yillar davomida shakllangan ilmiy-metodik bazasi hamda inson omili yetarli darajada hisobga olinmagan.

Vaqt.uz’ga kelib tushgan murojaat aynan shu sukut fonida e’tibordan chetda qolayotgan savollarni olib chiqmoqda. Chunki gap faqat bitta bino yoki bitta akademik litsey taqdiri haqida emas — bu o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabat, davlat tili siyosati real hayotda qanday ifoda topayotgani hamda ta’lim tizimida ustuvor yo‘nalishlar qaysi tomonga burilayotgani bilan bog‘liq jiddiy masalani ko‘rsatmoqda.

Vaqt.uz jurnalisti Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti akademik litseyiga borib, vaziyatni joyida o‘rgandi. O‘qituvchilar, talabalar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashdi.

«Bu yer shunchaki ish joyi emas edi» — ustozlar nima deydi?

Akademik litsey yopilishi haqidagi xabar, eng avvalo, shu yerda ishlayotgan pedagoglar uchun og‘ir ruhiy zarba bo‘lgan. Tarix va huquq fani o‘qituvchisi Atajonova domla bu holatni quyidagicha tasvirlaydi:

«20 yildan ortiq ta’lim sohasida ishlaganman. Ammo bunday tartibli, shinam, kuchli jamoaga ega ta’lim muassasasida hali ishlamagan edim. Bu yerda haqiqiy ziyolilar, o‘z ishining fidoyilari yig‘ilgan edi. Litsey yopiladi degan xabar biz uchun shok bo‘ldi», — deydi ustoz.

Uning aytishicha, eng tushunarsiz jihat — nega aynan o‘zbek tili va adabiyotiga ixtisoslashgan yagona litsey tanlangani.

«Nima kamchiligi bor edi? Nima aybi bor edi? Hech qanday izoh berilmadi. Xuddi bo‘sh yotgan binodek olib qo‘yilgandek qaror chiqarildi. Bu o‘zbek tilining rivojiga e’tiborsizlik emasmi, degan savol tug‘iladi», — deydi u.

uzbek litsey 1

«Biz bu litseyga umrimizni bag‘ishladik» — ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi

Ijtimoiy-humanitar fanlar kafedrasi mudiri, ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi Vasila Ismoilova litsey bilan bog‘liq qarorni «inson omili hisobga olinmagan holat» deb baholaydi:

«Biz litseyga bo‘lgan e’tiborni o‘z uyimizdan ustun qo‘yganmiz. Farzandlarimizdan oldin o‘quvchilarimizni o‘ylaganmiz. Qiziqishlarimizni, vaqtimizni, umrimizni shu litseyga bag‘ishlaganmiz, — deydi V.Ismoilova. — Bu xuddi yashab turgan uyingdan “chiqib ket” deyishgandek holat. Yillar davomida shakllangan jamoani, muhitni boshqa joyda qayta yaratib bo‘lmaydi».

«Chet tilini ham ona tili orqali o‘rgatdik» — ingliz tili fani o‘qituvchisi

Qiziqarli jihati shundaki, litsey yopilishidan eng ko‘p xavotir bildirayotganlar orasida chet tili o‘qituvchilari ham bor. Xorijiy tillar kafedrasi mudiri, ingliz tili o‘qituvchisi Shahnoza Temirxo‘jayeva bu vaziyatni ramziy jihatdan xavfli, deb hisoblaydi:

«Men ingliz tili o‘qituvchisiman. Lekin doim aytaman: avval ona tilingni puxta o‘rgan, so‘ngra chet tilini. Endi o‘quvchilarga buni qanday tushuntiramiz, agar o‘zbek tili litseyi yopilayotgan bo‘lsa?» — deydi u.

Uning aytishicha, litseyda ingliz, rus, turk, fransuz, koreys va xitoy tillari chuqurlashtirib o‘qitilgan, o‘quvchilar B2 va C1 darajalariga yetgan. Ammo bu tizimning asosi doim o‘zbek tili bo‘lgan.

Aniq fanlar kafedrasi mudiri Nigora Shodiyeva litsey yopilishi moddiy va ekologik zarar ham keltirishini eslatadi:

«So‘nggi yillarda Tashabbusli budjet orqali sinfxonalar zamonaviy texnika bilan jihozlandi. Bu — davlat mablag‘i. Endi bu mehnat va mablag‘lar havoga sovuriladimi?» — deydi u.

Uning ta’kidlashicha, litsey 20 yillik tarixga, mustahkam tizimga va butun mamlakat bo‘ylab tanilgan bitiruvchilarga ega.

Akademik litsey jamoasining deyarli barcha vakillari bir fikrda: qaror qabul qilinishida inson omili umuman hisobga olinmagan. Ustozlar aytishicha, litsey yopilishi — bu shunchaki muassasa tugatilishi emas, balki yillar davomida shakllangan muhit va tizimning parchalanishidir.

Pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan rus tili fani ustozi shunday deydi:

«Men shu litseyda ishlab, shu yerdan pensiyaga chiqaman, degan niyat bilan yurar edim. Boshqa joylardan takliflar bo‘lgan, lekin rad etganman. Endi esa to‘satdan qaror chiqdi: “Yopiladi”. Bizing taqdirimiz nima bo‘ladi?»

«Bizing aybimiz nima edi?»

Ustozlar takror va takror bitta savolni qo‘ymoqda: nega aynan shu litsey?

«Agar litsey yopilayotgan bo‘lsa, demak, nimadir noto‘g‘ri qilingan bo‘lishi kerak. Lekin bizga biror kamchilik aytilgani yo‘q. Aksincha, natijalarimiz va ko‘rsatkichlarimiz doim yuqori bo‘lgan», deyishmoqda ular.

Litseyda nafaqat o‘zbek tili, balki ingliz, rus, turk, fransuz, koreys va xitoy tillari ham chuqur o‘qitilgan. Rus guruhlarida tahsil olgan o‘quvchilar Rossiya va boshqa davlatlardagi universitetlarga o‘qishga kirgan. Ko‘p tilli, keng dunyoqarashga ega bitiruvchilar yetishib chiqqan.

«Biz jamiyatga yetuk insonlar yetishtirdik. Bu faktni inkor qilib bo‘lmaydi», deyishmoqda pedagoglar.

Bu fikrlar quruq da’vo emas, balki aniq natijalar bilan tasdiqlanadi. Akademik litsey o‘quvchilari so‘nggi yillarda fan, sport va ijod yo‘nalishlarida respublika va xalqaro miqyosda yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Xususan, 2021 yilda Respublika fan olimpiadasining respublika bosqichida ona tili va adabiyot fanidan sovrinli o‘rin qo‘lga kiritilgan. Keyingi yillarda — 2022/2023 va 2023/2024 o‘quv yillarida Toshkent shahar bosqichida ona tili va adabiyot, tarix hamda o‘zbek tili fanlari bo‘yicha birinchi va ikkinchi o‘rinlar qayd etilgan.

uzbek litsey 2

Shuningdek, litsey o‘quvchilari «Zulfiya» nomidagi davlat mukofotining viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan, «Barkamol avlod» sport musobaqalarida shahar va respublika darajasida sovrinli o‘rinlarni egallagan. 2023/2024 o‘quv yilida esa Qozog‘istonning Chimkent shahrida o‘tkazilgan «Iqtidorli yoshlar» xalqaro ijodiy tanlovida esse yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin qo‘lga kiritilgan.

Eng muhim ko‘rsatkichlardan biri — bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish darajasi. Bu ko‘rsatkich yildan yilga barqaror oshib borgan: 2023 yilda — 92,7 foiz, 2024 yilda — 94,3 foiz, 2025 yilda esa 95 foizni tashkil etgan.

Bundan tashqari, litsey o‘quvchilari umumta’lim fanlari va chet tillari bo‘yicha milliy hamda xalqaro darajadagi sertifikatlarga ega bo‘lib, ona tili, tarix, ingliz tili va boshqa fanlardan bilim darajasini amalda namoyon etib kelmoqda. Litsey jamoasi aynan shu natijalar ta’lim sifati, pedagoglar salohiyati va tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganining yaqqol isboti ekanini ta’kidlaydi.

«Bu litsey bolamizni o‘zgartirdi» — ota-onalar nima deydi?

Akademik litsey yopilishi haqidagi xabar ota-onalar orasida ham jiddiy xavotir uyg‘otgan. Vaqt.uz bilan suhbatda bo‘lgan ota-onalar litseyni nafaqat ta’lim muassasasi, balki farzandlarining hayotida burilish yasagan maskan sifatida ta’riflaydi.

Bir ota qizini aynan shu litseyga ko‘chirib kelganini aytadi: «Qizim maktabda o‘qimagan. Jang, janjal, asabiylik bor edi. Bu yerga kelib, butunlay o‘zgardi. Kitobga qiziqdi, o‘zini tutishi o‘zgardi. Men bu litseyga berib baraka topdim».

Uning ta’kidlashicha, litsey yopilsa, eng katta savol — bolalar qayerga boradi: «Agar boshqa tayyor joy bo‘lsa, boshqa gap. Hozir esa bolalarni tarqatib yuborishmoqchi. Qayerga boradi ular? Boradigan joyi yo‘q».

Otaning aytishicha, qizining orzusi aynan shu litseyda shakllangan:

«Ona tili va adabiyot o‘qituvchisi bo‘laman, deydi. Litsey yopiladi degan gap chiqqan paytda ko‘zidan yosh chiqdi. Chunki orzulari shu yer bilan bog‘liq edi», deydi ota.

Suhbatda ishtirok etgan onalardan biri — uch farzandni voyaga yetkazgan ona litseydagi tizimni alohida ta’kidlaydi:

«Qizim bu yerda bor-yo‘g‘i bir necha oy o‘qidi, lekin ingliz va rus tili sezilarli darajada yaxshilandi. Eng muhimi — xulqi va intizomi o‘zgardi», deydi u.

Uning aytishicha, litseyning eng katta ustunligi — repetitorsiz ta’lim: «Hozir ko‘p joyda institutga tayyorlash uchun alohida repetitorga millionlab pul ketadi. Bu yerda esa bunga hojat yo‘q. Darsning o‘zi yetarli».

Onaning ta’kidlashicha: «Bu yerda korrupsiya yo‘q. Hech qachon pul yig‘ilmadi. Auditoriyalarga kirib hayron qoldim — sharoit universitet darajasida. Bunday litsey O‘zbekistonda kam».

Ota-onalar litseyda faqat bilim emas, tarbiya ham berilayotganini ta’kidlaydi. Qizlarning kiyinish madaniyati, o‘z vaqtida kelib-ketishi va o‘zini tutishi qat’iy nazoratda.

«Qiz bola bilan ishlash oson emas. Bu yerda esa tartib bor. Men ishda bo‘lsam ham xotirjamman. Endi shunday joy yopilsa, ochig‘i, xavotirdaman», deydi onalardan biri.

Ularning fikricha, muammo faqat bitta oilaga tegishli emas: «Bu yerga viloyatlardan ham bolalar keladi. Yotoqxona bor. Agar litsey yopilsa, bu bolalar nima qiladi?»

Ota-onalarning talabi bir xil. Suhbatdosh ota-onalar O‘zbek–Fransuz universiteti ochilishiga qarshi emas. Ammo ular uchun asosiy masala — bolalar taqdiri: «Universitet ochilsin, bunga slo qarshi emasmiz. Lekin bolalarimiz o‘qiyotgan, faoliyat ko‘rsatib turgan litsey yopilmasligi kerak. Agar joy kerak bo‘lsa, boshqa bino topilsin». 

Ular zarur bo‘lsa, murojaat qilishga, jamoatchilikka chiqishga tayyor ekanini ham bildirmoqda.

«Bu litsey menga yo‘l ko‘rsatdi» — talaba

Akademik litsey taqdiri masalasi bu yerda tahsil olayotgan o‘quvchilar uchun shunchaki tashkiliy qaror emas, balki shaxsiy hayot yo‘lining uzilishi sifatida qabul qilinmoqda. 201-guruh o‘quvchisi Zokirjonova Nilufar bunga yorqin misol.

U litseyga kelgunga qadar maktabda moslashuv muammolari, o‘qishga qiziqmaslik va intizom bilan bog‘liq qiyinchiliklar bo‘lganini aytadi. Litseyga kirish jarayoni uning uchun oson kechmagan: bir oy davomida jiddiy tayyorgarlik ko‘ribgina qabul qilingan. Ammo aynan shu jarayon Nilufarning hayotida burilish nuqtasiga aylangan.

«Maktabda o‘qimasdim, odamovi edim. Litseyga kelganimdan keyin o‘qishga, kitob o‘qishga qiziqib qoldim», — deydi u.

uzbek litsey 3

Nilufarning ta’kidlashicha, litseydagi asosiy farq — ustozlarning munosabati va muhit. Bu yerda qo‘pollik yoki bosim emas, balki tushuntirish, yo‘naltirish va talabchanlik ustuvor. Qisqa vaqt ichida u ona tili fanidan bilimini mustahkamlab, sertifikat olishga erishgan. Eng muhimi, u o‘z fikrini ochiq ayta oladigan, tadbirlarda faol qatnashadigan o‘quvchiga aylangan.

Eng ta’sirli jihat shundaki, Nilufarning kelajak rejalari aynan shu litsey bilan bog‘langan. U bu maskanni shunchaki ta’lim muassasasi emas, balki o‘zini topgan, orzulari shakllangan muhit sifatida ko‘radi:

«Institutni bitirib, yana shu litseyga qaytib, o‘qituvchi bo‘lib ishlamoqchi edim. Litsey yopiladi degan xabarni eshitib juda xafa bo‘ldim. Chunki bu yer mening orzum edi», deyli Nilufar.

Nilufarning bu so‘zlari litsey masalasi faqat pedagoglar yoki ota-onalar muammosi emasligini, balki bevosita o‘quvchilarning kelajak rejalariga ta’sir qilayotganini ko‘rsatadi. Uning misolida akademik litsey yoshlar uchun bilim berishdan tashqari, maqsad va yo‘nalish belgilab beradigan muhim muhit ekani yaqqol namoyon bo‘ladi.

Rasmiy munosabat: «Bu qaror o‘zbek tiliga e’tiborsizlik emas»

Akademik litsey jamoasi, ota-onalar va o‘quvchilar bildirgan xavotirlarga javoban Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Vaqt.uz ga izoh berdi.

Vazirlik matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzovaning ma’lum qilishicha, O‘zbek–Fransuz universitetini tashkil etish bo‘yicha qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26-noyabrdagi PQ–354-sonli qarori asosida qabul qilingan. Qarorning asosiy maqsadi — oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, Fransiyaning yetakchi universitetlari dasturlari asosida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashdan iborat.

Qarorga ilova qilingan «Yo‘l xaritasi»ga ko‘ra, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti akademik litseyi faoliyati bosqichma-bosqich tugatiladi. Bu jarayon 2027 yil may oyiga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Vazirlik vakilining ta’kidlashicha, ayni paytda ushbu litseyda «Xorijiy tillar» va «Ijtimoiy-gumanitar fanlar» yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim berib kelinmoqda. Shu bilan birga, Toshkent shahridagi 23 ta akademik litseyda ham ushbu yo‘nalishlarga o‘xshash ta’lim dasturlari mavjud bo‘lib, o‘quvchilarni qabul qilish va sifatli ta’lim berish uchun yetarli imkoniyatlar bor.

Shuningdek, litsey faoliyati tugatilishi munosabati bilan u yerda ishlab kelayotgan rahbarlar, o‘qituvchilar va boshqa xodimlarning mehnat huquqlari amaldagi qonunchilik asosida to‘liq ta’minlanishi, barcha ijtimoiy kafolatlar saqlanishi qayd etilgan.

Vazirlik alohida ta’kidlashicha, mazkur qaror biror ta’lim yo‘nalishi yoki o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tiborning kamayishi bilan bog‘liq emas. Rasmiy izohga ko‘ra, qaror ta’lim tizimini takomillashtirish, xalqaro tajribani joriy etish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, davlat tilining mavqeiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Qabul qilish usuli ko‘proq savol tug‘dirmoqda: Hyega aynan o‘zbek tili litseyi?

Akademik litsey atrofidagi vaziyat bir ta’lim muassasasining yopilishi bilan cheklanmaydi. Bu holat ta’lim sohasida qarorlar qanday qabul qilinayotgani, jamoatchilik fikri qay darajada inobatga olinayotgani va inson omiliga qanday munosabatda bo‘linayotganini ochiq namoyon qildi. Litsey jamoasi, ota-onalar va o‘quvchilarning xavotirlari hissiyot emas, balki yillar davomida shakllangan samarali tizim, aniq natijalar va real taqdirlar bilan bog‘liq.

O‘zbek–Fransuz universitetini ochish g‘oyasiga e’tiroz yo‘q. Ammo nima uchun yangi loyiha uchun albatta mavjud, ishlab turgan ta’lim muassasasi «qurbon» qilinishi shart? Nega aynan o‘zbek tili va adabiyotiga ixtisoslashgan litsey tanlandi? Bu savollarga haligacha aniq, mantiqiy va ishonchli javob berilgani yo‘q. Rasmiy bayonotlarda umumiy iboralar bor, ammo konkret tahlil, muqobil variantlar va oqibatlar haqida sukut saqlanmoqda.

Shu bilan birga, mavjud vaziyat bir muhim jihatni ochiq ko‘rsatib berdi: qaror mazmunidan ko‘ra, uni qabul qilish usuli ko‘proq savol tug‘dirmoqda. Litsey jamoasi ham, ota-onalar ham islohotlarga qarshi emas. Ularga e’tiroz tug‘dirayotgan jihat — samarali ishlab turgan muassasa taqdiri jamoatchilik ishtirokisiz hal qilinayotganidir.

Rasmiy izohlarda litsey faoliyati tugatilishi ta’lim yo‘nalishlarining boshqa akademik litseylarda ham mavjudligi bilan izohlanadi. Ammo bu yondashuv bitta muhim omilni chetlab o‘tadi: gap alohida fan yoki yo‘nalish haqida emas, balki o‘ziga xos ta’lim muhiti, kadrlar tarkibi va yillar davomida shakllangan tizim haqida ketmoqda. Bu omillar boshqa muassasalarda avtomatik ravishda takrorlanishi kafolatlanmagan.

Litsey jamoasining ta’kidlashicha, ularning asosiy talablari keskin emas. Xodimlar universitet tashkil etilishiga qarshi chiqmayapti. Ular, eng avvalo, o‘z faoliyatini davom ettirish imkoniyati saqlab qolinishini yoki kamida qarorni qayta ko‘rib chiqish jarayoni ochiq va asosli bo‘lishini so‘ramoqda. Bundan tashqari, pedagoglar uchun eng muhim masala — mehnat huquqlarining formal emas, amalda ham ta’minlanishidir. Qonunchilikda kafolatlar borligi aytilmoqda, ammo ularning qanday mexanizmlar orqali amalga oshirilishi hozircha ochiq qolmoqda.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 30

Barchasi

Mavzuga oid