add

Fuqarolar eng ko‘p iqtisodiy huquqlar buzilishi bo‘yicha murojaat qilmoqda — Ombudsman

01.12.2025 | 09:512972 daqiqa

To‘qqiz oy ichida Ombudsmanga yuborilgan murojaatlarning eng ko‘pini iqtisodiy huquqlarning buzilishi bo‘yicha shikoyatlar tashkil etmoqda.

Fuqarolar eng ko‘p iqtisodiy huquqlar buzilishi bo‘yicha murojaat qilmoqda — Ombudsman

2025 yilning to‘qqiz oyi davomida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga 15 385 ta murojaat kelib tushgani ma’lum qilindi. Ulardan 27,3 foizi iqtisodiy huquqlar buzilishiga oid bo‘lib, Ombudsman faoliyatidagi asosiy yo‘nalishlardan biriga aylangan.

Ombudsman matbuot kotibi Fotima Madrahimova xabariga ko‘ra, murojaatlar tarkibida ijtimoiy masalalar 24 foizni, shaxsiy muammolar 16,4 foizni, maxkum va mahbuslar huquqlariga oid arizalar esa 11,9 foizni tashkil etgan. Eng ko‘p shikoyatlar Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida qayd etilgan.

«Hisobot davrida Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan davlat tashkilotlari yoki mansabdor shaxslarga 133 ta da’vo ariza, taqdimnoma, talabnoma, ogohlantirish va xulosa shaklidagi ta’sir choralari kiritildi va ularning aksariyati ijobiy hal etildi», deyiladi xabarda.

Shu jarayonda fuqarolar ololmay yurgan 9 mlrd 327 mln so‘mdan ortiq mablag‘larni qaytarishda amaliy yordam berildi. Jumladan, 2 mlrd 162 mln so‘m — ish haqi va mehnat munosabatlariga oid to‘lovlardan iborat bo‘lgan.

Shuningdek, Ombudsman so‘rovlari asosida 577 mln so‘mdan ziyod aliment to‘lovlari ta’minlangan, to‘lashdan bosh tortgan uch nafar shaxs ma’muriy qamoqqa olingan. Yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan to‘lanishi kerak bo‘lgan 3,6 mlrd so‘m kompensatsiya ham fuqarolar foydasiga undirilgan.

Murojaatlar asosida inson huquqlarini buzgan 33 nafar mas’ul intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Qamoqda saqlanayotgan shaxslardan kelgan 2 097 ta shikoyatdan 37 tasi bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Natijada ichki ishlar tizimidagi besh nafar xodim jazolangan, biri lavozimidan ozod etilgan.

Ombudsmanning jamoatchilik guruhlari 728-marta jazoni ijro etish muassasalariga borib, 7 mingdan ziyod mahkum bilan guruhli, 4 381 nafari bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazgan. Ovqatlanish, tozalik, mehnat sharoiti va tibbiy yordam masalalari o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan idoralarga 29 ta rasmiy murojaat yuborilgan. Bu ishlar natijasida 17 nafar sog‘liqni saqlash va ichki ishlar xodimlariga intizomiy choralar qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning shart-sharoitlarini insonparvarlik mezonlariga mos ravishda yengillashtirishni — hibsda saqlanayotgan shaxslarga dam olish va bayram kunlarida kamida ikki soat sayr qilish huquqini berish taklif etgan edi.

Teglar

Mavzuga oid