Gaz «zapravka»larda maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish uchun maxsus postlar tashkil etilishi mumkin
«Hududgaztaminot» bu borada tegishli tashkilotlarga takliflar kiritilganini ma’lum qildi.
© yadex mapsO‘zbekistondagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari hududida maishiy gaz ballonlarini xavfsiz to‘ldirishga mo‘ljallangan, alohida jihozlangan maxsus postlar tashkil etilishi mumkin. Bu haqda 24-noyabr kuni «Hududgazta’minot» matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, aholiga maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida tegishli tashkilotlarga takliflar kiritilgan.
«Maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish xizmati aholi uchun cheklanmagan. Amaldagi tartibga muvofiq, bu xizmat tegishli talablarga javob beradigan va belgilangan tartibda ruxsatga ega maxsus gaz to‘ldirish stansiyalari (GTS) hamda shoxobchalari (GTSH) orqali amalga oshiriladi. Respublika bo‘yicha LPG-Trade MCHJ tasarrufida bo‘lmagan 360 dan ortiq gaz to‘ldirish shoxobchasi va stansiyasi mavjud bo‘lib, ular mustaqil yuridik shaxslar tomonidan faoliyat yuritadi. Ushbu GTS va GTSHlar aholi maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish huquqiga ega», — deyiladi «Hududgaztaminot» xabarida.
Shuningdek, kompaniya maishiy gaz ballonlarini avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida to‘ldirish xavfsizlik talablariga zid ekanligini eslatib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-oktabrdagi 649-son qarori bilan tasdiqlangan Yong‘in xavfsizligi qoidalarining 674-bandida belgilab qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 2-noyabrda qabul qilingan 1186-son qonun bilan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida maishiy gaz ballonlarini suyultirilgan gaz bilan to‘ldirganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Mazkur norma 2027-yil 5-fevraldan kuchga kiradi.





