Go‘sht importiga subsidiya joriy etildi

O‘zbekistonda go‘sht importi va qoramol olib kirish uchun subsidiyalar joriy qilinib, narx barqarorligiga ta’sir kutilmoqda.

Go‘sht importiga subsidiya joriy etildi

«Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda davlat tomonidan vaqtinchalik subsidiyalar ajratiladi. Mazkur chora go‘sht mahsulotlari bozorida narxlarni barqarorlashtirishga qaratilgan.

Havo transporti xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi

Qarorga muvofiq, 2026 yil 1-apreldan 1-avgustgacha tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini havo transporti orqali olib kirish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi. Biroq bu miqdor har bir kilogramm mahsulot uchun 0,8 AQSH dollaridan oshmasligi belgilangan. Bu imtiyoz tadbirkorlar uchun logistika xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.

Shu bilan birga, 2026 yil 1-apreldan 31-dekabrga qadar xorijdan olib kiriladigan nasldor qoramol uchun ham subsidiya ajratiladi. Unga ko‘ra, qoramol qiymatining 10 foizi davlat tomonidan qoplanadi, ammo har bir bosh uchun 4 million so‘mdan oshmasligi shart qilib belgilangan. Bu esa chorvachilikni rivojlantirish va mahalliy ishlab chiqarishni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Mazkur qarorga muvofiq subsidiyalar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan moliyalashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida go‘sht narxlari sezilarli qimmatladi. Vaqt.uz bozordagi real narxlar va go‘sht mahsulotlari qimmatlashi ortidagi omillarni o‘rgangan.

Teglar

Mavzuga oid