Logo

Haftalik narxlar tahlili: bozorda narx-navo qanday?

Kecha 14:054 daqiqa

O‘zbekistonda hafta davomida sabzavotlar narxi sezilarli darajada oshdi. Meva va go‘sht mahsulotlari ham biroz qimmatladi. Hududlar kesimida mol go‘shtining eng yuqori o‘rtacha narxi Toshkent shahrida, shahar va tumanlar orasida esa Termizda qayd etildi.

Haftalik narxlar tahlili: bozorda narx-navo qanday?

11-noyabr holatiga nisbatan bir hafta ichida bozorlarda pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri narxi keskin ko‘tarildi. Pomidor va bodring qariyb 20 foizgacha, bulg‘or qalampiri esa 15,5 foizga qimmatladi. Mevalardan uzum, olma va nok narxi oshgan bo‘lsa, limon esa aksincha, 3,9 foizga arzonlagan.

Vaqt.uz Markaziy bankning «Narxtahlil» platformasidagi ma’lumotlarga asoslanib, oziq-ovqat mahsulotlari narxidagi haftalik o‘zgarishlarni kuzatib boradi.

Kundalik mahsulotlar

Hafta davomida kungaboqar va paxta yog‘i narxlarida kichik o‘zgarish qayd etildi. Xususan, kungaboqar yog‘ining bir litri 21 ming 591 so‘m, paxta yog‘i esa 20 ming 391 so‘mni tashkil etdi. Har ikki mahsulot narxi avvalgi haftaga nisbatan 0,2-0,3 foizga qimmatlashdi.

Un narxi ham biroz ko‘tarildi. Birinchi navli unning bir kilogrammi 6 ming 292 so‘m, oliy navli un esa 9 ming 425 so‘mdan sotildi. Birinchi navli undan tayyorlangan nonning o‘rtacha narxi 6 ming 377 so‘mga yetib, bir haftada 0,5 foizga oshdi.

Guruch narxi biroz ko‘tarilganiga qaramay, shakar narxida deyarli o‘zgarish bo‘lmadi. Bir kilogramm guruch 14 ming 999 so‘mga yetib, 0,2 foizga qimmatlagan bo‘lsa, shakar esa 12 ming 327 so‘mgacha arzonladi.

Tuxum narxi esa bir oydan beri muntazam oshib bormoqda. Masalan, bu hafta 10 dona tuxumning o‘rtacha narxi 12 ming 837 so‘mni tashkil qildi. Bu avvalgi haftaga nisbatan 1,1 foizga qimmat degani.

1

Sabzavotlar

Bir necha haftadan beri sabzavotlar narxi oshib borayotgan bir paytda, bu hafta qimmatlashish yanada tezlashdi. Ayniqsa, pomidor narxi keskin oshib, hafta davomida eng ko‘p qimmatlagan mahsulotga aylandi. Uning bir kilogrammi 12 ming 421 so‘mga yetdi. Bu avvalgi haftaga nisbatan 20,6 foizga ko‘p. Pomidor ortidan bodring ham qimmatladi. Uning bir kilosi 12 ming 725 so‘mga yetib, bir haftada 17,7 foizga oshdi. O‘tgan haftada esa bodring narxi 16 foizga ko‘tarilgan edi.

Shunday qilib, pomidor ham, bodring ham bu hafta avvalgi haftaga qaraganda tezroq ko‘tarildi.

Kartoshka va piyoz narxi sezilarli oshdi, biroq bu ikki mahsulotdagi o‘zgarish bir xil bo‘lmadi. Masalan, bir kilogramm kartoshka 1,9 foizga qimmatlab, 5 ming 105 so‘mga yetgan bo‘lsa, piyoz narxi ancha tezroq, 11 foizga oshib, 3 ming 353 so‘mni tashkil etdi.

Boshqa sabzavotlar orasida bulg‘or qalampiri va baqlajon ham qimmatladi. Ayniqsa, bulg‘or qalampiri narxidagi o‘sish yuqori bo‘ldi. Bir kilogrammi 11 ming 548 so‘mga yetib, 15,5 foizga oshgan bo‘lsa, baqlajon esa 8,6 foizga ko‘tarilib, 7 ming 255 so‘mdan sotildi.

Sabzi narxi esa boshqa sabzavotlardan farqli ravishda arzonladi. Uning bir kilogrammi 4 ming 582 so‘mga tushib, avvalgi haftaga nisbatan 4 foizga pasaygan.

2

Mevalar

Mevalar segmentida ham narxlar biroz oshdi. Olmaning bir kilogrammi 11 ming 340 so‘mga, nokniki esa 18 ming 422 so‘mga yetdi. Ularning narxi avvalgi haftaga nisbatan mos ravishda 1 va 1,5 foizga ko‘tarilgan.

Uzum narxidagi o‘zgarish esa ancha sezilarli bo‘ldi. Uning bir kilosi 13 ming 545 so‘mga yetib, bir haftada 10,2 foizga qimmatladi.

Limon narxi esa aksincha pasaydi. Bir kilogrammi 32 ming 810 so‘mga tushib, avvalgi haftaga nisbatan 3,9 foizga arzonladi. Bunga oktabr va noyabr oylarida O‘zbekistondagi limonariylarda yetishtiriladigan mahalliy, asosan «Meyer» navli limonlarning pishib yetilishi va bozorga katta hajmda yetkazib berilishi ham sabab bo‘lishi mumkin.

3

Hududlar kesimida go‘sht narxlari qancha?

11-noyabr holatiga ko‘ra, mol va qo‘y go‘shtining mamlakat bo‘yicha o‘rtacha narxi bir hafta ichida biroz qimmatlashdi. Bir kilogramm mol go‘shti 125 ming 891 so‘m, qo‘y go‘shti esa 137 ming 804 so‘mdan sotildi. Tovuq go‘shti narxi aksincha, 0,1 foizga arzonlab, 32 ming 492 so‘mni tashkil etdi.

Hududlar orasida mol go‘shtining eng yuqori o‘rtacha narxi Toshkent shahrida, eng pasti esa Qoraqalpog‘istonda qayd etildi. Poytaxtda bir kilogramm mahsulot 136 ming 596 so‘mdan sotilgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich 115 ming 559 so‘mni tashkil etdi. Ikki hudud o‘rtasidagi farq 21 ming so‘mdan oshdi.

Mol go‘shtining hududlar kesimidagi o‘rtacha narxlari quyidagicha:

4

Toshkent shahridan keyingi o‘rinda Surxondaryo viloyati turibdi. Bu yerda mol go‘shtining bir kilosi 132 ming 984 so‘mga yetdi. Jizzax va Samarqand viloyatlarida ham narxlar nisbatan yuqori bo‘lib, mos ravishda 128 ming 957 va 128 ming 278 so‘mni tashkil etdi. Qoraqalpog‘istondan tashqari, Namangan va Navoiy viloyatlarida ham mahsulot nisbatan arzon sotilmoqda.

Bir haftalik o‘zgarishlarga qaralsa, mol go‘shti eng ko‘p Toshkent shahrida qimmatlagan. Poytaxtda uning bir kilogrammi 135 ming 361 so‘mdan 136 ming 596 so‘mga ko‘tarildi. Toshkent viloyatida ham narx 413 so‘mga oshdi. Qolgan hududlarda esa o‘zgarish 150 so‘mdan kam bo‘ldi.

Tuman va shaharlar kesimida narxlar o‘rtasidagi tafovut yanada katta. Eng qimmat mol go‘shti Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida sotilib, bir kilosi 142 ming 857 so‘mni tashkil etdi. Eng past narx esa Navoiy viloyatining Tomdi tumanida qayd etildi. Bu yerda mahsulot 98 ming 750 so‘mdan sotilgan. Ikki hudud o‘rtasidagi farq 44 ming 107 so‘m.

Hafta davomida narxning eng katta nominal o‘zgarishi Chilonzor tumanida bo‘ldi. Bu yerda bir kilogramm mol go‘shti 136 ming so‘mdan 140 ming 250 so‘mga ko‘tarildi. Olmaliq shahrida esa narx 4 ming 215 so‘mga oshib, 135 ming 882 so‘mga yetdi. Foiz hisobida eng yuqori qimmatlashish ham Olmaliqda qayd etildi: 3,2 foiz.

Ayrim hududlarda narxlar pasaygan. Xususan, Kitob tumanida bir kilogramm mol go‘shti 131 ming 364 so‘mdan 130 ming 952 so‘mga tushib, 0,3 foizga arzonladi. Chortoq tumanida pasayish 0,2 foizni, Guliston shahrida va Bog‘ot tumanida esa 0,1 foizni tashkil etdi.

Umuman olganda, mamlakat bo‘yicha mol va qo‘y go‘shti narxi bir haftada biroz ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hududlar kesimida tafovut ancha katta. Ayniqsa, tuman va shaharlar o‘rtasida mol go‘shtining bir kilogramm narxi 44 ming so‘mdan ortiq farq qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq oktabr oyining ikkinchi yarmida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida kuzatilgan o‘zgarishlarni ham tahlil qilgan edik.

Teglar

null null

Zilola Xolto'rayevaMaqolalar soni: 70

Barchasi

Mavzuga oid