Haftalik narxlar tahlili: nima qimmatlab, nima arzonladi?
O‘zbekistonda sabzavotlar narxining ko‘tarilishi davom etayotgan bo‘lsa-da, mevalar orasida arzonlashish kuzatildi. Go‘sht mahsulotlari narxi deyarli o‘zgarmadi. Eng qimmat go‘sht Toshkent shahrida, tuman va shaharlar kesimida esa Marg‘ilonda sotilmoqda.

28-oktabr holatiga bozorlarda ayrim sabzavotlar, jumladan, bodring, pomidor va bulg‘or qalampiri narxi ko‘tarildi. Mevalar narxi biroz pasayib, limon 3,7 foiz, olma 1 foiz, nok esa 0,4 foizga arzonlashdi.
Vaqt.uz Markaziy bankning «narxtahlil.uz» platformasi ma’lumotlari asosida haftalik oziq-ovqat narxlarini doimiy o‘rganib boradi.
Asosiy mahsulotlar
Hafta davomida asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan hisoblangan kungaboqar va paxta yog‘i narxlari barqaror bo‘ldi. Xususan, kungaboqar yog‘i 21 ming 488 so‘m, paxta yog‘i esa 20 ming 292 so‘m bilan o‘zgarishsiz qoldi.
Un narxida ham sezilarli farq kuzatilmadi. Birinchi navli unning kilosi 6 ming 253 so‘m, oliy navli un esa 9 ming 361 so‘mdan sotildi. Birinchi navli undan tayyorlangan nonning narxi ham deyarli o‘zgarmadi — 6 ming 304 so‘m.
Boshqa mahsulotlar orasida tuxum biroz qimmatladi. 10 dona tuxumning o‘rtacha narxi 12 ming 574 so‘mga yetib, hafta davomida 0,9 foizga oshdi.
Guruch va shakar narxi arzonlashdi. Guruchning kilosi 14 ming 965 so‘mni tashkil etib, narxi 0,1 foizga, shakar esa 0,3 foizga pasaydi. Bir kilogramm shakarning o‘rtacha narxi 12 ming 397 so‘m bo‘ldi.

Sabzavotlar
Bu hafta sabzavotlar orasida eng ko‘p bodring va pomidor qimmatladi. Bodring narxi 9,7 foizga oshib, kilosi 9 ming 315 so‘mga yetdi. Pomidor ham 6 foizga qimmatlab, 9 ming 183 so‘mdan sotildi. Ya’ni, bozorda ushbu ikki mahsulot narxidagi o‘sish boshqa sabzavotlarga qaraganda ancha yuqori bo‘ldi.
Bulg‘or qalampiri ham 5,4 foizga qimmatladi. Uning kilogrammi 9 ming 315 so‘mdan, baqlajon narxi esa 6 ming 216 so‘mdan sotilmoqda. Shunday qilib, bodring, pomidor va qalampir narxi bir kilogramm uchun 9 ming so‘mdan oshdi.
Kartoshka va piyoz narxi ham biroz ko‘tarildi. Bir kilogramm kartoshka 4 ming 927 so‘mga, piyoz esa 2 ming 789 so‘mga yetdi. Ularning narxi mos ravishda 1,7 va 1,3 foizga oshgan.
Sabzi narxi esa boshqa sabzavotlardan farqli ravishda pasaydi. Bir kilosi 5 ming 22 so‘mni tashkil etib, 3,3 foizga arzonladi. Karamning narxi esa 1,1 foizga ko‘tarilib, 4 ming 212 so‘mga yetdi.

Mevalar
Mevalar orasida narxi eng ko‘p arzonlagan mahsulot limon bo‘ldi. Uning bir kilosi 35 ming 527 so‘mni tashkil etib, 3,7 foizga pasaydi. Uzum narxi ham biroz tushdi, biroq o‘zgarish juda kichik, atigi 0,2 foizni tashkil etdi. Natijada uzumning kilosi 11 ming 918 so‘mdan sotildi.
Olma va nok narxi ham arzonlashishda davom etmoqda. Bir kilogramm olma 11 ming 249 so‘mni tashkil etib, oldingi haftaga nisbatan 1 foizga arzonladi. Nokning kilosi esa 18 ming 46 so‘mdan sotildi. Uning narxi haftalik hisobda 0,4 foizga tushdi.

Hududlar kesimida go‘sht narxlari qanday?
28-oktabr holatiga ko‘ra, mol va qo‘y go‘shtining mamlakat bo‘yicha o‘rtacha narxi bir hafta ichida 0,1 foizga qimmatlagan. Bir kilo mol go‘shti 125 ming 538 so‘m, qo‘y go‘shti esa 137 ming 219 so‘mdan sotilgan. Tovuq go‘shti narxi o‘zgarmay, 32 ming 498 so‘mni tashkil etgan.
Mol go‘shtining hududlar kesimidagi o‘rtacha narxlari:

28-oktabr holatiga ko‘ra, mol go‘shtining eng yuqori o‘rtacha narxi Toshkent shahrida, eng pasti esa Qoraqalpog‘istonda qayd etildi. Poytaxtda bir kilo mol go‘shti 135 ming 255 so‘mdan sotilgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich 115 ming 322 so‘mni tashkil etdi. Ya’ni, ikki hudud o‘rtasidagi farq qariyb 20 ming so‘mga teng.
Toshkent shahridan keyingi eng yuqori narx Surxondaryoda qayd etildi. Uning bir kilosi 132 ming 151 so‘mni tashkil qilgan. Jizzaxda bu ko‘rsatkich 129 ming 61 so‘m, Samarqandda esa 128 ming 230 so‘m bo‘ldi. Eng arzon narxlar Qoraqalpog‘istondan keyin Namangan va Navoiy viloyatlarida kuzatildi.
Bir hafta ichida mol go‘shti narxi eng ko‘p Toshkent viloyatida oshib, 123 ming 655 so‘mdan 124 ming 108 so‘mga yetdi.
Tuman va shaharlar kesimida narxlar o‘rtasidagi tafovut yanada kattaroq. Eng qimmat mol go‘shti Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida — 139 ming so‘m, eng arzoni esa Navoiy viloyatining Tomdi tumanida — 98 ming 750 so‘m bo‘lgan. Bu ikki hududdagi narxlar o‘rtasidagi farq 40 ming 250 so‘mni tashkil etadi.
Hafta davomida narx eng ko‘p Olmaliq shahrida oshdi. Bu yerda bir kilogramm mol go‘shti 123 ming 421 so‘mdan 130 ming so‘mga ko‘tarildi. Bo‘zatov tumanida esa narx 116 ming so‘mdan 107 ming 857 so‘mga tushdi. Olmaliqda 5,3 foizlik qimmatlashish, Bo‘zatovda esa 7 foizlik arzonlashish qayd etildi.
Umuman olganda, mamlakat bo‘yicha mol va qo‘y go‘shti narxi bir haftada 0,1 foizga oshgan. Biroq hududlar kesimida narxlar o‘rtasidagi farq ancha katta. Xususan, tuman va shaharlar orasida bir kilogramm mol go‘shti narxi 40 ming so‘mdan ortiq farq qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oktabr oyining birinchi yarmida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida kuzatilgan o‘zgarishlarni ham tahlil qilgan edik.
Теглар






