add

Hindistonda ham havoni ifloslantirayotgan tandirlar taqiqlandi

16.12.2025 | 22:383402 daqiqa

Dehlida havo ifloslanishi xavfli darajaga chiqqani sabab, hukumat ko‘mir va o‘tinda ishlaydigan tandirlarni taqiqladi, oshxonalarni toza yoqilg‘iga o‘tkazmoqda.

Hindistonda ham havoni ifloslantirayotgan tandirlar taqiqlandi

Hindiston poytaxti Dehlida havo sifati inqirozi keskinlashar ekan, shahar hukumati restoran va umumiy ovqatlanish nuqtalaridan ko‘mir yoki o‘tin yoqadigan tandirlardan foydalanishni to‘liq to‘xtatishni talab qildi, deb xabar bermoqda India Today.

Dehli ifloslanishni nazorat qilish qo‘mitasi (DPCC) barcha mehmonxona, restoran va ochiq ovqatlanish shoxobchalariga tandirlarni faqat elektr, gaz yoki boshqa toza yoqilg‘i asosida ishlatish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Xabarda aytilishicha, seshanba kuni ertalab shaharning ayrim hududlarida havo sifati indeksi (AQI) taxminan 400 atrofida qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich «xavfli» toifaga kiradi va aholi salomatligi uchun jiddiy xatarlardan dalolat beradi. Tandirlar bo‘yicha taqiq esa o‘tgan hafta joriy etilgan.

PTI agentligiga ko‘ra, qaror «Havoni ifloslanishdan muhofaza qilish va nazorat qilish to‘g‘risida»gi qonun (1981)ning 31(A)-moddasi asosida chiqarilgan. Unga muvofiq, barcha umumiy ovqatlanish korxonalari zudlik bilan ko‘mir va o‘tindan voz kechib, toza yoqilg‘iga asoslangan uskunalarga o‘tishi shart.

Dehli — NCR mintaqasida havo sifati yanada yomonlashgani ortidan o‘tgan hafta shanba kuni GRAP rejasining IV bosqichi («juda og‘ir+») kuchga kiritilgan. Ushbu bosqich doirasida biomassa, chiqindi yoki shu kabi materiallarni ochiq holda yoqish qat’iy taqiqlanadi.

Shuningdek, shahar mahalliy idoralari — munitsipal tuzilmalar rahbarlari va muhandislari o‘z hududlaridagi ovqatlanish nuqtalarini tekshirib, ko‘mir va o‘tindan foydalanish darhol to‘xtatilishini ta’minlashi topshirilgan. Qaror barcha mas’ul idoralarga pochta va elektron manzillar orqali yuborilgan.

Avvalroq Andijon viloyatida havo ifloslanishiga qarshi reydlar doirasida ayrim somsaxonalardagi tandirlar ekskovatorlar bilan buzib tashlangani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid