Ikkinchi jahon urishidan so‘ng shakllangan jahon tartibi barbod bo‘ldimi?
Myunxen xavfsizlik konferensiyasida yetakchi siyosatchilar Ikkinchi jahon urushi ortidan shakllangan tizim amalda parchalanganini tan oldi. Investor Rey Dalio buni yangi davr boshlanishi deb baholadi.

Myunxenda o‘tgan xavfsizlik konferensiyasida jahon yetakchilari xalqaro tartibning inqirozini ochiq e’tirof etdi. 2026 yilgi xavfsizlik hisoboti «Parchalanish arafasida» deb nomlandi va global institutlar zaiflashayotgani qayd etildi. Germaniya kansleri Fridrix Mers «avvalgi jahon tartibi endi yo‘q» ekanini ta’kidlab, uning o‘rnini katta davlatlar o‘rtasidagi keskin raqobat egallaganini aytdi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropada eski xavfsizlik arxitekturasi barham topganini, qit’a ehtimoliy harbiy to‘qnashuvlarga tayyor turishi lozimligini bildirdi. AQSH davlat kotibi Marko Rubio ham «yangi geosiyosiy davr» boshlanganini tan oldi.
Milliarder va investor Rey Dalio ijtimoiy tarmoqda bu jarayonni «Buyuk sikl»ning oltinchi bosqichi, ya’ni global beqarorlik davri sifatida tavsifladi. Uning fikricha, xalqaro huquq o‘rnini kuch siyosati egallamoqda, qarorlar esa institutsional mexanizmlar emas, bosim va namoyishkorona kuch orqali qabul qilinmoqda.
Besh turdagi urush
Dalio tahliliga ko‘ra, davlatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvdan oldin boshqa vositalardan foydalanmoqda. Bular iqtisodiy urushlar, texnologik cheklovlar, geosiyosiy bosim, kapital va moliyaviy sanksiyalar hamda nihoyat harbiy harakatlardir.
U 1930-yillar tajribasini eslab, Buyuk depressiya populizm va avtoritarizm kuchayishiga olib kelganini qayd etdi. Iqtisodiy bosimlar ko‘p hollarda ochiq urushdan avval boshlanadi. Masalan, 1941 yil oldidan AQSH Yaponiya aktivlarini muzlatib, neft embargosi joriy etgan.
Harbiy iqtisodiyot sharoitida davlatlar tovarlarni normalash, narxlarni belgilash, kapital harakatini cheklash va pul emissiyasini oshirishga o‘tadi. Bu esa qog‘oz valutalar qadrsizlanishiga olib keladi.
Investorlar uchun signal
Dalioning ta’kidlashicha, bunday davrlarda moliyaviy instrumentlar siyosiy bosim vositasiga aylanishi mumkin. Tarixan olganda, beqarorlik sharoitida oltin kabi qat’iy aktivlar kapitalni saqlashda samarali vosita bo‘lgan.
Myunxendagi bayonotlar, uning fikricha, oddiy ritorika emas, balki global xavfsizlik kafolatlari zaiflashganini ko‘rsatuvchi rasmiy signaldir. Bu esa investorlar va fuqarolar uchun yangi xavflar va o‘zgargan qoidalarni anglatadi.





