AQSH–Eron mojarosining 46-kuni

Bugun 08:406 daqiqa

AQSH Eron portlarini qamal qilishni boshladi, biroq Tramp Tehron bilan kelishuvga erishish imkoniyati hali ham mavjudligini ma’lum qildi.

AQSH–Eron mojarosining 46-kuni

Prezident Доналд Tramp AQSH Eron portlarini qamal qilganiga qaramay, Tehron bilan kelishuvga erishish uchun hali ham imkoniyat borligini ma’lum qildi. Ayni paytda Isroil Livan janubidagi hujumlarini yanada kuchaytirdi.

Eron Vashingtonni «qaroqchilik»da aybladi. Tehronda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashuvlarini nishonga oluvchi ushbu qarorga qarshi minglab odamlar ishtirokida namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda.

«Associated Press» agentligining xabar berishicha, diplomatik sa’y-harakatlar davom etmoqda: Pokiston shu hafta Islomobodda muzokaralarning ikkinchi raundini o‘tkazishni taklif qilgan.

Erondagi vaziyat

  • AQSH qamali va namoyishlar: AQSH tomonidan joriy etilgan cheklovlar kuchga kirdi. Bu Tehronda dengiz qatnoviga qo‘yilgan taqiqlarga qarshi norozilik namoyishlariga va Eron tomonidan Vashingtonning «qaroqchilik»da ayblanishiga sabab bo‘ldi.

  • Tehron qamalni «noqonuniy» deb atadi: Eron Qurolli kuchlari ushbu harakatni qonunga xilof deb qoralab, portlarning nishonga olinishi Fors ko‘rfazidagi kema qatnovini xavf ostida qoldirishidan ogohlantirdi.

  • IIMK (Inqilob qo‘riqchilari) eskalatsiyadan ogohlantirdi: Islom inqilobi muhofizlari korpusi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Eron hali «ishlatilmagan imkoniyatlarga» ega va agar mojaro chuqurlashsa, yangi taktikalarni qo‘llashi mumkin.

  • Tehron Papani qo‘llab-quvvatladi: Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof Rim papasi Leo XIV ning urushni qoralab chiqqanini olqishlab, uning pozitsiyasini «qo‘rqmas» deb atadi.

  • Rossiya yadroviy mutaxassislarini olib chiqib ketmoqda: Eron atom energiyasi agentligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Moskva ko‘magida qurilgan mamlakatdagi yagona atom elektr stansiyasidan o‘z xodimlarining katta qismini olib chiqib ketgan.

Urush diplomatiyasi

  • Qatar vositachilikka chaqirdi: Qatar Tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdulrahmon bin Jassim Ol Soniy Eron va AQSHni vositachilik harakatlarida konstruktiv ishtirok etishga chaqirdi.

  • Pokiston: «O‘t ochishni to‘xtatish rejimi saqlanib qolmoqda»: Bosh vazir Shahboz Sharifning aytishicha, AQSH va Eron o‘rtasidagi sulh rejimi amal qilmoqda. O‘tgan dam olish kunlaridagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugagach, yangi kelishuvga erishish borasidagi harakatlar davom ettirilmoqda.

  • Yuk tashishdagi uzilishlar ortib bormoqda: BMT vakili «harbiy yechim yo‘q»ligini ta’kidlab, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi beqarorlik global iqtisodiy zaiflikni yanada kuchaytirayotganidan ogohlantirdi. Xabarlarga ko‘ra, 20 000 ga yaqin kema yo‘lda qolib ketgan, ta’minot zanjirlari, xususan, o‘g‘it yetkazib berish jiddiy bosim ostida qolmoqda.

  • Livanni kelishuvga kiritish harakati: Buyuk Britaniya Livanni AQSH–Eron o‘rtasidagi keng ko‘lamli o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga kiritishga chaqirdi. Hozirda ushbu kelishuv «Hizbulloh» ishtirokidagi to‘qnashuvlarni o‘z ichiga olmaydi.

  • Janglar davom etayotgan bir paytda muzokaralar rejalashtirilmoqda: Isroil va Livan elchilari seshanba kuni Vashingtonda urushni to‘xtatishga qaratilgan muzokaralar o‘tkazadi.

  • «Hizbulloh» muzokaralarni rad etdi: «Hizbulloh» yetakchisi Naim Qosim Livanni Vashingtondagi uchrashuvni bekor qilishga chaqirib, guruhning Isroil bilan har qanday to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga qarshi ekanini yana bir bor ta’kidladi.

  • Rossiya Eronning uranini qabul qilishga tayyor: Kreml AQSH bilan ehtimoliy kelishuv doirasida Eronning boyitilgan uranini qabul qilish bo‘yicha taklifini yana bir bor tasdiqladi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu taklif prezident Vladimir Putin tomonidan AQSH va mintaqa davlatlari bilan muloqotlar chog‘ida ilgari surilgan.

AQSHdagi vaziyat

·         Eron «kelishuv istamoqda»: Pokistondagi muzokaralar natijasiz tugaganidan so‘ng, Donald Tramp Eron vakillari tinchlik shartnomasi bo‘yicha muloqotga chiqqanini ma’lum qildi. «Ular kelishuvga erishishni juda-juda xohlashmoqda», — dedi u jurnalistlarga aloqaga kim chiqqanini ochiqlamasdan.

·         Tramp Rim papasi haqidagi so‘zlari uchun uzr so‘ramadi: Tramp Rim papasi Leo XIV ning mojaroni to‘xtatish haqidagi chaqirig‘ini tanqid qilgani uchun «uzr so‘raydigan joyi yo‘qligini» bildirdi. U pontifikni Eron masalasi kabi muhim mavzularda «zaiflik» qilayotganlikda aybladi.

·         Eron kemalariga nisbatan ogohlantirish: Trampning ta’kidlashicha, AQSH kuchlari hozirda amal qilayotgan dengiz qamali hududiga yaqinlashgan har qanday Eronning «tezkor hujumchi kemalari»ni yo‘q qiladi.

·         Ichki siyosat va urush vakolatlari: Chak Shumer boshchiligidagi Senat demokratlari Trampning Eronga qarshi urush olib borish vakolatlarini cheklash bo‘yicha navbatdagi ovoz berish jarayonini o‘tkazishga intilmoqda. Shumer AQSHda yoqilg‘i narxining oshishini misol keltirib, ushbu harbiy kampaniyani «ulkan muvaffaqiyatsizlik» deb atadi.

·         Namoyishchilarning hibsga olinishi: Nyu-York politsiyasi Manxettenda Eron bilan urush va AQSHning Isroilga qurol yetkazib berishiga qarshi norozilik bildirib, yo‘l harakatini to‘sgan 90 ga yaqin kishini hibsga oldi.

Isroildagi vaziyat

·         Isroil «bufer zona» yaratmoqda: Isroil armiyasi Livan janubida yer usti tajovuzlarini va havo hujumlarini davom ettirmoqda. «Bufer zona» yaratish maqsadida Nakura kabi chegaraoldi shaharchalaridagi binolar buldozerlar yordamida vayron qilinmoqda.

·         «Hizbulloh» hujumlarni kuchaytirdi: Guruh jangchilari Bint-Jbayl va Bayyada kabi hududlarda Isroil qo‘shinlari va harbiy texnikalariga raketa hamda dronlar bilan zarbalar berdi.

·         Isroilga qarshi ayblovlar: «Hizbulloh» yetakchisi Isroil бош vaziri Binyamin Netanyaxuni AQSH ko‘magida «Buyuk Isroil» loyihasini amalga oshirishga intilayotganlikda aybladi.

·         Italiya bilan keskinlik: Italiya Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani Bayrutga berilgan zarbalarni (300 dan ortiq kishi halok bo‘lgani haqidagi xabarlar ortidan) «qabul qilib bo‘lmas» deb qoralagach, Isroil Italiya elchisini tushuntirish berish uchun chaqirtirdi.

·         Isroil harbiylari Livan janubidagi janglarda bir askar halok bo‘lganini va yana uch nafari jarohatlanganini tasdiqladi.

Livandagi vaziyat

·         Isroil Livanga hujumlarni davom ettirmoqda: Livan janubiga bostirib kirish shiddati oshgan bir paytda, 2-martdan beri Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 2089 kishiga yetdi.

·         Seshanba kuni Isroil droni Nabatiya yaqinida harakatlanayotgan avtomobilga zarba berishi oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, Isroil kuchlari Bekaa vodiysi sharqidagi Mashg‘ara va Sohmor shaharlariga ikkita havo hujumi uyushtirgan.

·         Jamoatchilik fikri ikkiga bo‘lingan: Livan fuqarolari muzokaralar borasida turlicha fikrda. Ba’zilar urushdan charchaganliklarini va diplomatik yechimdan umid qilayotganliklarini bildirsa, boshqalar Isroilning niyatlariga shubha bilan qaramoqda va har qanday kelishuv barqaror bo‘lishiga ishonishmayapti.

·         Kanada Tashqi ishlar vaziri Anita Anand Livan janubida Kanada fuqarosi halok bo‘lganini tasdiqladi, biroq voqea tafsilotlarini ochiqlamadi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va energetika inqirozi

·         «Reuters» agentligining xabar berishicha, Vashington tomonidan sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan Xitoy tankeri AQSHning dengiz qamaliga qaramay, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tgan. Tanker va uning egasi «Shanghai Xuanrun Shipping Co Ltd» kompaniyasi avvalroq Eron bilan aloqalari uchun AQSH sanksiyalariga duchor bo‘lgan edi.

·         AQSH Energetika vaziri Kris Rayt «Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi to‘liq tiklanmaguncha» neft narxi ko‘tarilishda davom etishi mumkinligidan ogohlantirdi.

 

Teglar

Mavzuga oid