Ilon Maskning maoshi, foydaning yo‘qolishi va 38 sahifalik xatarlar: «SpaceX» IPO oldidan nimalarni oshkor qildi?

Bugun 10:256 daqiqa

«SpaceX» investorlarga o‘tgan yili qariyb 5 milliard dollar zarar ko‘rganini ma’lum qildi va Ilon Maskning ehtimoliy ketishini biznes uchun asosiy xatarlardan biri sifatida ko‘rsatdi.

Ilon Maskning maoshi, foydaning yo‘qolishi va 38 sahifalik xatarlar: «SpaceX» IPO oldidan nimalarni oshkor qildi? © habrastorage.org

«SpaceX» 20-may kuni tarixdagi eng yirik IPO bo‘lishi mumkin bo‘lgan aksiyalarning birlamchi ommaviy joylashuvi bo‘yicha prospektni e’lon qildi.

IPO haqida nimalar ma’lum bo‘ldi?

«SpaceX» o‘z aksiyalarini «Nasdaq»da joylashtirishni tanladi. Aksiyalar iyun oyidan SPCX tikeri ostida savdo qilina boshlaydi.

Kompaniya IPO orqali qancha mablag‘ jalb qilmoqchi ekani va qanday baholanayotgani prospektda ochiqlanmagan. Avvalroq «Financial Times» manbalarga tayanib, kompaniya taxminan 75 milliard dollar jalb qilish va 1,75 trillion dollar bahoga ega bo‘lish masalasini muhokama qilayotganini yozgan edi.

Ilon Mask va ayrim yirik investorlar savdolar boshlanganidan keyin 366 kun davomida o‘z aksiyalarini sotmaslik majburiyatini olgan. Qolgan aksiyadorlar uchun esa 180 kunlik cheklov joriy etilgan. Biroq ayrim aksiyalar bo‘yicha bu cheklovlar muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.

«SpaceX»ni kim nazorat qiladi?

2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, Ilon Mask «SpaceX»ning ovoz beruvchi aksiyalarining 85,1 foiziga egalik qilgan. Bu esa uni kompaniyadan chetlatishni deyarli imkonsiz qiladi.

Prospektda kompaniya Ilon Mask faoliyati va samaradorligiga «juda katta darajada bog‘liq» ekani, uning qarashlari va tajribasi biznes uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani qayd etilgan.

«U kompaniya o‘sishi, innovatsiyalar va operatsion muvaffaqiyatning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Uning yo‘qotilishi (jumladan vafoti yoki mehnatga layoqatsizligi) yoki hozirgi vazifalarini davom ettirishni istamasligi boshqaruv tizimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi, strategik rejalar ijrosini yomonlashtirishi hamda kompaniya obro‘si va mijozlar, hamkorlar hamda boshqa manfaatdor tomonlar bilan munosabatlarga salbiy ta’sir qilishi mumkin», – deyiladi «SpaceX» IPO prospektida.

«SpaceX» moliyasi haqida nimalar ma’lum bo‘ldi?

«SpaceX»ning o‘tgan yilgi tushumi 18,7 milliard dollarni tashkil etdi va yillik hisobda 33 foizga o‘sdi. Biroq kompaniya 791 million dollarlik foydadan keyin 4,94 milliard dollar sof zarar qayd etdi. «SpaceX» xarajatlarning keskin oshishi sabab zararga kirgan.

2025-yilda kapital xarajatlar 85 foizga oshib, 20,7 milliard dollarga yetgan. «SpaceX» buni «Starship», «Starlink» tarmog‘ini kengaytirish va sun’iy intellektga investitsiyalar bilan izohladi.

Kompaniyaning asosiy daromad manbai – past orbitadagi sputniklar orqali internet xizmati ko‘rsatuvchi «Starlink» bo‘lib qolmoqda. 2025-yilda u 11 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan, bu esa kompaniya umumiy tushumining 70 foiziga teng. Mart oyi oxiri holatiga ko‘ra, servis abonentlari soni 10 millionga yaqinlashgan – bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p.

Keyingi uch yil ichida «SpaceX» sun’iy intellekt startapi «Anthropic»dan taxminan 45 milliard dollar oladi. Kosmik kompaniya «Claude» ishlab chiquvchisiga o‘z data-markazlaridagi hisoblash quvvatlarini oyiga taxminan 1,25 milliard dollar evaziga ijaraga bergan.

31-mart holatiga ko‘ra, SpaceX qarzi 29,132 milliard dollarga yetgan. Xatarlar bo‘limida kompaniya kelajakda foydaga chiqmasligi yoki foydaga chiqqan taqdirda ham uni doimiy saqlab qola olmasligi mumkinligidan ogohlantirgan. Shuningdek, kelajakda kapital va operatsion xarajatlar yanada ortishi kutilayotgani ta’kidlangan.

«The Wall Street Journal»ning yozishicha, «SpaceX»ning moliyaviy ahvoli boshqa yirik Amerika kompaniyalariga qaraganda ancha zaif. Masalan, kompaniya kutgan baholashga yaqin kapitalizatsiyaga ega «Meta» o‘tgan yili 11 baravar ko‘proq tushum va 60 milliard dollar foyda olgan.

Umuman olganda, AQSHning eng yirik 15 kompaniyasi odatda yillik tushumining taxminan yetti baravariga baholanadi. Agar «SpaceX»ning yakuniy bahosi 1,5 trillion dollar bo‘lsa, u o‘z tushumining 80 baravariga baholangan bo‘ladi.

Ilon Mask qancha maosh oladi?

«SpaceX» hujjatlarida top-menejerlar maoshlari ham ochiqlangan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Ilon Maskning asosiy yillik maoshi 2019-yildan beri o‘zgarmasdan 54 080 dollar darajasida qolmoqda.
Biroq uning mukofot tizimi kompaniya maqsadlariga erishishga qarab aksiyalar berishni nazarda tutadi.
Ilon Mask maksimal darajadagi mukofotni olishi uchun «SpaceX» Marsda kamida 1 million aholiga ega doimiy koloniya tashkil qilishi va kompaniya bozor kapitalizatsiyasi 7,5 trillion dollarga yetkazilishi kerak.

«SpaceX»ga investitsiya qilmoqchi bo‘lganlar qanday xatarlarni bilishi kerak?

«SpaceX» o‘z IPO prospektida xatarlar haqida 38 sahifalik ma’lumot bergan. Ularni shartli ravishda bir nechta toifaga bo‘lish mumkin:

Texnologik xatarlar. Kompaniya o‘z rivojlanish strategiyasi ko‘p jihatdan «Starship» – qayta foydalaniladigan o‘ta og‘ir raketa-tashuvchi dasturiga tayanishi haqida ogohlantirdi. Prospektda aytilishicha, uning sanoat miqyosida ishlab chiqarilishi sur’atiga qarab «SpaceX» yangi avlod sputniklarini joylashtira oladimi va sun’iy intellekt uchun orbitadagi data-markazlarni yarata oladimi – shu hal bo‘ladi. «SpaceX» «Starship» bo‘yicha belgilangan maqsadlarga kutilgan muddatlarda yoki umuman erishishini» kafolatlay olmasligini bildirdi.

«SpaceX»ning ko‘plab loyihalari o‘xshashiga ega emas – masalan, orbitadagi data-markazlar yoki Oy va Marsni o‘zlashtirish. Kompaniya tan olishicha, ularning amalga oshish muddatini aniq belgilash qiyin va oxir-oqibat bu loyihalar muvaffaqiyatsiz ham tugashi mumkin.

«SpaceX» raketa uchirishlari tabiiy ravishda avariya xatarlari bilan bog‘liqligini eslatdi. Kompaniya na raketalarni, na sputniklarni va na boshqa yuklarni sug‘urta qiladi. Shuning uchun ular yo‘qotilsa, barcha moliyaviy zararni o‘zi qoplaydi. Bundan tashqari, avariya holatlarida raketa bo‘laklari yerdagi odamlar yoki mulkka zarar yetkazishi ham mumkin.

Regulyator xatarlar. «SpaceX» biznesi AQSHda ham, xalqaro miqyosda ham qattiq tartibga solinadi. Kosmik uchirishlar uchun litsenziya olish talab qilinadi va bu jarayondagi har qanday kechikish parvozlarni qoldirish yoki bekor qilishga, mijozlar oldidagi majburiyatlarni buzishga va xarajatlarning o‘sishiga olib kelishi mumkin.

Qo‘shimcha xatarlar sun’iy intellekt va ijtimoiy tarmoqlar sohasidagi tartibga solish bilan bog‘liq. «SpaceX» ta’kidlashicha, bu sohalardagi qonunchilik (masalan, ma’lumotlar maxfiyligi, kiberxavfsizlik, voyaga yetmaganlarni himoya qilish va h.k.) doimiy ravishda o‘zgarmoqda va «turlicha talqin qilinishi mumkin». Shu sababli kompaniya mahsulotlarini o‘zgartirishga yoki katta jarimalar xavfiga duch kelishga majbur bo‘lishi mumkin.

Prospektda «Grok» sun’iy intellekt modelidagi ayrim funksiyalar – xususan, «Spicy» va «Unhinged» rejimlari yuqori xatarli ekani ham aytilgan. Bu rejimlar ancha provokatsion va ochiq javoblar beradi. Agar «Grok» chegaradan chiqib ketsa, «SpaceX» obro‘siga putur yetishi, sud da’volariga va foydalanuvchilar hamda reklama beruvchilarning salbiy reaksiyasiga duch kelishi mumkin.

Kosmik xatarlar. «Kosmos o‘z tabiatiga ko‘ra xavfli muhit», – deb yozadi kompaniya. Uning raketa va sputniklari harorat o‘zgarishlari, radiatsiya va kosmik chiqindilar bilan to‘qnashuv xavfiga duch keladi. Ayniqsa, «SpaceX» rejalashtirayotgan orbitadagi data-markazlar loyihasi murakkab hisoblanadi. Bunday infratuzilma avval hech qachon kosmosda ishlatilmagan va joylashtirilgandan keyin ta’mirlash imkoni bo‘lmaydi. Har qanday texnik nosozlik hisoblash quvvatlarining butunlay yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

Tabiiy ofatlar va geosiyosiy mojarolar xavfi. «SpaceX» uchun sputniklar, yerdagi obyektlar va data-markazlar kabi butun infratuzilmaning uzluksiz ishlashi juda muhim. Kiberhujum, tabiiy ofat, yong‘in, urush yoki texnik nosozlik kabi har qanday uzilish butun operatsion zanjir bo‘ylab jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin – «Starlink» abonentlarining aloqadan uzilishi yoki orbitadagi tizimlarning ishdan chiqishigacha.
«SpaceX», shuningdek, uning sputniklari mojaro hududlarida aloqa ta’minlash uchun ishlatilgani sababli sanksiyalarga uchrashi mumkinligini ham ta’kidladi. Bundan tashqari, «kosmosning harbiylashuvi» natijasida sputniklar hujumga uchrashi xavfi ham mavjud.

Noqulay makroiqtisodiy sharoitlar. Retsessiya, inflatsiya o‘sishi va iste’mol xarajatlarining qisqarishi «Starlink» xizmatlari hamda SI asosidagi mahsulotlarga talabni kamaytirishi mumkin.

Ilon Mask. Kompaniya bosh direktori ham xatarlar bo‘limida alohida qayd etilgan. «SpaceX» investorlarga Mask kompaniya uchun juda muhim ekanini va uni yo‘qotish katta zararlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor eslatdi. Kompaniya uning hayotini sug‘urta qilmagan.

Kompaniya ogohlantirgan boshqa xatarlar qatorida xakerlik hujumlari, yetkazib beruvchilar tomonidan uzilishlar, bozordagi kuchli raqobat, iqtidorli mutaxassislar uchun kurash, davlat shartnomalariga yuqori darajada bog‘liqlik (o‘tgan yili ular «SpaceX» tushumining taxminan 20 foizini tashkil etgan) va boshqalar bor.

Teglar

Mavzuga oid