Innovatsiyaga pul tikilmoqda: Ixtirochi va olimlarni rag‘batlantirishning yangi tizimi joriy etildi
O‘zbekistonda intellektual faoliyat sohasida tanlovlar o‘tkazish tartibi tasdiqlandi.

O‘zbekiston hukumati qarori bilan “Intellektual faoliyat bo‘yicha tanlovlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Ushbu Nizom intellektual faoliyat bo‘yicha tanlovlarni tashkil etish, o‘tkazish, tanlov ishtirokchilarini baholash va g‘oliblarini taqdirlash tartibini belgilaydi.
Nominatsiyalar
Nizomga ko‘ra, tanlovlar intellektual faoliyatning turli yo‘nalishlarini qamrab oladi. Xususan, “Eng yaxshi ixtiro”, “Eng yaxshi foydali model”, “Eng yaxshi sanoat namunasi”, “Eng yaxshi elektron hisoblash mashinasi uchun yaratilgan dastur va ma’lumotlar bazasi” hamda “Eng yaxshi seleksiya yutug‘i” kabi nominatsiyalar joriy etilgan.
Ikki bosqichli tizim
Tanlovlar ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida tashkil etiladi. Ikkinchi bosqich esa respublika miqyosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, tashkilotchi har yili 1-mayga qadar tanlov shartlari va baholash mezonlarini tasdiqlaydi hamda o‘z rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tanlovni e’lon qiladi.
Mukofotlar miqdori
Nizomga muvofiq, respublika bosqichi g‘oliblari va sovrindorlari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Jumladan, birinchi o‘rin uchun BHMning 150 baravari, ikkinchi o‘rin uchun 125 baravari va uchinchi o‘rin uchun 100 baravari miqdorida mukofot puli belgilangan.





