
Investorlar soliq, yer ajratish va energetika sohalaridagi muammolarni sanashdi
2026 yilda O‘zbekistonga xorijiy sarmoyalar oqimini kuchaytirish uchun yangi strategik yo‘nalishlar to‘plami qabul qilindi.

19-noyabr kuni Toshkentda Xorijiy investorlar Kengashining 5-oraliq sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov raisligida, YeTTBning Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Andi Aranitas moderatorligida yirik muhokamalar o‘tkazildi.
Tadbirda xalqaro kompaniyalar, moliya institutlari va davlat idoralari vakillari qatnashdi. Ular sarmoyachilar to‘sqinliklariga oid masalalar, idoralararo hamkorlikni yaxshilash va 2026 yil uchun ustuvor vazifalarni muhokama qildilar, deb xabar bermoqda Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi axborot xizmati.
Kengashning 8 ta Ishchi guruhi tomonidan tayyorlangan 40 dan ortiq tashabbus — jumladan, korporativ qonunchilikni yangilash, mas’ul biznes standartlari va sarmoya jalb qilish mexanizmlariga oid yechimlar taqdim etildi.
Investorlar soliq, yer ajratish va energetika sohalaridagi mavjud muammolar bo‘yicha aniq takliflar bildirdilar. Kelgusidagi hamkorlik qadamlari amaliy kelishuvlar shaklida bayon etildi.
2026 yil uchun mo‘ljallangan yangi strategik yo‘nalishlar — sun’iy intellekt (AI), ESG standartlari, inson kapitali, kreativ iqtisodiyot va mintaqaviy integratsiya masalalarini qamrab oldi. Barcha kelishuvlar maxsus bayonnoma bilan rasmiylashtirildi va bajarilish uchun amalga oshirish rejasiga aylantirildi.





