Ipak Yo‘li banki boshqaruvi raisi o‘zgardi

Bugun 21:012 daqiqa

Bank aksiyadorlari yig‘ilishida tayinlovga qadar bankni boshqarib kelgan Saydabror Saydahmedov lavozimidan ozod etildi.

Ipak Yo‘li banki boshqaruvi raisi o‘zgardi

Umidjon Hakimov «Ipak Yuli Bank» boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda bank aksiyadorlarining 2026 yil 26-may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd tilishicha, 2018 yilning yanvar oyidan beri bankni boshqarib kelgan Saydabror Saydahmedov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan.

Yangi rahbar nomzodi Markaziy bank bilan kelishilgandan so‘ng mazkur lavozimga rasman tasdiqlangan hisoblanadi.

Hakimov mazkur tayinlovga qadar (joriy yilning aprel oyidan buyon) bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi.

Yangi rahbarning tarjimai holi va bank tarixi

Umidjon Hakimov 1971 yilda tug‘ilgan, bank tizimida 25 yildan ortiq tajribaga ega. U 2002 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2011 yilda London Biznes maktabining (LBS) MBA dasturini tamomlagan.

2

Umidjon Xakimov / Foto: Ipak Yuli Bank

Mehnat faoliyatini 1999 yilda aynan «Ipak Yuli Bank»da boshlagan bo‘lib, keyinchalik «ABN AMRO Bank NB Uzbekistan A.O.» (2006-2008) va «Royal Bank of Scotland NB Uzbekistan CJSC» (2008-2011) banklarida ishlagan.

Shuningdek, 2011-2021 yillarda «Aziya Alyans bank» boshqaruv raisi o‘rinbosari, 2021-2023 yillarda ushbu bank boshqaruvi raisi, 2023 yil noyabrdan 2026 yil apreligacha «Ipoteka bank OTP Group» boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

1

Saydabror Saydaxmedov / Foto: Ipak Yuli Bank

«Ipak Yuli Bank» 1990 yilda O‘zbekistonning birinchi xususiy banki sifatida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 4,5 milliondan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatadi. Bank tomonidan 6 milliondan ortiq karta chiqarilgan bo‘lib, mamlakat bo‘ylab 900 dan ziyod bankomat va 20 000 ta POS-terminallar tarmog‘iga ega. Saydabror Saydaxmedov rahbarligi davrida bank chakana va raqamli biznesdagi pozitsiyalarini mustahkamlab, keng qamrovli rebrendingni amalga oshirgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Ipak Yo‘li banki boshqaruvi raisi o‘zgardi | Vaqt.uz