Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash: dunyo 10 yil ichida nimalarga erishdi?

Kecha 21:405 daqiqa

Okean suvlarining isishi va marjon riflarining yo‘qolishi sayyoramizning qaytarib bo‘lmas inqiroz ostonasida turganidan darak beradi. Burilish nuqtalari allaqachon boshlangan bo‘lishi mumkin va bu insoniyatdan tezkor choralarni talab etadi.

Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash: dunyo 10 yil ichida nimalarga erishdi?

2015 yilda Parij iqlim kelishuvi qabul qilinganda, BMTning COP21 sammiti ishtirokchilari buni gulduros qarsaklar bilan kutib olgan, hatto ba’zilarning ko‘ziga yosh kelgan edi.

Bu iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda tub burilish nuqtasi bo‘ldi. Tarixda ilk bor 200 ga yaqin mamlakat global isishni to‘xtatish va sayyoradagi haroratning 1,5 darajadan oshishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini o‘z zimmasiga oldi.

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 1,5 darajalik chegara sayyora uchun kritik nuqta hisoblanadi. BMT bugungi kunda ushbu chegaradan o‘tib ketishni «muqarrar» deb baholab, bu butun dunyo uchun halokatli oqibatlar keltirib chiqarishidan ogohlantirmoqda.

2015 yilda Parij kelishuvi imzolanganidan beri global isishga qarshi kurashda sezilarli yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, ekspertlar dunyo jar yoqasida turganini aytmoqda. Mamlakatlar neft, gaz va ko‘mir yoqishda davom etayotgani sababli sayyorada harorat ko‘tarilmoqda. Bu esa halokatli to‘fonlar, suv toshqinlari va anomal issiqlik kabi tabiiy ofatlarni keltirib chiqarmoqda. O‘tgan o‘n yillik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq davr bo‘ldi, o‘tgan yili esa bu borada haqiqiy «antirekord» qayd etildi.

Sayyorada haroratning ko‘tarilishi

Bu yil dunyo yetakchilari har yilgi global iqlim sammiti — COP31 doirasida Antalyada to‘planadi. Olimlarning ogohlantirishicha, sayyorada harorat qanchalik ko‘tarilgan bo‘lmasin, darajaning har bir ulushi hamon muhim ahamiyatga ega. Zero, millionlab insonlarning xavfsiz yashashi yoki aziyat chekishi aynan shunga bog‘liq. Global isish tufayli har daqiqada bir kishi hayotdan ko‘z yummoqda. Qazilma energiya manbalaridan foydalanish bilan bog‘liq havo ifloslanishi oqibatida har yili 2,5 million kishi vafot etadi.

Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi ulkan iqtisodiy zarar ham keltirmoqda: hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan yili buning oqibatida jahon iqtisodiyoti ko‘rgan zarar 304 milliard dollarni tashkil etdi.

Muhim ekotizimlar yo‘q bo‘lib ketish arafasida turibdi. Bu yil iqlim masalasidagi dastlabki «burilish nuqtasi» yuz berdi: dunyo okeanida suv haroratining ko‘tarilishi marjon riflarining ommaviy nobud bo‘lishiga olib keldi. Bu riflar dunyodagi eng boy ekotizimlardan biri bo‘lib, dengizdagi barcha tirik mavjudotlarning to‘rtdan bir qismi aynan shu yerda yashaydi. Olimlar tez orada navbatdagi burilish nuqtalari — Amazonka o‘rmonlarining yo‘q bo‘lishi va okean oqimlarining o‘zgarishi yuz berishi mumkinligidan xavotirda.

Issiqxona gazlari bilan bog‘liq vaziyat qanday?

Bunday og‘ir vaziyat Parij kelishuvidan keyin ham qazilma yoqilg‘ilardan foydalanish to‘xtamagani sababli yuzaga keldi. O‘tgan yili issiqxona gazlari chiqindilari rekord darajaga yetdi, hozirda ular 1990 yildagi ko‘rsatkichlardan 65 foizga yuqori. Parij kelishuvi maqsadlariga erishish uchun dunyoda issiqxona gazlari chiqindilari miqdori eng yuqori nuqtadan o‘tgach, hozirning o‘zidayoq keskin kamayishni boshlashi zarur. Biroq yaqinda o‘tkazilgan tahlillar bu jarayon sekinlashayotganidan dalolat bermayapti.

O‘tgan yili inson faoliyati — ko‘mir, neft va gaz yoqilishi sababli atmosferaga 53,2 gigatonna chiqindi chiqarildi va CO2 miqdori keskin oshdi. Bu hajmning uchdan ikki qismi atigi 8 ta yirik iqtisodiyot — Xitoy, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Rossiya, Indoneziya, Braziliya va Yaponiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Ular orasidan faqat YI va Yaponiyagina o‘tgan yilgiga nisbatan o‘z chiqindilari hajmini kamaytira oldi. CO2 chiqindilarining asosiy qismi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan energetika sektori hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

 2015 yildan buyon iqlimni muhofaza qilish sohasida nimalarga erishildi?

Iqlimni asrash borasidagi harakatlar keragidan ancha sekin kechayotgan bo‘lsa-da, muayyan yo‘nalishlarda hayratlanarli natijalarga erishildi. Xususan, dunyo miqyosida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining rivojlanishi shu qadar tezlashdiki, bu hatto eng ijobiy kuzatuvchilarning taxminlaridan ham a’lo darajada bo‘ldi. Xarajatlarning kamayishi ushbu sohadagi keskin yuksalishga turtki berdi: «yashil» texnologiyalarga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar hajmi ortib bormoqda va hozirda ular qazilma energiya manbalarini qazib olishga tikilayotgan sarmoyalardan ikki baravar ko‘p.

Parij kelishuvi imzolangandan beri qayta tiklanuvchi manbalardan olinadigan energiya ulushi dunyoda uch baravardan ko‘proq oshdi. 2024 yilda qayta tiklanuvchi manbalardan energiya ishlab chiqarishda tarixdagi eng sezilarli o‘sish qayd etildi. Bugungi kunda «yashil» energiya global iste’mol hajmining 40 foizini ta’minlamoqda. 2025 yilning birinchi yarmida quyosh va shamol energetikasi ilk bor ko‘mirni ortda qoldirib, elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortishini to‘liq qopladi.

Britaniyaning «Energy and Climate Intelligence Unit» notijorat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyoda quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilayotgan energiya hajmi 2015 yildagi prognozlardan to‘rt baravar ko‘pd va bu ko‘rsatkich har uch yilda ikki baravarga ortib bormoqda.

Xitoy mazkur jabhada yetakchilik qilmoqda: o‘tgan yili u dunyoning qolgan barcha mamlakatlari jami o‘rnatganidan ko‘proq quyosh panellarini o‘rnatdi — hozirda ularning quvvati 2010 yildagiga nisbatan 1000 baravar yuqori.

O‘tgan o‘n yillikda elektromobillar sotuvi hajmi avtomobillar umumiy savdosining 1 foizidan deyarli 25 foizigacha ko‘tarildi. Parij kelishuvida belgilangan 2030 yilgacha yo‘llarga 100 millionta elektr dvigatelli transport vositasini chiqarish maqsadiga muddatidan avval erishilishi kutilmoqda.

Biroq nafaqat qayta tiklanuvchi energiya manbalari, balki eng iflos yoqilg‘i turlaridan biri bo‘lgan ko‘mir ham rekordlarni yangilamoqda. O‘tgan yili uning global iste’moli eng yuqori nuqtaga yetdi. «Yashil» energetikaga investitsiyalar ortishi bilan bir qatorda, qazilma yoqilg‘ilarni budjetdan moliyalashtirish hajmi ham ko‘payib, yiliga 1,6 trillion AQSH dollariga yetdi.

Parij kelishuvi maqsadlariga erishiladimi?

Ekspertlar iqlimni muhofaza qilishga qaratilgan hozirgi chora-tadbirlar yetarli emasligidan ogohlantirmoqda. O‘tgan o‘n yillikdagi ishlar asr oxiriga borib haroratning 2015 yilda taxmin qilingan 4 darajagacha ko‘tarilishining oldini olishga yordam bergan bo‘lsa-da, hozirgi sur’atlar saqlanib qolsa, 2100 yilga borib sayyorada global harorat 2,6 darajaga ko‘tarilishi xavfi hamon mavjud. Bunday holatda halokatli issiq kunlar soni hozirgiga qaraganda yiliga 57 taga ko‘payadi.

Iqlimni muhofaza qilish choralari samaradorligi to‘g‘risidagi oxirgi hisobotga ko‘ra, dunyo chiqindilarni kamaytirish sur’atlarini sezilarli darajada tezlashtirishi va barcha sohalardagi harakatlarni kuchaytirishi shart. Bu joriy o‘n yillikda ko‘mirdan voz kechish sur’atlarini oshirish, o‘rmonlar kesilishiga qarshi kurashni kuchaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining o‘sish sur’atlarini ikki baravar ko‘paytirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash uchun ajratiladigan global mablag‘larni yiliga qariyb 1 trillion dollarga oshirish va dunyoning eng ifloslangan shaharlarida jamoat transporti infratuzilmasini kengaytirishni nazarda tutadi.

Teglar

Mavzuga oid