Logo

Ishdan olingani aytilayotgan Energetika vaziri, Toshkent markazidagi yangi BRT yo‘lagi va Sirojiddin Odilov ustidan sud — 24-iyul dayjesti

Kecha 22:553 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Ishdan olingani aytilayotgan Energetika vaziri, Toshkent markazidagi yangi BRT yo‘lagi va Sirojiddin Odilov ustidan sud — 24-iyul dayjesti

Toshkentning Shahrisabz ko‘chasida BRT liniyasi qurilishi boshlandi

Toshkentda 24-iyuldan 9-avgustgacha Shahrisabz ko‘chasining Shahrisabz–Mirobod–Shota Rustaveli aylanma chorrahasidan Amir Temur shoh ko‘chasigacha bo‘lgan qismida BRT (Bus Rapid Transit) yo‘lagini qurish ishlari olib boriladi. Yangi yo‘lak avval barpo etilayotgan Shota Rustaveli ko‘chasidagi BRT liniyasi davomi bo‘ladi.

Qurilish davrida transport harakati to‘liq to‘xtatilmaydi — avtomobillar uchun ko‘chaning ikki chetki qatnov qismi ochiq qoladi, ishlar esa markaziy yo‘laklarda amalga oshiriladi. Shuningdek, kelgusida BRT tarmog‘ini Amir Temur shoh ko‘chasi va Yangi Sergeli ko‘chasi tomon kengaytirish ham rejalashtirilgan.

Farg‘onada noqonuniy kriptoaktivlar savdosi bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyatida noqonuniy kriptoaktivlar savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumon qilingan shaxs qo‘lga olindi. Tezkor tadbir davomida uning xonadonidan noutbuk, ikkita mobil telefon va 43 ta bank plastik kartasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, gumonlanuvchi ushbu vositalar orqali umumiy qiymati 500 ming AQSH dollariga teng USDT kriptoaktivlari bilan noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278−8-moddasi (kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov davom etmoqda.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash reytingida top 50 talikka kirdi

Numbeo platformasining Health Care Index reytingida O‘zbekiston 101 davlat orasida 49-o‘rinni egallab, 64,4 ball to‘pladi. Shu bilan mamlakat Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni qayd etdi, Toshkent esa shaharlar reytingida 65,7 ball bilan mintaqada Ostonadan keyin ikkinchi bo‘ldi. Reytingda O‘zbekiston tibbiy xizmatlar narxi, muassasalarning aholiga yaqinligi va shifokorlarning bemorlarga munosabati bo‘yicha yuqori baholangan.

Reyting foydalanuvchilarning so‘nggi 36 oydagi baholari asosida shakllantiriladi va tibbiyot xodimlari malakasi, xizmat sifati, diagnostika, xizmatlardan foydalanish imkoniyati hamda narx kabi mezonlarni qamrab oladi. Reytingda Tayvan birinchi, Janubiy Koreya ikkinchi va Yaponiya uchinchi o‘rinni egallagan. Mutaxassislar fikricha, O‘zbekistonning keyingi o‘rinlarni yaxshilashi uchun tibbiy sug‘urta qamrovini kengaytirish, raqamlashtirish va zamonaviy tibbiy infratuzilmani rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

Manba: Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov lavozimidan ozod etildi

Vaqt.uz'ning bir-biridan mustaqil ikki manbasiga ko‘ra, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov lavozimidan ozod etilgan. U mazkur lavozimda 2022 yil sentabridan buyon faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Jo‘rabek Mirzamahmudov vazir etib tayinlanishidan avval, 2020–2022 yillarda «O‘zkimyosanoat» AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan. Hozircha uning o‘rniga kim tayinlanishi yoki lavozimdan ozod etilish sabablari yuzasidan rasmiy ma’lumot berilmagan.

Bloger Sirojiddin Odilov ustidan ikkinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi

24-iyul kuni Jizzax shahar sudida bloger Sirojiddin Odilov (Sirojiddin Media)ga oid jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan oltita epizodning beshtasi o‘rganilib, jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglandi hamda ular sudya, prokuror va advokatlar tomonidan so‘roq qilindi.

Odilov tovlamachilik va firibgarlik moddalari bo‘yicha ayblanmoqda. U joriy yilning 9-mart kuni qo‘lga olingan edi. Ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 27-iyul kuniga belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid