add

Ishonchnoma orqali avtomobilni O‘zbekistondan haydab chiqish tartibi o‘zgardi

Endi egasining ruxsatisiz avtomobilni ishonchnoma orqali qo‘shni davlatlarga haydab chiqishga cheklov kiritilmoqda.

Ishonchnoma orqali avtomobilni O‘zbekistondan haydab chiqish tartibi o‘zgardi

Avtomobilni boshqarish uchun berilgan ishonchnomada transport vositasini O‘zbekiston hududidan olib chiqish huquqi mavjud yoki cheklangani alohida qayd etiladi. Bu talab hukumat tomonidan firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida joriy etildi va avtomobil egalari manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 24-dekabrdagi qarori bilan 2006 yil 7-martda qabul qilingan «Avtomototransport vositalarini sotib olish, ulardan foydalanish va ularni boshqa shaxsga berishni tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Hujjat bilan «Avtomototransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom 10-1-band bilan to‘ldirildi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, avtomototransport vositasidan foydalanish yoki uni tasarruf etish uchun berilgan har qanday ishonchnomada ishonchnoma olgan shaxsning mashinani chet davlatga olib chiqish huquqi bor yoki yo‘qligi aniq ko‘rsatilishi shart. Bu ma’lumotning mavjud emasligi ishonchnomani rasmiylashtirishga to‘sqinlik qiladi.

O‘zgarishlar so‘nggi paytlarda ishonchnoma orqali mashinalarni chet elga olib chiqib, sotib yuborish holatlari ko‘paygani fonida qabul qilindi. Ayniqsa, bunday sxemalar firibgarlarga qulay huquqiy imkoniyat yaratib bergan. Xususan, o‘tgan yil oxirida Abdulla Abdurasulov nomli shaxs tomonidan ko‘plab fuqarolar aldanib, ularga tegishli mashinalar Qozog‘iston hududiga o‘tkazilib sotilgani aniqlangan.

Avvalroq Bojxona qo‘mitasi pul evaziga 59 ta avtomobilni Tojikistonga o‘tkazgan 8 nafar shaxsni fosh qilganini ma’lum qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid