Isroilda janjal boshlandi: Italiya yahudiy elchisini chaqirtirmoqda

Bugun 20:132 daqiqa

Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ishtirokida tarqalgan video tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Isroilda janjal boshlandi: Italiya yahudiy elchisini chaqirtirmoqda © Видеодан кадр

Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir va transport vaziri Miri Regev SAXAL Harbiy-dengiz kuchlari tomonidan qo‘lga olingan «Sumud» flotiliyasining xorijlik faollari saqlanayotgan Ashdod portidagi yopiq obyektga bordi. Bu haqda Isroil OAVlari xabar berdi.

Vazirlar rasmiy kanallar orqali tarqatgan videolarda qo‘li bog‘langan, tiz cho‘ktirilgan va boshi egilgan xorijlik faollar aks etgan. Kadrlarda Itamar Ben-Gvir asir olinganlar orasida Isroil bayrog‘ini ko‘targan holda turgani ko‘rinadi.

U «Isroilga qarshi chiqqan har kim davlatning qat’iy javobini oladi» deya bayonot bergan.

Kadrlarning birida faol ayollardan biri «Falastinga ozodlik!» deya hayqirgani, shundan so‘ng qamoqxona xodimlari unga nisbatan kuch ishlatib, yerga bosib yotqizgani aks etgan.

Ben-Gvir bosh vazir Binyamin Netanyahudan qo‘lga olinganlarni uzoq muddat hibsda saqlash va hatto «terrorchilar qamoqxonalari»ga o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Hukumat ichida mojaro

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Ben-Gvirning harakatlarini keskin tanqid qildi.

Uning aytishicha, mazkur video mamlakatning xalqaro imijiga jiddiy zarar yetkazgan. Saar Ben-Gvirga qarata «siz bu sharmandali shouni uyushtirib, davlatga ongli ravishda zarar yetkazdingiz va bu birinchi marta emas», deya bayonot bergan.

Ben-Gvir esa bunga javoban hukumatda hali ham «terror tarafdorlari bilan qanday munosabatda bo‘lishni tushunmaydiganlar bor»ligini aytgan.

Italiya javob talab qildi

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ushbu tasvirlarga munosabat bildirib, Ben-Gvirning xatti-harakatini «qabul qilib bo‘lmas» deb atadi.

«Ichida ko‘plab Italiya fuqarolari bo‘lgan bu namoyishchilarga nisbatan inson qadr-qimmatini tahqirlaydigan bunday munosabatda bo‘linishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — deya ta’kidladi u.

Italiya hukumati rahbari, shuningdek, yuz bergan holat yuzasidan rasmiy tushuntirish berishi uchun Isroil elchisi TIVga chaqirtirilishini ma’lum qildi.

Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani ham sodir bo‘layotgan voqealarni «yovvoyilarcha munosabat» deb atab, rasmiy Tel-Avivdan izoh va uzr talab qildi.

Teglar

Mavzuga oid