«Istalgan joyga zarba beramiz»: Putin G‘arbga munosib javob va’da qildi
Rossiya prezidenti G‘arb davlatlarini qaroqchilik va talonchilikda aybladi.
© Videodan kadrRossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb davlatlari Rossiyaning savdo kemalarini musodara qilishga urinishiga Moskva «munosib javob» qaytarishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb mamlakatlari Rossiya kemalarining harakatini cheklash orqali xalqaro huquqni buzmoqda.
Putin bunday harakatlarni «qaroqchilik va talonchilik» deb atadi. U Rossiya hukumati bunday holat amalda boshlansa, javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini ta’kidladi.
«Agar bu holat amaliyotda qo‘llanilsa, biz ham munosib javob qaytarishga majbur bo‘lamiz. Bunda javob zarbasi aynan kemalarimizga hujum qilingan suv hududlarida berilishi shart emas», — dedi Rossiya prezidenti.
Rossiya har qanday joyga zarba berishi mumkin
Putinning aytishicha, Rossiya javob choralarini qayerda amalga oshirishni o‘zi belgilaydi. U Moskva uchun buning aniq bir hudud bilan cheklanmasligini bildirdi.
«Balkim, o‘zimiz zarur va maqbul deb hisoblagan joyda. Istalgan yerda», — dedi Putin.
NATOning Osiyodagi ishtiroki
Putin avvalroq NATOning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi ishtirokini bosqichma-bosqich kengaytirib borayotganini aytgan edi. Uning fikricha, alyansning ushbu hududda yangi qurollarni joylashtirish rejalari Rossiya xavfsizligi uchun qo‘shimcha tahdidlarni yuzaga keltirmoqda.





