
Jismoniy shaxslarga tegishli avtotransportlar soni ma’lum qilindi
O‘zbekistonda avtotransport vositalarining asosiy qismini yengil avtomobillar tashkil etadi. 2024 yilning mos davriga nisbatan avtomobillar soni 415,3 mingtaga oshgan.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1-oktabr holatiga jismoniy shaxslarga tegishli avtotransport vositalari soni 4 mln 725,9 ming donani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 415,3 mingtaga ko‘p bo‘lib, mamlakatda xususiy avtomobillashuv darajasi ortib borayotganini namoyon etmoqda.
Ro‘yxatdagi transportlarning mutlaq ko‘pchiligini yengil avtomobillar tashkil etmoqda. Ular umumiy avtoparkning 92,9 foizini yoki 4 mln 392,4 ming donasini tashkil qiladi. Mazkur o‘sish aholi daromadlari oshishi, ichki bozorda yangi va qo‘llanilgan avtomobillar taklifi kengayishi hamda transport vositalarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazishdagi qulayliklar bilan izohlanmoqda.
Yuk avtomobillari soni ham 312,7 mingtaga yetdi. Bu tovar tashish hajmlarining ortishi va kichik biznes faoliyatining kengayishi bilan bog‘liq. Mamlakat logistika sektorida yuz berayotgan faollik yuk mashinalari talabining uzluksiz o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.
Mikroavtobuslar 7,5 mingtani, maxsus texnika vositalari 7,3 mingtani, avtobuslar esa 6 mingtani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar jamoat transporti sektorida ham ma’lum darajada barqarorlik saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oktabr oyida mamlakatda barcha avtotransport vositalari savdosida faollik ortib, elektromobillar sotuvida eng tez o‘sish qayd etilganligi haqida xabar bergan edik.





