add

Kam ta’minlangan oilalarga kredit: yangi tizimmi yoki eski muammolarning davomi?

Bugun 09:433066 daqiqa

Kam ta’minlangan oilalarga kredit ajratiladigan «Oilakredit.uz» platformasi ishga tushdi. Tizim imkoniyatlarni kengaytirishi mumkin. Biroq ilgari samara bermagan loyihalar tajribasi yangi mexanizmning qay darajada ishlashini savol ostida qoldirmoqda.

Kam ta’minlangan oilalarga kredit: yangi tizimmi yoki eski muammolarning davomi?

Vazirlar Mahkamasi «Kam ta’minlangan oilalar reyestri»ga kiritilgan fuqarolar uchun yangi imtiyozli kredit tizimini joriy etdi. Endi bu toifadagi aholiga «Oilakredit.uz» yagona elektron platformaci orqali garovsiz kreditlar beriladi. Mablag‘lar kichik biznesni boshlash, ishlab chiqarish jihozlari, xususan ko‘chma do‘kon, motoroller, skuter va boshqa vositalarni xarid qilish uchun yo‘naltiriladi.

Hujjatga ko‘ra, tijorat banklariga foiz to‘lovlarini qoplash maqsadida davlat byudjetidan 250 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan. Bu mablag‘ ilgari olingan kreditlarni yopish, shuningdek, yangi loyihalarni moliyalashtirishga xizmat qilishi kerak.

Biroq bu tashabbus atrofida qator savollar paydo bo‘lmoqda. Negaki so‘nggi yillarda kam ta’minlangan aholini tadbirkorlikka jalb etish maqsadida o‘tkazilgan yuzlab dasturlar kutilgan natijani bermagan. Ajratilgan mablag‘larning katta qismi maqsadsiz ishlatilgan, ayrim hollarda esa talon-toroj qilingani haqida ma’lumotlar ham ochiqlangan.

Eng yaqqol misollar — «tovuqchilik», «chorvachilik» yoki «issiqxona» loyihalari. Qog‘ozda ular faol ishlayotgani qayd etilgan, amalda esa jihozlar nosoz holatda qolgan, hayvonlar nobud bo‘lgan yoki arzon-garovga sotib yuborilgan, ayrim hollarda esa loyihalarning o‘zi yo‘qolib ketgan. Natijada, davlat mablag‘i o‘zlashtirilgan, lekin oilalarning real farovonligi o‘zgarmagan.
Vaqt.uz platforma qanday ishlashi va undagi biznes rejalar, kambag‘al oilalarga berilgan imtiyozlar va hozirgi kambag‘allik darajasiga oid ma’lumotlarni jamladi.

«Oilakredit.uz» qanday platforma?

«Oilakredit.uz» platformasi kam ta’minlangan oilalarga imtiyozli kredit berishni soddalashtirish va ularni tadbirkorlikka jalb etish uchun yaratilgan. Platforma orqali oilalar kichik biznesni boshlash yoki jihoz xarid qilish uchun garovsiz kredit olishi mumkin. 

Aslida, bunday raqamli tartib 2022 yil 1-martdan amalda bo‘lib, Prezidentning 2021 yil 20-dekabrdagi qaroriga asoslangan. Unda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar yagona elektron platforma orqali to‘liq raqamli tarzda ajratilishi belgilangan.

Tizimning ishlash bosqichi:

  1. Kredit arizasi topshirish — fuqaro arizani mustaqil ravishda yoki o‘z mahallasiga biriktirilgan hokim yordamchisi ko‘magida masofadan topshiradi;

  2. Arizalarni baholash — yagona elektron platforma orqali arizalar scoring tizimi asosida avtomatik tarzda ko‘rib chiqiladi va natijaga qarab kredit ajratiladi;

  3. «Smart Market» tizimi orqali xarid — ajratilgan kredit mablag‘lari hisobiga tovar yoki xizmatlarni erkin bozor tamoyillari asosida «Smart Market» tizimi orqali sotib olish yoki sotish mumkin;

  4. Ta’minotchilar takliflari — mahsulot va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘z takliflarini «Smart Market» tizimida erkin joylashtiradilar;

  5. Baholash va reyting — foydalanuvchilar ko‘rsatilgan xizmatlarni baholaydilar, natijada ta’minotchilarning reytingi avtomatik shakllanadi;

  6. Monitoring — ta’minotchilar o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarishlarini tuman oilaviy tadbirkorlik markazlari muntazam nazorat qiladi;

  7. Hisobot va to‘lov — hokim yordamchisi mahsulot yoki xizmat haqiqatan yetkazib berilganini fotohisobot shaklida elektron dalolatnoma bilan tasdiqlaydi;

  8. To‘lovni amalga oshirish — dalolatnoma tasdiqlangandan so‘ng, uch bank ish kuni ichida mahsulot yetkazib beruvchiga pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘lov amalga oshiriladi.

Qanday bizneslar uchun mablag‘ ajratiladi?

«Oilakredit.uz» platformasida turli yo‘nalishdagi 210 ga yaqin tayyor biznes rejalar joylashtirilgan. Ularda kredit miqdori, kutilgan daromad va foyda taqsimoti, shuningdek, kreditni qaytarish jadvali haqida batafsil ma’lumot keltirilgan. 

oila kredit 01

Tavsiyaviy yo‘nalishlarning asosiy qismi qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarishga oid sohalarni qamrab oladi — jumladan, quyonchilik, parrandachilik, uzumchilik, baliqchilik va mayda ishlab chiqarish turlari.

oila kredit 02

Qarorga ko‘ra, uzoq muddatli ijarada yer maydoniga ega dehqon xo‘jaliklari va kichik tadbirkorlik sub’ektlariga 50 million so‘mgacha, mikrofirma yoki kichik korxona tashkil etgan shaxslarga esa 300 million so‘mgacha kredit ajratiladi. Imtiyozli kreditlarning yillik foiz stavkasi 14 foiz etib belgilangan. 

Kreditlar 3 yillik muddatga, 3 oydan 6 oygacha imtiyozli davr bilan taqdim etiladi. Uni 18 yoshdan katta fuqarolar «Agrobank», «Mikrokreditbank» va «Xalq banki» orqali olishlari mumkin.

Umuman olganda, platforma texnik jihatdan talablarga javob beradigan shaklda tashkil etilgan bo‘lsa-da, tizimning haqiqiy natija berish-bermasligi ochiq savol bo‘lib qolmoqda. Chunki ilgari ham o‘xshash dasturlar turli nomlar ostida joriy etilgan, ammo amalda ularning ko‘pchiligi kutilgan natijani bermagan. Shakl o‘zgargani bilan mohiyat saqlanib qolgandek go‘yo.

Kambag‘al oilalarga qanday imtiyozlar bor?

Davlat tomonidan kambag‘al oilalar uchun maxsus kreditlar, subsidiyalar va turli imtiyozlar taqdim etiladi. Xususan, yuqorida ta’kidlanganidek, «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida ustama haqi to‘lash sharti bilan kredit ajratiladi. Bunda: 

  • 15 mln so‘mgacha bo‘lgan 1 ta noutbuk sotib olish uchun 5 yilgacha muddatga, 2 yil imtiyozli davr bilan;

  • tadbirkorlikni boshlash uchun qiymati 30 mln so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalarni sotib olish uchun 5 yilgacha muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan kredit beriladi.

Bundan tashqari, «2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida «Davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari ishtirokida kasb-hunar va chet tillarini o‘qitishning vaucher tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilingan. Ya’ni ishsiz aholi va «Kambag‘al oilalar reyestri»ga kiritilgan oilalardagi ishsizlarni kasb-hunar hamda xorijiy tillarga o‘qitish xarajatlari uchun vaucher tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

2025 yil 1-aprelidan kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar texnogen hodisalar oqibatida zarar ko‘rgan bo‘lsa, uy-joyini tiklash uchun davlat yordami ko‘rsatilgan.

2025 yil 15-maydan «Kambag‘al oilalar reyestri»ga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi mavjud oilalar «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratila boshladi va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ularning toifasiga qarab ko‘rsatildi.

2025 yil 1-yanvardan kambag‘al oilalar farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilindi.

2025–2026 o‘quv yillaridan boshlab, kambag‘al oilalar farzandlarining davlat OTM talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlari davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi belgilandi.

Shuningdek, kambag‘allikka qayta tushish xavfi bor oilalar uchun ayrim ijtimoiy yordamlar saqlab qolinishi ma’lum qilingan. Ularga 6 oy mobaynida moddiy yordam va bolalar nafaqasini to‘lash davom ettiriladi, bog‘cha va to‘garak xarajatlarini qoplash, davolanish orderi kabi 110 ta ijtimoiy xizmatdan 12 oy davomida qo‘shimcha foydalanish imkoni beriladi.

«Hamma eshitib olsin, bundan buyon daromad topish imkoniyati cheklangan va nogironligi bor shaxslar kambag‘allar reyestrida bo‘lmaydi. Ularni qo‘llab-quvvatlashni davlat zimmasiga oladi», — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan «Kambag‘allar uchun ish o‘rinlari» dasturi ham ishga tushirilgan. Dastur doirasida iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha milliy ishchi guruh tuziladi va 2 yillik harakatlar rejasi ishlab chiqiladi.

O‘zbekistonda kambag‘allik ko‘rsatkichi qayerda qanday?

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 2025 yil yakunigacha 8,9 foizdan 6 foizga tushirilishi kutilmoqda. Kelgusi yilda bu ko‘rsatkichni 4,5 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.

29-oktabr kuni prezident huzuridagi taqdimotda mamlakatda kambag‘allik darajasi 2021 yildagi 17 foizdan 6,8 foizga kamaygani ma’lum qilindi. Shuningdek, kam ta’minlangan sifatida nafaqa oluvchi oilalar ulushi 14 foizdan 6,1 foizga tushgani aytildi.

7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarilib, 2024 yilda kambag‘allik darajasi 8,9 foizga tushirilgan. Prezident ta’kidlashicha, bunday natijaga erishishda so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti 2 barobar o‘sgani va yil yakuni bilan jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi muhim omil bo‘lgan.

oila kredit 03

Gazeta.uz’da e’lon qilingan tahliliy maqolaga ko‘ra, hududlar kesimida kambag‘allik darajasi sezilarli farq qiladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xorazm, Jizzax, Sirdaryo va Qoraqalpog‘iston Respublikasida kambag‘allik darajasi mamlakatning o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha yuqori. Ammo Navoiy viloyati, Toshkent shahri va Samarqand viloyati bu ko‘rsatkichni past darajada saqlab turishga erishgan.

Kambag‘allikda yashovchi aholining mutlaq soniga nazar tashlasak, boshqacha manzara namoyon bo‘ladi: eng ko‘p kambag‘al aholi Farg‘ona (350 ming kishi), Qashqadaryo (341 ming), Andijon (323 ming) va Samarqand (317 ming) viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Bu hududlarda aholi soni yuqori bo‘lgani sababli, nisbatan past kambag‘allik darajasi ham kambag‘allar sonining ko‘payishiga olib keladi. ​​O‘tgan 3 yil ichida Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi kambag‘allik darajasini 10 foizdan ko‘proqqa qisqartirgan.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 17

Barchasi

Mavzuga oid