
Kambag‘al oilalarga beriladigan nafaqalar oila a’zolarini ishga joylashtirish bilan bog‘lanadi
Endi kambag‘al oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam mehnatga layoqatli a’zolar 6 oy ichida rasmiy ishga joylashgan taqdirda beriladi.

O‘zbekistonda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi tubdan yangilanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni imzolagan farmonga muvofiq, muhtoj aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ularning ijtimoiy-iqtisodiy holati va mehnat faolligi bilan bog‘lanadi.
Yangi tizimga ko‘ra, davlat ta’minotidagi, kambag‘al va kambag‘allik chegarasidagi oilalarni aniqlash va hisobga olish mexanizmi takomillashtiriladi. 2026 yil 1-fevraldan Yagona ijtimoiy himoya reyestri hamda Kambag‘al oilalar reyestri negizida yagona Ijtimoiy reyestr ishga tushiriladi.
Davlat ta’minotidagi oilalar qatoriga mehnatga layoqatsiz yoki imkoniyati cheklangan a’zolari bor, har bir a’zo hisobiga o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan past bo‘lgan xo‘jaliklar kiradi. Agar daromad minimal me’yordan past bo‘lsa, ammo barcha a’zolar mehnat qilish imkoniga ega bo‘lsa, bunday oilalar kambag‘al deb topiladi.
Kambag‘al oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam mehnatga layoqatli a’zolar 6 oy ichida rasmiy ishga joylashgan taqdirda beriladi. Belgilangan muddatda ish bilan ta’minlanmasa, to‘lovlar to‘xtatiladi.
Kambag‘allik chegarasidagi oilalar 6 oy davomida kamaytirilgan miqdorda nafaqa va moddiy yordam oladi. To‘lov miqdori oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadga bog‘liq bo‘ladi:
1 minimal iste’mol xarajatlaridan 1,25 minimal iste’mol xarajatlarigacha (669 000 — 836 250 so‘m) — belgilangan miqdorning 75 foizi;
1,25 minimal iste’mol xarajatlaridan 1,5 minimal iste’mol xarajatlarigacha (836 250 — 1 003 500 so‘m) — belgilangan miqdorning 50 foizi.
Shu bilan birga, davlat ta’minotidagi oilalarga daromad manbalarini yaratish choralari ham ko‘rilmoqda. Ularga quyosh panellari o‘rnatish uchun subsidiya, shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida ko‘chma oshxona, issiqxona yoki boshqa faoliyat turlari uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.





