add

Kemeron yangi «Terminator» uchun ssenariy yozayotganini aytdi

Bugun 08:582052 daqiqa

Jeyms Kemeron 40 yil avval yaratgan «Terminator» franshizasiga qaytmoqda, ammo texnologiyalar shiddati tufayli ilg‘or fantastika yozish tobora qiyinlashayotganini tan oldi.

Kemeron yangi «Terminator» uchun ssenariy yozayotganini aytdi

Dunyo kinosida ilg‘or fantastikaning simvoliga aylangan Jeyms Kemeron yangi «Terminator» filmi uchun ssenariy yozayotganini ma’lum qildi. Rejissyorning aytishicha, g‘oyalar ko‘p, lekin muammo — texnologiyalar sur’ati fantastikadan ham tez rivojlanmoqda. U bu haqda Gizmodo nashriga bergan intervyusida so‘zlagan.

Kemeronning aytishicha, u ssenariy uchun «yozuvlar to‘plami»ni tayyorlab ulgurgan, ammo ish sekin ketmoqda.

«Ilmiy-fantastika bizga yetdi va hatto bizni lol qoldirmoqda. Biz ilgari faqat kitob va filmlarda uchraydigan muammolarni endi hayotda ko‘ryapmiz», — dedi u.

Rejissyor 1984 yilgi o‘z muvaffaqiyatini takrorlash bugun imkonsizga yaqin ekanini tan oldi. U vaqtda u SIning qudrati va insonga tahdidini ekranga ilk olib chiqqan edi. «Hech kim bir-ikki yildan keyin nima bo‘lishini bilmaydi. Men kamida biroz oldinga qarab, o‘zimni xatarlardan himoya qilmoqchiman», — dedi Kemeron.

Rejissyor hozirda «Avatar: O‘t va kul » filmining marketing kampaniyasi bilan band bo‘lib, shu ish tugagach, yangi «Terminator» ssenariyiga to‘liq kirishishini aytdi.

U SI haqida o‘z xavotirlarini ham yashirmadi. «Generativ SI aktyor yarata oladi, o‘yin yarata oladi. Bu meni qo‘rqitadi. Bu — aynan biz qilmasligimiz kerak bo‘lgan narsa», — dedi Kemeron.

Uning fikricha, SI o‘z-o‘zidan haqiqiy yangilik yarata olmaydi: «Modellar faqat ilgari yaratilgan asarlarga tayanadi. Ularda insonning betakror tajribasi, ssenariychining o‘ziga xosligi yoki aktyorning individualligi bo‘lmaydi», degan u.

Shu bilan Kemeron bir tarafdan yangi qismga qiziqish uyg‘otsa, boshqa tarafdan texnologiyalar inson ijodiga bo‘lgan ta’siri haqida jiddiy savollar qo‘ydi.

Teglar

Mavzuga oid