add

Kim Yo Jon: «Seulning aloqalarni tiklash haqidagi xomxayollari amalga oshmaydi»

Bugun 15:402 daqiqa

Kim Chen Inning singlisi Janubiy Koreyaning Shimol bilan aloqalarni yaxshilash haqidagi «xomxayollari» «hech qachon amalga oshmasligini» aytdi.

Kim Yo Jon: «Seulning aloqalarni tiklash haqidagi xomxayollari amalga oshmaydi»

Shimoliy Koreya yetakchisining singlisi Kim Yo Jon Seulning ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash borasidagi intilishlarini «xomxayol» deb atab, Pxenyan muloqot uchun hech qanday imkoniyat qoldirmaganini aytdi.

Shimoliy Koreya Mehnat partiyasining yuqori lavozimli vakili Kim Yo Jon Janubiy Koreya hukumatining ikki mamlakat o‘rtasida aloqalar qayta tiklanishi mumkinligi haqidagi taxminlarini qat’iy inkor etdi. Bu haqda «Al-Jazeera» yozmoqda.

Kim Yo Jonning ta’kidlashicha, Seul tomonidan chegara orqali dronlar yuborilishi Shimol suverenitetiga nisbatan jiddiy provokatsiya hisoblanadi. Shu bois, Pxenyan Janub bilan har qanday shakldagi diplomatik aloqalarni davom ettirish niyatida emas va Seulning tinchlik haqidagi bayonotlarini asossiz deb hisoblaydi.

«Seulning «munosabatlarni tiklash» deb ataladigan turli xil umidlarga to‘la xomxayollariga kelsak, ularning hech biri hech qachon amalga oshmaydi», - degan u.

Yaqin kunlarda sodir bo‘lgan dronlar bilan bog‘liq hodisa ikki Koreya o‘rtasidagi keskinlikni yanada avj oldirdi. Shimoliy Koreya davlat OAVlari chegara yaqinida urib tushirilgan uchuvchisiz uchish apparatlari qoldiqlarini namoyish etib, buni Janubning navbatdagi tajovuzi sifatida talqin qildi.

O‘z navbatida, Seul rasmiylari mazkur dronlar harbiylarga tegishli emasligini, ular tinch aholi yoki faollar tomonidan uchirilgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan bo‘lsa-da, Pxenyan bu vajlarni qabul qilmadi.

Janubiy Koreyaning Birlashish vazirligi Shimolning oldingi bayonotlarida muloqotga moyillik alomatlari borligini taxmin qilgan edi. Biroq Kim Yo Jon chorshanba kuni e’lon qilingan chiqishida Seulning bunday yondashuvini «ayanchli» deb atab, munosabatlarning hozirgi holati hech qachon o‘zgarmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, Janubiy Koreya rahbariyatining xorijiy davlatlar, xususan, Yaponiya bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirayotgani mintaqadagi tinchlikka rahna soladigan omildir.

Shuningdek, Kim Yo Jon Janubiy Koreya Prezidenti Li Je Myon va Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi o‘rtasidagi uchrashuvni keskin tanqid ostiga oldi. U Seulning AQSH va Tokio bilan uch tomonlama xavfsizlik aloqalarini mustahkamlashini Shimoliy Koreyaga qarshi qaratilgan «yalinib-yolvorish diplomatiyasi» deb baholadi.

«Ijrochi rahbar xorijda o‘zining yalinib-yolvorish diplomatiyasi bilan juda band, rasmiylar esa xomxayolga berilib, go‘yoki xayrixohlik ko‘rsatayotgandek ko‘rinishga astoydil harakat qilmoqdalar. Ammo munosabatlarning hozirgi holati hech qachon o‘zgarishi mumkin emas», - degan Kim Yo Jon.

Teglar

Mavzuga oid