add

Kongo DR o‘rniga Nigeriya JCH-2026ga yo‘l olishi mumkin: FIFA surishtiruv boshlamoqda

16.12.2025 | 21:599322 daqiqa

Kongo Demokratik Respublikasi safida futbolchilar qoidalarga zid tarzda o‘ynagani haqidagi iddaolar tasdiqlansa, Nigeriya milliy jamoasining JCH-2026ga chiqish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.

Kongo DR o‘rniga Nigeriya JCH-2026ga yo‘l olishi mumkin: FIFA surishtiruv boshlamoqda

2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati Afrika saralash bosqichi pley-off finali atrofida jiddiy mojaro yuzaga keldi. Penaltilar seriyasida Nigeriyani mag‘lub etgan Kongo Demokratik Respublikasi (Kongo DR) qoidalarga zid ravishda futbolchilarni maydonga tushirgan bo‘lishi mumkin.

Afrika OAVlarida tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Kongo DR Nigeriyaga qarshi final bahsida o‘ynash huquqiga ega bo‘lmagan kamida 9 nafar futbolchini maydonga tushirgan. Mazkur iddaolar asosida FIFA tomonidan rasmiy surishtiruv boshlanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, pley-off finalida asosiy vaqt va qo‘shimcha daqiqalar 1:1 hisobida yakunlangan, penaltilar seriyasida esa Kongo DR 4:3 hisobida g‘alaba qozongan edi. Shu tariqa Nigeriya terma jamoasi jahon chempionati yo‘llanmasidan mahrum bo‘lgan.

Kongo DR esa 2026 yil martida Yamayka–Yangi Kaledoniya juftligi g‘olibi bilan pley off bahsida maydonga chiqadi va agar g‘alaba qozonsa, Portugaliya, Kolumbiya va O‘zbekiston o‘rin olgan «K» guruhiga borib tushadi.

Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, Kongo DR safida o‘ynagan 6 nafar futbolchi fuqarolikni o‘zgartirish bilan bog‘liq talablarni to‘liq bajarmagan. Aytilishicha, Kongo DR qo‘shfuqarolikni tan olmaydi, ushbu futbolchilar esa avvalgi fuqaroligidan rasman voz kechmagan.

Shuningdek, ayrim futbolchilar 21 yoshdan oshgan bo‘lishiga qaramay, boshqa davlatlarga tegishli pasportlar bilan maydonga tushgani haqida iddaolar mavjud. Bu esa FIFA reglamentlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri zid hisoblanadi.

SCORE Nigeria manbasiga ko‘ra, Nigeriya tomonidan kiritilgan shikoyat avvalgi yillarda Janubiy Afrika–Lesoto o‘yini bo‘yicha qabul qilingan jazolardan ham kuchli huquqiy asosga ega. Manbalarning ta’kidlashicha, agar qit’alararo pley-off o‘yinlari hali o‘tkazilmagan bo‘lsa, Nigeriya uchun hali ham real imkoniyat saqlanib qolmoqda.

Agar FIFA iddaolarni tasdiqlasa, o‘yin natijasi bekor qilinishi yoki Kongo DR texnik mag‘lubiyatga uchratilgan holda, Nigeriya terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid