Korrupsiya bo‘yicha javobgarlikka tortilgan hokim yordamchilari soni ma’lum qilindi
Hokim yordamchilarining korrupsiya holatlari bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Marat Jo‘rayev aytgan raqamlardan qariyb 20 barobar ko‘p ekani ma’lum bo‘ldi.

2025 yilda O‘zbekistonda 153 ta jinoyat ishi doirasida jami 252 nafar hokim yordamchisi korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Oliy sud ma’lumotlariga tayanib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Qo‘llanilgan jazolar
Ma’lumotlarga ko‘ra, sudlar tomonidan aybdor deb topilgan hokim yordamchilariga turli jazo choralari qo‘llanilgan. Jumladan, 37 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etilgan. Shuningdek, 38 nafarga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, eng ko‘p holatlarda aybdorlarga axloq tuzatish ishlari jazosi qo‘llanilgan. Ushbu chora 160 nafar hokim yordamchisiga nisbatan belgilangan. Yana 12 nafarga jarima jazosi tayinlangani aytildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yana 5 nafar shaxsga boshqa turdagi jazo choralari qo‘llanilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlar bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
Yolg‘on axborot tarqatgan vazirlik
Avvalroq Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayev 2025 yilda hokim yordamchilari bilan bog‘liq 8 ta korrupsion holat haqida internetda tarqalgan ma’lumotlarga izoh bergan edi. Uning ta’kidlashicha, hokim yordamchilari korrupsiya holatlari bo‘yicha Antikorrupsiya agentligi reytingida hatto Top-10 ro‘yxatiga ham kirmaydi.
Marat Jo‘rayev aytgan raqamlarga shubha bildirgan Vaqt.uz muxbiriga javoban u o‘zidagi ma’lumotlar aniq ekanligini ta’kidlagan.
Shuningdek, Jo‘rayevning aytishicha, 2026 yil fevral oyidan hokim yordamchisi lavozimiga nomzodlar korrupsiyaga qarshi kurashish barqarorlik darajasini baholash uchun test sinovlari o‘tkazilmoqda.
«Test natijasiga qarab, keyin lavozimga tasdiqlanadi. Bu tajribani fevralda boshlagan bo‘lsak, shu vaqt ichida 170 nafar nomzod test topshirdi. Agar ular testni topshira olmasa, qayta o‘qitishga yuboriladi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi rahbar xodimlarni baholash markazi bilan birgalikda amalga oshirilyapti. Nomzodlar testni topshirmaguncha bu lavozimga tayinlanmaydi», — dedi u.





